Breaking News

Sibir suvlarini Markaziy Osiyoga burish loyihasi yana muhokamada


Sharhlovchilar fikricha, suv taqchilligi yarashtiruvchi omil bo’lishi ham mumkin. Yaqinda Moskva meri Yuriy Lujkov Markaziy Osiyoga Sibir suvlarini sotish haqidagi loyihani muhokama qilishga chaqirdi.

Bir necha o'n yil avval taklif qilingan loyiha hozirgacha turli munozaralarga sabab bo`lib keladi. O`zbekistonlik mutaxassislar Sibir loyihasidan ko`ra mintaqa suvidan tejamli foydalanishni yo`lga qo`ygan ma’qul deydi.

Sankt-Peterburgda o`tgan xalqaro biznes forumda Yuriy Lujkov Sibir daryolari suvining bir qismini Rossiya janubiga burish, bir qismini Markaziy Osiyoga sotish haqida taklifni yana ko`tardi.

Yuriy Lujkov taxminicha, Rossiya har yili 20 ming kubometr suvni sotishi va kanal qazish uchun ketgan xarajatlarni 3-4 yil ichida qoplashi mumkin.

Moskva merining bu taklifi Rossiyada ham muhokamaga sabab bo`ldi. Sibir suvlarini janubga burish Rossiyada ekologik vaziyatga keskin ta`sir qilishi mumkin deydi ayrimlar.

Bu loyiha Qozog’iston, Turkmaniston va O`zbekistonga suv yetkazishni ham nazarda tutadi. Lujkov mazkur taklifni ilgari surar ekan, O`zbekistonda paxta hosildorligi yil-sayin kamayib borayotganini misol qilib keltirgan.

O`zbekistonlik mutaxassislarning Sibir loyihasiga munosabati ham turlicha.

“Ekosan” jamg`armasi raisi Yusuf Shodimetov so’zlariga ko`ra, Sibirdagi daryosi suvlari mintaqa uchun foydadan holi emas, katta xarajatlar talab qiluvchi bu loyiha xalqaro miqyosda o`rganilishi va uning ijrosi uchun homiylar topilishi kerak.

“Ekoservis” nodavlat tashkiloti rahbari Rustam Rajabovning aytishicha, Sibir loyihasi bugun aktual emas, e’tiborni ko’proq mintaqa zaxiralariga qaratish kerak.

“30-40 yildan keyin balki, Sibir daryolari haqida gapirish mumkindir. O`shanda ham ichimlik suvi darajasida. Bu hozir iqtisodiy tarafdan ham to’g’ri kelmaydi. Hozir hosildorlik past, bir kubometr suvdan qancha mahsulot olamiz, bir gektardan qancha... Rivojlangan davlatlarda bu ko`rsatkich yuqori, hozir bizda ana shu ko`rsatkichlarga yetish imkoniyati bor. Suvni tejash va hosildorlikni ko`tarish, bu yerda boshqa muammo yo`q. Markaziy Osiyo xalqlari birgalikda shu yo`nalishda harakat qilish kerak. Birgalikda energetika masalasini ham hal qilish mumkin, hozir yangi texnologiyalar bor, hozirgacha bo`lgan xatolarni yo`qotib ana shu yangi texnoligiyalarni qo`llash kerak, birgalikda”, - deydi Rajabov.

Gidromelioratsiya bo`yicha tadqiqot o`tkazgan olimlardan biri Tohir Majitov Sibir daryolarini burish rejasiga mutlaqo qashi ekanini bildiradi.

“Har kim yordam ko`rsatishni bahona qilib, o’z manfaatlarini ko`zda tutadi. Men bu kanallar qazilishiga qarshiman, qazilgan taqdirda va ishga tushirilganda ham, ertaga yopib qo`yilsa, nima qilmiz. Bu siyosiy kanal bo`ladi”, - deydi olim.

O`zbekistonda bu yil suv taqchilligi kuzatildi, bu ayniqsa qishloq xo`jaligi hosildorligiga keskin ta`sir o`tkazgan. Ma`lumotlarga ko`ra, Sirdaryodagi suv sathi keskin pastga tushgan, suv omborlarida suv kam, dehqonlar suv taqchilligidan aziyat chekmoqda.

Tadqiqotchi Rustam Razzoqov so’zlariga ko`ra, bu yilgi suv taqchilligini global iqlim o`zgarishi asoratlariga yo`yish qiyin, mintaqada hamisha ham iqlim o`zgarib turgan.

“Bizda keyingi yuz yilda juda ko`p suv taqchilligi kuzatilgan, bunda global iqlim isishining tasiri kam, bizning hisobimizga ko`ra. 100 yil avval iyunning boshida harorat 40 darajaga ko`tarilgani qayd qilingan, demak mintaqadagi iqlim unchalik o`zgarmagan. Kelajakda umumiy jarayonning ta`siri ham kuzatilishi mumkin, lekin hozirgi zamonaviy texnologiyalar bilan buni oldini olish mumkin. Misol tariqasida Janubiy Afrika, Amerikani qarash mumkin”, - deydi Razzoqov.

Tadqiqotchi fikriga ko`ra, suv taqchilligi muammosi qishloq xo’jaligi ekinlariga bo`lgan munosabatni ham qayta ko`rib chiqishni nazarda tutadi.

Ayrim mutaxasislar nazarida yaqin 20 yilda mintaqada suv taqchilligi keskin bilinadi, mintaqadagi muzliklarda erish jarayoni tezlashgan. Hozirdanoq tayyorgarlik ishlar ko`rilishi lozim.

XS
SM
MD
LG