Breaking News

BMT Bosh kotibi Markaziy Osiyoga safar qilmoqda


BMT rahbari Markaziy Osiyoga safari davomida mintaqa davlatlarini birdamlikka va huquqni e'zozlashga chaqirishni maqsad qilgan.

Pan Gi Mun Toshkentda O’zbekiston va BMT orasidagi munosabatlar, xususan inson huquqlari masalasidagi kelishmovchiliklar haqida gaplashishi kutilmoqda.

BMT Bosh kotibi avval Turkmanistonda bo'ladi, keyin Tojikiston va Qirg’izistonda muzokara o’tkazib, 5 aprelda O’zbekistonga tashrif buyuradi.

Gaplashib oladigan masalalar talay

O’zbekiston va BMT munosabatlarida muammolar ko’p, biroq Pan Gi Mun tashrifidagi muhokamalar markazida so’nggi paytda mintaqada yuzaga kelgan ziddiyatlar bo’lishi ta’kidlanmoqda.

“Tashrif mana shunday sharoitda amalga oshmoqda. Suv taqsimoti, daryo suvlari, GES qurilishlari bo’yicha tushunmovchiliklar bo’lib, keskin vaziyat paydo bo’lgan. BMTga Tojikiston ham, O’zbekiston ham murojaat qilgan. Bu hammasi BMT hujjatlarida yig’ilib kelgan. Shuning uchun ham tashrif davomida bu masala jiddiy muhokamadan o’tadi”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov.

O’zbekiston BMTga 1992 yildan beri a’zo. Hozirgacha BMT bilan aloqalar, ayniqsa xalqaro miqyosdagi masalalarda bir qadar samarali kechgan. O’zbekiston prezidenti BMT minbaridan unumli foydalangan, deydi tahlilchilar.

“A’zo bo’lgandan bir yil o’tib, O’zbekiston prezidenti BMT minbaridan Afg’onistondagi vaziyatga xalqaro jamoatchilik e’tiborini qaratgan edi. Keyinchalik O’zbekiston tashabbusi quvvatlanib, aksil-terror bo’limi ham ochilgan. Hatto BMT Bosh kotibi O’zbekiston prezidentiga xat yozib, Islom Karimov fikrini qo’llab-quvvatlashini ma’lum qilgan”, - deydi Farxod Tolipov.

O'zbekiston olg'a surayotgan tashabbuslar

O’zbekiston bevosita BMT nazoratida amalga oshishi zarur bo’lgan qator tashabbuslar bilan chiqqan. Mintaqada qurilayotgan yirik GES-lar, Afg’onistonda tinchlik o’rnatish bo’yicha 6+3 muloqot guruhini tashkil etish shular jumlasidan.

O’zbekiston Orol dengizi fojeasi oqibatlari va ekologik vaziyatni yumshatishda BMT homiyligiga umid bilan qaraydi. Bu borada BMT ishtiroki va dasturlari kengayishi lozimligini ta’kidlab keladi.

BMTning Taraqqiyot dasturi (UNDP), UNICEF (Bolalar Jamg’armasi) va UNESCO (Ta’lim, Ilm-Fan va Madaniyat bo’yicha agentlik) O’zbekiston hukumati bilan yaqin hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirib keladi.

Taraqqiyot dasturi O’zbekistonda iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish bo’yicha turli tavsiya va maslahatlar orqali ko’mak ko’rsatishni maqsad qiladi. UNESCO qator tarixiy obidalarni umumjahon madaniy yodgorliklar royxatiga kiritgan. Ularni ta’mirlash, asrab avaylash ishlariga yordam ko’rsatadi. UNICEF bolalar huquqlari, ta’lim sohasida hamkorlik olib bormoqda.

BMT huquq ahvoli bo'yicha mujmal pozitsiyada

“Ming afsuski, BMT, UNICEF va boshqa xalqaro tashkilotlarni O’zbekistondagi ta’sir doirasi ayniqsa Andijon fojealaridan keyin juda susayib ketdi. UNICEF bolalar huquqlari bilan shug’ullanuvchi qo’mita, afsuski, uning kuchsizligidanmi, qudratli davlatlar ta’siriga tushganidanmi, bu bolalar huquqlaridan ustun kelayotganini kuzatyapmiz. Bu juda achinarli holat”, - deydi O’zbekiston inson huquqlari jamiyati faoli Baxtiyor Hamroyev.

Ozbekiston hukumati UNICEF, UNESCO vakolatxonasi rahbarlarini samarali hamkorlik uchun davlat ordenlari bilan taqdirlagan. Islom Karimov ham UNESCO mukofoti sohibi. Prezidentning qizlari BMT doirasidagi faoliyatga jalb qilingan. Kichik qizi Lola Karimova Parijda joylashgan UNESCOda doimiy vakil. Katta qizi Gulnora Karimova esa BMTning Jenevada asoslangan tizimlarida elchi.

O’zbekiston BMT doirasida inson huquqlariga doir 70 ga yaqin hujjatlarni imzolagan bo’lib, xalqaro me’yorlar mamlakatda qanday bajarilayotgani haqida hisobot berib boradi. Mamlakatda bu boradagi vaziyat og’ir qolayotgani haqidagi xulosalar odatda e’tirozlar bilan kutib olinadi.

“Masalan YXHT (Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti) biron narsaga urinsa, deylik bir siyosiy mahbusni ozodlikka chiqarishga harakat qilsa, bunga erishishi mumkin. Lekin BMT bu borada bir natijaga erishganini biz ko’rmadik. BMT katta davlatlar siyosati qurboniga aylanayapti, chunki o’tgan yili O’zbekiston hukumatining inson huquqlari bo’yicha davriy hisobotini qabul qilishi juda ayanchli taassurot qoldirdi”, - deydi “Ezgulik” jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov.

O’zbekiston delegatsiyasining siyosiy va fuqaro huquqlari xalqaro pakti bo’yicha yaqinda BMTda bergan hisoboti ham keskin munozara ostida o’tgan. Mamlakatda bolalar mehnatidan foydalanish, diniy cheklovlar va qiynoqlar qo’llanishi davom etayotgani sir emas. BMT tomonidan hozirgacha bu borada aniq qat’iy bir pozitsiya bildirilmagan.

BMT Bosh kotibining O’zbekistonga tashrifi mobaynida inson huquqlari masalasiga atroflicha to’xtashi shubha ostida.

“Tashrif kelishilgan mavzular bo’yicha o’tadi, ya'ni Rog’un masalasidagi ziddiyatlar, xalqaro aksil-terror koalitsiyasining mintaqada yangi yo’l ochishi nazaridan kelayapti. Pan Gi Mun tashrifi vaziyatda amaliy o’zgarishlar qilishiga ishonmayman. BMT inson huquqlari bo’yicha mujmal, amaliy ta’sirga ega bo’lmagan pozitsiyada qolmoqda”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

A'zo davlatlarga tishi o'tmaydigan tashkilot isloh qilinishi kerak

“BMT nizomlarida a’zo davlatlar inson huquqlarini ta’minlashga majburligi zikr etilgan. Hozir kun tartibiga masala talab qilish shaklida emas, yordam ko’rsatish shaklida qo’yilmoqda. Bu borada hamkorliklar davom etishi oxir-oqibat demokratik jamiyat rivojlanishiga xizmat qiladi. BMT uchun ham bu o’rinli tajriba”, - deydi Farxod Tolipov.

O'zbekiston va BMT asosan xavfsizlikni ta’minlash, ommaviy qirg’in qurollarini tarqatmaslik, Afg’onistondagi ahvol, ekologiya va iqtisodiy taraqqiyot borasida ishlab keladi.

Lekin jamoatchilik nazarida BMTning O’zbekistondagi faoliyati juda sust, asosan rasmiyatchilikdan iborat. Ayniqsa, erkinlik va oshkoralikni targ'ib qilishda.

“Biz BMTga qancha tavsiyalar berganmiz, lekin bu tavsiyalarni birontasi BMT yig’ilishida o’z ifodasini topmagan. BMT isloh qilinishi kerak. Chunki bu tashkilot a’zo davlatlarga ta’sir ko’rsatish kuchini yo'qotgan”, - deydi Baxtiyor Hamroyev.

"Ishoning, bizda qiynoqlar yo'q"

Qiynoqlar muammosi O’zbekiston-BMT munosabatlarida alohida o’rin tutadi. Tashkilotning Qiynoqlar bo’yicha maxsus vakili Teo Van Boven 2002 yilda O’zbekistonda bo’lib, mamlakatda qiynoqlar doimiy qo’llanishi haqida xulosa qilgan edi. Lekin muammoni bartaraf etish uchun O’zbekiston hukumatiga bergan tavsiyalari hamon bajarilmagan.

“Qiynoqlar faqat shu Teo Van Boven kelgan paytda jiddiy bir muhokamaga chiqqan edi. Umuman BMTni qiynoqlarga qarshi qo’mitasi bor. O’zbekiston hukumati bu qo’mitaga vaziyat bo’yicha hisobot berib turishi kerak. Ular bu hisobotni odatda vaziyatdan xabari bo’lgan huquq himoyachilariga yuborishadi. Men avval qiynoqlar haqida shunday hisobot tayyorlagan edim, hozir nazarimda bunday qilinmayapti”, - deydi huquq himoyachisi Surat Ikromov.

Qiynoqlar muammosi yaqinda BMT Inson Huquqlari kengashi majlislarida ham ko’tarilganida O’zbekiston delegatsiyasi BMT e’tirozlarini inkor etgan.

Shu bilan bir qatorda rasmiy Toshkent BMTning Qiynoqlar bo’yicha amaldagi vakili Manfred Novakni mamlakatga kirishiga ruxsat bermay keladi. Manfred Novak “Amerika Ovozi”ga bergan suhbatida O’zbekiston hukumati faqat va’dalar berish bilan cheklanayotganini ta’kidlab o’tgan.

“O’zbekistonni inson huquqlari bo’yicha hisobotlari qabul qilinishi yoki qabul qilinmasligi juda muhim. Masalan inson huquqlari ayanchli bo’lsa-da, O’zbekiston G’arb bilan yaqinlashmoqda. Shunday vaziyatda BMTning Qiynoqlar bo’yicha maxsus vakili mamlakatga kira olmayotgani ayanchli... Shu ma’noda BMTning dunyo davlatlari orasidagi mavqeiga men shubha bilan qarayman”, - degan fikrda Abdurahmon Tashanov.

Sharhlovchilarga ko’ra BMT bilan hamkorlik O'zbekiston hukumati manfaatli deb hisoblagan yo’nalishlarda rivojlanmoqda. Ko’plab xalqaro hujjatlar imzolanishiga qaramasdan inson huquqlari chetga surilgan.

Jamoatchilik orasida BMT Bosh kotibining O’zbekistonga tashrifi bu borada biror o’zgarish qilishiga ishonch past.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG