Breaking News

O'zbekistonlik olimlar kashfiyotini takomillashtirish umidida


Neft tobora qimmatlashib, unga bo'lgan ehtiyoj oshib borar ekan, bugun muqobil manbalar haqida o'ylash payti yetgan.

Arzon va ekologiyaga zararsiz energetik manbalarni topish uchun neft iste'mol qiluvchi davlatlar milliardlab dollar sarflamoqda.

Yaqinda o'zbekistonlik bir guruh muhandislar suvdan yangicha usulda elektr toki olish ustida ishlab, xalqaro energetik tanlovda g'olib chiqqan.

Muqobil energiya manbalarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan "Erg" nomli muhandislik-tadqiqot guruhiga German Treshalov rahbarlik qiladi. Guruhga O'zbekiston, Qozog'iston va Rossiyada yashovchi turli soha vakillari kiradi.

German Treshalovning aytishicha ular "katta bosimsiz, oddiy oqar suvdan quvvat olishning shunday bir yo'lini kashf qilganki, amalda qo'llansa arzon elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin".

Treshalov kashfiyot haqida O'zbekiston va Rossiya Fanlar Akademiyasi, O'zbekistondagi energetika sohasi mutasaddilari va Qozog'istondagi tegishli agentliklarni xabardor qilgan.

"Loyihani takomillashtirish uchun bizga texnologik baza, ya'ni uskuna va jihozlar hamda sinov uchun laboratoriyalar kerak", - deydi "Erg" guruhi rahbari.

Mintaqa olimlarining suvdan yangicha usulda quvvat olish bo'yicha ilmiy ishi yaqinda Bryusselda, energetika sohasida xalqaro tanlov g'olibi bo'ldi. "Energy Globe Award" tanlovi Yevropa Komissiyasi tomonidan har yili o'tkaziladi. O'zbekistonlik kashfiyotchilar ishi bu yili komissiyaga taqdim etilgan 853 loyiha ichidan tanlab olingan.

Olim Treshalovning aytishicha, guruh ilmiy ishni davom ettirishi uchun texnologik bazaga muhtoj ekan, xorijiy tashkilotlar va sarmoyadorlarni O'zbekistonga jalb qilmoqchi. Bu yo'lda muzokaralar olib borilmoqda.

"Ammo kashfiyotga mahalliy ommaviy axborot vositalari e'tiborini jalb qilish oson bo'lmayapti", - deydi Treshalov.

Yonilg'i tobora qimmatlashib borayotgan bir paytda, butun dunyoda muqobil energiya sanoatini rivojlantirishga e'tibor katta. O'zbekistonda quyosh nuridan quvvat olina boshlangan. Mamlakat, deydi mutaxassislar, katta tabiiy va ilmiy salohiyatga ega, ammo sarmoya yetishmaydi.
XS
SM
MD
LG