Breaking News

Yoshlar asos solayotgan yangi sohalar


"Quyosh, shamol energiyasi, tejamkor texnologiya, atrof-muhit himoyasi, ekologiya - kelajak mana shular bilan bog'liq"
"Quyosh, shamol energiyasi, tejamkor texnologiya, atrof-muhit himoyasi, ekologiya - kelajak mana shular bilan bog'liq"

Amerika iqtisodiyoti odatda uch sektorga bo’linadi: hukumat, tijoriy va notijoriy. So’nggi yillarda biznes sohasidan dars olayotgan talabalar diqqati yangi bir sektorda, ishbilarmonlik va insonparvarlikni o’zida mujassam etgan yo’nalishda. Bu turkum ham daromad keltiradi, ham ijtimoiy muammolarga yechim topadi.

AQShning Tennessi shtati Livan shahri Boj xizmati yaqinda malakali mutaxassis yolladi. Vilyam Paddok ekologik sohada ekspert: ortiqcha chiqit, axlat tashlamaslik yo’lini biladi. Uning taklifi bilan kompaniyaga tegishli zavod tomiga katta quyosh batareyalari o’rnatildi. Qarabsizki, atmosferaga chiqadigan karbonad angidrid ham kamaydi.

Tabiatni ham o’ylashning karomati ko’p, deydi Vilyam Paddok.

“Tabiatni asrab-avaylaymiz, insonlar hayotini himoya qilamiz. Buning iqtisodiy foydasi ham bor. Ishim o’zimga yoqadi, mijozlarning pulini ham tejayman”, - deydi u.

Vilyam Paddok mana 10 yildirki har xil kompaniyalarga maslahat beradi, ekologik yechimlar taklif qiladi. Yaqinda Lipskomb Universitetini bitirib, biznes boshqaruv sohasida diplom oldi. Bu ta’lim dargohi atrof-muhit himoyasiga alohida urg’u beradi. Vilyam yaxshigina tajriba ham orttirdi.

“Bu dastur davomida odamlar bilan ekologiya, zaxiralardan oqilona foydalanish haqida gaplashishni o’rgandim. Biror kompaniya bilan gaplashib, "atmosferaga ko’p iflos gaz tashlamang, bundan foyda ham qilasiz", deb ishontirish mumkin ekan”, - deydi Paddok.

Neshvil shahrida joylashgan Belmon Universiteti ekologiya va foyda sektoriga qiziqqan yoshlar uchun alohida fakultet ochgan. Studentlar Ijtimoiy Tadbirkor degan bakalavr diplomini qo’lga oladi. Universitet rasmiysi Bernard Ternerning aytishicha, Qo’shma Shtatlarda oliy ta’lim dargohlari bu sohani ko’zdan qochirib, ishlov bermagan. Endi esa shosha-pisha xatosini to’g’rilamoqda.

“Talabalarning fikrlashi o’zgargan. Ular tadbirkor bo’lgisi ham keladi, ayni paytda ijtimoiy masalalarga ham qiziqadi. Studentlar xohladimi, yangi-yangi dasturlar ham paydo bo’lmoqda. Gap ana shunda”, - deydi Terner.

Bernard Terner fikricha, talaba xohishi ortida shaxsiy sabablar turadi.

“Bolalar kelib, oilasida kimdir ichkilikka ruju qo’yganini aytadi. Hayotni ko’rgan qiz-yigitlar ijtimoiy sohani o’rganib, dardmand bu insonlarga yordam berish yo’llarini izlaydi”, - deydi u.

Endryu Bishop bu dasturning eng iqtidorli studentlaridan. Maktabda o’qib yurgan paytlaridayoq xayriya bilan shug’ullangan. Hozir professorlari yordamida xayriya programmasini ta’sis etmoqda.

“Odamlar nafaqaga chiqqandan keyin hayotda salmoqli ish qilgani, muhtoj insonlarga yordam berganidan faxrlanib yashamoqchi. Bundaylar soni, ya’ni saxovatpesha kishilar soni oshayapti”, - deydi talaba.

Yaxshi, daromadli joyda ishlash va shu bilan birga savob ish qila olish – haqiqatan nodir kasb. Shunday ekan, Amerika ta’lim dargohlari bu sohada ko’proq imkoniyat taklif qila boshlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG