Yaponiyada falokat ro'y bermasidan oldin dunyoda atom energetikasi kelajagi haqida bong urib gapirilardi. 1986-yilda Chernobildagi fojiadan so'ng sanoatda yirik avariyalar kuzatilmadi. Toza, karbonad angidriddan xoli inshootlarga talab va qiziqish kuchaydi. Jumladan, Qo'shma Shtatlarda.
Biroq 11-martda Yaponiyada zilzila va sunami oqibatida Fukushima-Daichi atom elektr stansiyasiga jiddiy zarar yetgach, ko'p davlatlar atom energiyasi siyosatini qayta ko'rib chiqishga kirishdi. Germaniya va yana bir necha davlat hatto yangi zavodlar qurish rejasidan voz kechdi.
Fukushimada reaktor ishdan chiqib, radiatsiya asoratlarini bartaraf etish bir necha oy va, hattoki, yilga cho'zilishi kutilar ekan, "atom energiyasi kelajagi qanday" degan savol mutaxassislar diqqat markazida. Eng optimist tahlilchilar ham sanoat sustlashini bashorat qilmoqda.
AQSh Yadro energiyasi instituti direktori Edrian Xeymerning aytishicha, Yaponiyadagi falokatdan so'ng ham bu soha rivojlanishda davom etadi, ammo oldingi sur'atlarda emas.
1979-yil Pensilvaniya shtatidagi atom zavodida avariya ro'y berganidan beri Qo'shma Shtatlarda birorta yangi inshoot qurilmagan. Radiatsion ofatlarning atrof-muhit va inson salomatligiga ta'siri haqidagi xavotirlar hamda elektr quvvati olishning muqobil manbalari kashf etilayotgani sabab atom energiyasi taraqqiyotida sezilarli siljish kuzatilmagan. Fukushimadagi falokat esa bu sanoatni sarmoyadan butkul ayirsa ajabmas.
Vashingtonda joylashgan atrof-muhit muhofazasi bilan shug'ullanuvchi Worldwatch Institute vakili Kris Flavinning aytishicha, atom sanoati taraqqiyoti shu bilan to'xtadi desak mubolag'a bo'lmaydi.
"Uning qimmatligi hamda jamoatchilikning ko'p mamlakatlarda bu sohaga qarshiligidan rivojlanish usiz ham u qadar yuksak emas edi".
Atom energiyasi tarafdorlariga ko'ra, avariyalar kamdan-kam uchraydigan hol. Iqlim o'zgarishi va atrof-muhit ifloslanishiga doir xavotirlar kuchayar, toza energiya manbalariga ehtiyoj oshar ekan, yadro quvvati bu borada katta ijobiy rol o'ynamoqda, deydi ular.
Vashingtondagi Brukingz tahlil institutida energetika bo'yicha loyiha rahbari Charlz Ebingerning aytishicha, jahonda ishlab chiqarilayotgan elektr quvvatining 14 foizi yadro energiyasi hissasiga to'g'ri keladi.
"Agar undan voz kechsak, izlanishlarni tashlab qo'ysak, deydi u, ko'mir kabi an'anaviy manbalarga tobeligimiz kuchayadi".
AQSh Yadro energiyasi instituti direktori Edrian Xeymer deydiki, yadroviy yoqilg'ining kichik bir qismi bir tonna ko'mir beradigan energiyaga teng.
"Teploelektrostansiyalarda elektr quvvati olish uchun kuniga 80-100 vagon ko'mir yoqiladi", - deydi u.
Bitta zamonaviy atom elektr stansiyasini qurishga milliardlab dollar pul va ko'p yillar ketadi. Loyiha avval ma'qullanishi kerak. Ba'zi mamlakatlar Fukushimadagi avariyadan so'ng siyosatiga o'zgartiish kirita boshladi.
Ebingerning aytishicha, masalan, Germaniya yetti zavodini yopib, qolganlarida xavfsizlik standartlarini yangidan ko'rib chiqishini aytdi.
"Bugunga kelib esa umuman yadro energiyasi bizga kerakmi, yo'qmi degan savol o'rtaga tashlangan", - deydi mutaxassis.
Atmosferani zaharlab, iqlim o'zgarishiga hissa qo'shayotgan mamlakatlar hisoblangan Xitoy va Hindiston esa aksincha muqobil energiya manbalariga o'tmoqda. Quyosh, shamol va ayniqsa yadro energiyasiga.
"Xitoy bu borada ilg'or bo'lib, 23 ta yadro reaktori qurmoqda", - deydi Charlz Ebinger. "Yaqin kelajakda yana 60 yoki 70 tasini qurish rejasi bor. Ammo hozircha ishni sekinlashtirib, xavfsizlik standartlarini qayta ko'rib chiqmoqchi".
"Fukushima hodisasi jahon yadro sanoati tarixida so'nggi sahifa bo'ladimi, yo'qmi, buni Xitoyga qarab bilamiz", - deydi Kris Flavin.
Amerikada o'tgan asrda yuz bergan yagona falokat yarasi haligacha bitmagan. Yadroviy nazorat komissiyasi yangi litsenziyalar ulashishga shoshmayapti.
Brukingz tahlil instituti xodimi Charlz Ebingerning aytishicha, olti yil burun beshta yangi zavodni qurishga kredit kafolati beruvchi qonun qabul qilinganiga qaramay, atigi bittasi qurilyapti xolos.
"Komissiya 20 ta yangi atom stansiyasi loyihalarini shoshmasdan ko'rib chiqmoqda. Loyiha homiylari ham ularni shoshtirmayapti", - deydi u.
Nima bo'lganda ham, elektr quvvati kundalik ehtiyoj. Atom energiyasi bo'yicha xalqaro boshqarma hisobicha, 2050-yilga borib, elektr quvvatiga talab uch baravar oshadi. Zarur infratuzilmani yaratishga 350 trillion dollar sarmoya kerak. Yadro energiyasining hissasi qanday bo'lishini Fukushima saboqlaridan bilsa bo'ladi.