Yaponiyada bugun 7.4 balliik zilzila ro’y bergan. Sunami ehtimoli haqida ogohlantirilgan. Hukumat aholiga sohildan teparoq hududlarga ko’chishni so’ramoqda.
O’tgan oygi zilzila va sunamidan talofat ko’rgan Yaponiyada, xususan, Fukushima atom elektr stansiyasi yaqinida politsiya jasadlarni qidirmoqda.
Yuzlab ofitser radiatsiya hamon kuchli zonani kezmoqda. Qo’shni davlatlar esa nurlanish asoratlarini kuchliroq seza boshlagan.
Tabiiy ofatdan ziyon ko’rgan zavod atrofida 2 mingdan ortiq odam bo’lgani ma’lum. Hudud shu paytgacha xavfli deya yopiq edi, qidiruv ishlari undan 20 kilometr narida olib borilgan.
Nurlanish darajasi yuqori zonada tezda ishlash kerak, jasadlar buzila boshlagan, deydi rasmiylar. Bu esa kasallik-epidemiya ehtimolini oshiradi, ularning shaxsini aniqlash qiyin bo’ladi.
Rasmiy hisob-kitoblarga ko’ra, falokat 12 ming 600 kishini hayotdan olib ketgan, 15 ming fuqaro hamon bedarak.
Qo’shni Koreya yarim orolida bugun ayrim ta’lim maskanlari yopiq. Janubiy Koreyaning Gyongi provinsiyasida 125 bog’cha va maktab ishlamayapti.
Rasmiylarning aytishicha, yomg’irda aniqlangan zaharli elementlar miqdori ko’p emas va inson hayotiga xavf solmaydi. Lekin ota-onalar radioaktiv yomg’irdan qo’rqib, arz qilgach, ma’muriyat chora ko’rgan.
Seulda darslar davom etmoqda. Faqat ochiq havoda rejalangan dasturlar to’xtagan.
Prezident Li Myun Bak import qilingan mahsulot tekshiruvini kuchaytirgan. “Odamlar xavotiri o’rinli. Fukushima atom stansiyasi yarim oroldan ming kilometr narida xolos”, - deydi u.
Janubiy Koreya va Xitoy nazarida, Yaponiya radiatsiya Tinch okeaniga tarqala boshlagani haqida tezda xabar bermagan. Rasmiy Tokio kechirim so’ramoqda.
Shu hafta Fukushimadagi reaktorlarning birida vodorod to’planib, portlash ehtimoli yuzaga kelgan edi.
Olimlar reaktorga azot, xavfni kamaytiruvchi modda quyib, halokatning oldini oldik, demoqda. Biroq reaktorlar ustidan to’liq nazoratni qo’lga olish bir necha oy, havo, tuproq va suvni zaharli moddadan tozalash yillar talab qilishi mumkin.
Reaktorlari soni jihatidan dunyoda yetakchi Qo’shma Shtatlar uchun bu halokat saboq bo’lgan. Hukumat yadro energiyasi sanoati mutaxassislarini savolga tutmoqda.
Atom energiyasi sanoati uchun mas’ul komissiya rahbari Martin Virgilio “Amerika zavodlari pishiq, ehtiyot choralari ko’rilgan”, deydi.
Lekin boshqalar Qo’shma Shtatlar bo’ylab qurilgan 104 zavodning bari yaxshi himoya qilinganiga ishonmaydi. Ofat ro’y bersa, raidoaktiv modda atrofga tarqalishi aniq, deydi olim Edvin Liman.