Breaking News

Fukushima falokati yaponlarga Xirosima va Nagasaki fojialarini eslatmoqda


Fukushima falokati yaponlarga Xirosima va Nagasaki fojialarini eslatmoqda
Fukushima falokati yaponlarga Xirosima va Nagasaki fojialarini eslatmoqda

Fukushima atom elektr stansiyasidagi fojia Yaponiya xalqini Ikkinchi jahon urushi so'nggidagi mash'um voqealar - Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombasi tashlanganini xotirlashga majbur qildi. Hech bir davlat yadro fojiasi bilan Yaponiyachalik tanish emas. 1945-yilgi voqealar guvohlari nazarida yaponlar ogoh bo'lishi lozim.

Keijiro Matsushima AQSh Xirosimaga atom bombasini tashlaganida 16 yoshda bo'lgan. 6-avgust voqeasini yaxshi eslaydi. Osmonda ikkita samolyot ko'rdim, deydi u.

"Quyosh charaqlab turgan edi. Ajoyib kun edi, deydi u. Lekin birdan katta nur paydo bo'lib, atrof larzaga keldi, havo qizib ketdi", - deydi u.

Matsushima o'shanda talaba edi. Bomba asoratini shunday tasvirlaydi.

"Ko'pchilik boshdan oyoq kuydi. Terisi yuzidan, qo'llaridan, oyoqlaridan ajralib tusha boshladi".

O'sha kuni Xirosimada portlashdan 45 ming odam nobud bo'ldi. Biroq radiatsiya tarqalib, kelasi bir necha oy, bir necha yillarda 166 mingga yaqin kishi halok bo'ldi.

"Portlash kuni zarar ko'rmagan, kuymagan odamlar birdaniga kasalga chalindi. Isitmalari oshib, og'zidan qon kela boshladi, badanlariga narsalar tosha boshladi. Shifokorlar nima qilishni bilmasdi", - deya eslaydi Matsushima.

Bu radiatsiya asoratlari edi. Zilzila va sunamidan zarar ko'rgan Fukushima atom elektr stansiyasida ham radiatsiya tarqalmoqda. Inshootdan 20 kilometr narida yashovchi aholi evakuatsiya qilindi. Poytaxt Tokio Fukushimadan atigi 250 kilometr uzoq. Shahar suv tizimida nurlanish alomatlari aniqlangach, ota-onalarga go'daklarga krandan suv ichirmaslik tavsiya qilindi.

Xirosima va Nagasaki fojialaridan omon qolganlarni "xibakusha" deb atashadi. Ulardan radiatsiya oqibatlari haqida ko'p narsani o'rganish mumkin. Xirosima universiteti professori Masaxaru Xoshi 30 yildan beri bu sohani o'rganadi. Uning aytishicha, Fukushima zavodidan chiqayotgan nurlanish darajasining keskin ko'paygani tashvishga molik.

"Odamlar uzoq vaqt davomida, asta-sekin nurlanadi. Bu qo'rqinchli emas. Ammo nurlanish yadro portlashi oqibatida 1-2 kunda ro'y bersa, mana shunisi meni xavotirga soladi", - deydi u.

Professor nazarida hukumat radiatsiya darajasi haqidagi ma'lumotni xalqdan yashirib, vaziyat qanchalik jiddiy ekanini aytmayapti.

"Masalan, Fukushimadan 30 kilometr radius tashqarisida yashovchilarga nurlanishning zarari yo'q, evakuatsiya qilinishlari shart emas, deyishadi. Ammo o'sha hududlarda ham xavfli zonalar ko'p".

Amerikalik mutaxassislar nazarida 80 kilometrlik radiusdan keyin nurlanish xavfi ancha past. Professor Xoishi bunga qo'shiladi.

Xirosima fojiasini o'z ko'zi bilan ko'rgan Keijiro Matsushimaning aytishicha, hozirgi avlod 1945-yil dahshatlarini esdan chiqarib bormoqda.

"Yadro energiyasi tinch maqsadlarda ishlatilishini yaxshi bilamiz, ammo Xirosima va Nagasakining achchiq tajribasidan kelib chiqib, buning salbiy tomonlarini ham yodda tutish kerak.

Ammo, deydi Matsushima, Fukushimadagi falokatdan so'ng yaponlar tarixni eslab, kelajakka xavotir bilan qaramoqda.

"Qayta oyoqqa turish oson bo'lmaydi, ammo boshqa ilojimiz yo'q. Yashash kerakku axir.

Fukushima zavodida bundanda kattaroq fojianing oldini olishga harakat qilib, xalq tinchligi yo'lida jonini jabborga berayotgan o't o'chiruvchilari va muhandislarni mamlakat bo'ylab qahramonlar sifatida olqishlashmoqda. Mabodo ular bu ishning uddasidan chiqa olmasa, oqibati qanday bo'lishini yaponiyaliklar juda yaxshi biladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG