Breaking News

Chernobil tajribasi Fukushimani tozalashda qo’l kelishi mumkin


Fukushimadagi ekin maydonlari yuqori darajada nurlangan.
Fukushimadagi ekin maydonlari yuqori darajada nurlangan.

Sobiq Sovet respublikalari olimlari yaponiyalik hamkasblariga Fukushima prefekturasidagi nurlangan hududlarni tozalashda yordam berishi mumkin. O’tgan yili 11-martda Yaponiyaning eng hosildor yerlari hisoblangan bu hudud atom zavodidagi uch reaktorning erib ketishi oqibatida jiddiy zararlangan edi.

Yapon rasmiylarining aytishicha, 81 ming gektar ekin maydoni shu darajada nurlanganki, u yerda ortiq sholi o’smaydi.

Yoshi-ichi Takeda Fukushima prefekturasida fermerlik bilan shug’ullanadi. Radiatsiya ishimni barbod qildi, deydi u.

Hukumat yordami xo’jalikka zo’rg’a yetmoqda. Mollarimni dalada boqishga ruxsat berishmayapti, deydi fermer. Yerlarning qachon zararsizlantirilishi ma’lum emas.

Yaqin atrofda dehqonchilik qiladigan Ayko Sayto o’z yerida sholi, no’xat, kartoshka va rediska yetishtirishga harakat qilyapti.

Fukushimada yetishtirilayotgan sabzavotlarning xaridori deyarli yo'q.
Fukushimada yetishtirilayotgan sabzavotlarning xaridori deyarli yo'q.
Uning aytishicha, u va hududdagi boshqa fermerlar yetishtiradigan hosil miqdori keskin kamayib ketgan. O’tgan yili no’xatlarni har doimgi narxdan ikki baravar arzon sotdim, deydi u. Hatto bolalarim men yetishtirgan narsalarni yemayapti, oladigan odam ham yo’q, deya noliydi fermer ayol.

Fukushima yerlarini nurlanishdan tozalashda xorijliklar yordam taklif etyapti. Shu oy Fukushimaning Koriyama shahridagi xalqaro simpoziumda masala muhokama etiladi.

Belarusdagi Radiologiya tadqiqot instituti direktori Viktor Averinning aytishicha, sobiq Sovet Ittifoqidagi 1986-yilgi Chernobil fojeasidan yaponlar ko’p narsa o’rganishi mumkin.

Yaponlar Fukushimadagi zararlangan yerlarni tozalashda Rossiya, Ukraina va belaruslik mutaxassislar tajribasidan foydalanishi kerak, deydi olim.

Averinning ta’kidlashicha, ferrotsen deb nomlanuvchi metalloorganik aralashma sut va parranda go’shtini nurlanishdan tozalashda yordam beradi.

Rossiya Fanlar akademiyasi a’zosi Rudolf Aleksaxinning aytishicha, Chernobil yerlaridagi nurlanishni zararsiz darajaga tushirish uchun 20 yilga yaqin vaqt ketdi.

Sharqiy Yevropada zararlangan yer maydoni juda katta bo’lgani uchun radiatsiyani so’rib olish yoki yerning yuqori qatlamini ko’chirish kabi usullarni qo’llash imkonsiz edi, deydi olim. Fukushimada esa zararlangan ekin maydoni kichik bo’lgani sababli bu usullar qo’l kelishi mumkin.

Yevropa torflari radiatsiya nurlarini so’rib olib, ularning ekinlarga o’tish xavfini kamaytirgan. Yaponiya tuproqlari esa qumloq bo’lgani bois nurlanishning so’rilib ketish darajasi juda past.

Ukraina Fan va texnologiya markazi yetakchi mutaxassisi Viktor Korsunning aytishicha, Yaponiyada yuz bergan atom fojeasi Chernobil voqealaridan dunyo yetarli xulosa chiqarmaganini ko’rsatmoqda. Eskirgan yadro inshootlari qattiqroq tekshiruv va xavfsizlik choralariga muhtoj, deydi olim.

Dunyo bo’ylab insonlar hanuz katta xavf ostida qolyapti. Bu konferensiya insoniyat kelajagi uchun zarur ekanini alohida ta’kidlashimiz kerak, deydi Korsun.

Sovet Ittifoqi davridan radiatsiya muammosini meros qilib olgan faqat Chernobil emas. Qozog’istonning Semipalatinsk (hozirgi Semey) shahri yaqinida ham Sovet olimlari ommaviy qirg’in qurollarini sinovdan o’tkazuvchi poligon bunyod etgan. Bu hududda 1949-yildan 1989-yilgacha yer osti va yer ustida 500 ga yaqin atom bombasi sinovdan o’tkazilgan.

Semipalatinskda mutaxassislar yerning nurlanganlik darajasini o'lchamoqda.
Semipalatinskda mutaxassislar yerning nurlanganlik darajasini o'lchamoqda.
Mutaxassislarning fikricha, tajriba maydonidan 300 ming kvadrat kilometr radiusida yashagan minglab odamlar 40 yil davomida radioaktiv nurlanishga uchragan.

Bu raqamlar tajriba hududi rasman 1991-yilda yopilgandan keyin va Qozog’iston mustaqillikka erishgandan so’ng oshkor bo’ldi. Bugun Semipalatinsk atrofida nurlanishning turli darajalariga duchor bo’lgan odamlar soni yarim million ekani aytiladi. Hudud aholisi orasida saraton va turli irsiy kasalliklar bilan og’riydiganlar soni boshqa hududlarga qaraganda ikki baravar yuqori. Bolalar orasida nogiron tug’ilayotganlarning ko’pligi radiatsiya asoratlari hanuz davom etayotganidan dalolat beradi.

Qozog’iston rasmiylarining aytishicha, Semeydagi radiatsiya zararini to’la bartaraf etish uchun bir milliard dollar kerak bo’ladi. Nurlangan joyni radiatsiya chiqitlari ko’miladigan maydonga aylantirish mumkin, deb hisoblovchilar ham bor. Dunyo bo’ylab radiatsiya axlatini o’z hududidan chiqarish uchun millionlab dollar mablag’ berishga tayyor mamlakatlar mavjud.

Qozog’istonning atom energiyasi bo’yicha “Kazatomprom” milliy kompaniyasi mutaxassislari fikriga ko’ra, keyingi 25-30 yil ichida Qozog’iston radiatsiya qoldiqlari importidan 40 milliard dollargacha daromad qilishi mumkin. Ammo mahalliy aholi muammoni kengaytiradigan bu tashabbusga qarshi chiqmoqda.

Yaponiya Qozog’istonga nurlangan chiqitlarni eksport qiluvchi mamlakatlardan biri bo’lishi mumkin. Hukumat keyingi oydan Fukushimada nurlangan hududni to’liq zararsizlantirish dasturini boshlaydi. Radiatsiya darajasini kamaytirish uchun tuproqning yuqori qatlamini kesib olish ko’zda tutilgan. Ammo nurlangan tuproqni qayerga jo’natish borasida yangi bahslar o’rtaga chiqmoqda.

Hududda va boshqa yaqin atrofda istiqomat qiluvchi fuqarolar bu tuproqning o’zlariga yaqin yerga keltirilishini istamayapti. Yangi joy topish barcha fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun zarur ekanini aholiga tushuntirish maqsadida Atrof-muhit muhofazasi vazirligi “Radiatsiya qoldiqlarini yo’qotish uchun hammaning yordami kerak” degan kampaniya boshladi. Ammo hozircha mamlakatda hukumatning istagiga “labbay” deb javob beradigan biror joy topilgani yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG