Breaking News

Kreml-Oq Uy taktik yadro qurollari bo’yicha muzokara boshlashi mumkin


Prezident Barak Obama uzoq masofaga uchuvchi strategik qurollar sonini kamaytirish bo'yicha qabul qilingan kelishuvni imzolamoqda. Vashington, 2-fevral, 2011-yil.
Prezident Barak Obama uzoq masofaga uchuvchi strategik qurollar sonini kamaytirish bo'yicha qabul qilingan kelishuvni imzolamoqda. Vashington, 2-fevral, 2011-yil.

AQSh va Rossiya imzolagan yangi strategik kelishuv (START) faqat uzoqqa uchadigan yadro quroli sonini kamaytirishni ko’zlaydi. Tomonlar endi qisqa masofali qurollar bo’yicha ham muzokara olib borishi mumkin.

Joriy yil fevralida kuchga kirgan kelishuvga ko’ra, tomonlar ixtiyoridagi uzoqdagi nishonni uruvchi ballistik yadro raketalari soni 1550 dan oshmasligi kerak. Lekin hujjatda qisqa masofali yadro qurollari haqida gap yo’q.

Bu xildagi aslahalarni o’rganuvchi “Plofsheyrs” (Ploughshares) jamg’armasi rahbari Jozef Sirinsion tushuntiradi:

“Taktik va strategik yadro qurolining tabiati bir. Har ikkisi vodorod bomba hisoblanadi va AQSh Xiroshimaga tashlagan bombalardan 10, 20, 50 marta kuchliroq. Farqi masofada. Ular qay maqsadda qo’llanadi? Strategik bombalar uzoqqa uchadigan yoki okeanlarni oshib o’tadigan raketalarga joylanadi. Taktik qurollar esa jang maydonida kerak; yaqindagi nishonni uradigan artilleriya, samolyot va raketalar”, - deydi mutaxassis.

Tahlilchilar deydiki, AQSh va Rossiya o’z taktik o’q-dorisi haqida hali aniq ma’lumot berganicha yo’q.

Qurollar nazoratiga doir xususiy tadqiqot markazi rasmiysi Deril Kimbol Amerika arsenalidan so’zlaydi.

“Qo’shma Shtatlarga qarashli taktik qurol qisman o’zida, qisman chetda saqlanadi, xususan, ittifoqchilari Turkiya, Niderlandiya, Italiya, Germaniya va Belgiyadagi besh bazada taxminan 180 yadro bombasi bor. Bu qurollar odatda bunkerlarga joylanadi. F-16 qiruvchi samolyotlari yoki “Tornado” rusumidagi samolyotlarga ortilmagan”, - deydi Kimbol.

Kuzatuvchilarning aytishicha, Rossiya taxminan 2000-4000 dona taktik yadro quroliga ega. Lekin hammasi ham foydalanishga tayyor emas. Ba’zilari yo’q qilinish arafasida, ayrimlari chuqur bunkerlarda.

Stenford universiteti olimi, Rossiya va qurol nazorati bo’yicha ekspert Devid Xolovey taktik yadro qurollari soni jihatidan Moskva ustun ekanini shunday izohlaydi.

Rossiyaning Topol qit'alararo ballistik raketasi g'alaba kuni ommaga namoyish qilinmoqda. Moskva. 9-may, 2011-yil.
Rossiyaning Topol qit'alararo ballistik raketasi g'alaba kuni ommaga namoyish qilinmoqda. Moskva. 9-may, 2011-yil.
“1990-yillarda Rossiyaning ulkan armiyasi bo’linib ketgach, o’rnini taktik aslaha to’ldiradi, deya qaror qilingan. Sovuq urush davrida NATO shunday qilgan edi. NATO qo’shini kamligini yardo qurollari soni bilan kompensatsiya qilgan”, - deydi mutaxassis.

Deril Kimbol nazarida Rossiyada kichik masofaga mo’ljallangan yadro quroli ko’pligi Xitoy bilan ham bog’liq.

“Ruslar taktik arsenal yordamida sharqdagi qo’shnisi, qudratli armiyaga ega Xitoyni jilovlamoqchi. Shuning uchun AQShdan farqli ravishda Kreml ko'proq yadro qurollarini saqlab keladi”, - deydi u.

Ko’plab tahlilchilar, jumladan, Jozef Sirinsion nazarida, taktik yadro qurolining ko’payishi “Sovuq urush” davriga qaytishni eslatadi.

AQSh prezidenti Barak Obama Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev bilan.
AQSh prezidenti Barak Obama Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev bilan.
“Bu qurollar biror harbiy maqsadga yaramaydi. NATO ushbu qurollarni ishlatishga hojat sezadi, deb o’ylash mantiqsiz. O’ylab ko’ring, AQSh 67 yildan beri yadro qurolini qo’llamadi. Koreya, Vetnam, Afg’oniston va Iroqda urush qildi. Qator davlatlardan tahdidlar bo’ldi, lekin biror marta yadro qurolidan foydalanilmadi. Demak, 200 ta yoki 10 ta, hatto bir dona yadro qurolini saqlab turishga zarurat yo’q” , - deydi tahlilchi.

Yadro qurol haqidagi navbatdagi uchrashuvlarda qisqa masofaga mo’ljallangan taktik vositalar sonini kamaytirish masalasi ko’rilishi mumkin, deydi ekspertlar.

Amerika prezident saylovlari bilan band ekan, bu muloqot yaqin orada o’tishi gumon.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG