Breaking News

AQSh: Yevropada qurilayotgan mudofaa tizimi Rossiyaga xavf solmaydi


Rouz Gotemoller Moskvadagi Xalqaro munosabatlar davlat institutida talabalarga Yevropada qurilishi mo'ljallanayotgan mudofaa tizimi haqida gapirmoqda. 2012-yil, 30-mart.
Rouz Gotemoller Moskvadagi Xalqaro munosabatlar davlat institutida talabalarga Yevropada qurilishi mo'ljallanayotgan mudofaa tizimi haqida gapirmoqda. 2012-yil, 30-mart.

Janubiy Koreyadagi xalqaro konferensiyada Barak Obamaning Dmitriy Medvedev bilan o’zaro so’zlashuvi AQShda siyosiy bahslarni avj oldirdi. Jurnalistlar tasodifan eshitib qolgan bu suhbatda Obama Rossiya bilan jiddiy muloqot olib borishi uchun avvalo saylovdan o’tib olishi lozimligi haqida gapirgan.

Tanqidchilar nazarida bu Obamaning tashqi siyosatda qat’iyatsizligidan darak. AQSh Davlat kotibining qurol nazorati masalalari bo’yicha muovini Rouz Gotemoller o’tgan hafta Moksvada bo’ldi. Tashrifdan maqsad - Yevropani raketaga qarshi mudofaa tizimi bilan ta’minlash borasida AQSh pozitsiyasini yana bir bor tushuntirish.

Moskvadagi Xalqaro munosabatlar institutida chiqish qilgan Gotemollerning aytishicha, prezident Obama Seulda aytgan so’zlar ayni haqiqat. Ya’ni, saylov mavsumi qurol nazorati bo’yicha yangi siyosiy tashabbuslar bilan chiqish mavridi emas.

“Bu vaqtdan foydalanib, yadro qurollarini kamaytirish borasida yangi muzokaralarga zamin hozirlaylik. Men, shuningdek, Moskvaga oddiy qurollar nazorati haqida gaplashish uchun kelganman”, - dedi rasmiy.

AQSh va Rossiya 40 yildan beri bu sohada hamkorlik qilib keladi. Davlat kotibi muovini ikki davlat mavjud kelishmovchiliklarni hal qila olishiga ishonch bildirdi.

Amerika Yevropada qurishni mo’ljallayotgan raketaga qarshi mudofaa sistemasi Rossiyaning keskin tanqidiga uchrab kelmoqda. U aslida bizga qarshi qaratilgan, deydi ruslar. Tizim Eronning ehtimoliy hujumidan himoya vositasi ekaniga Kreml ishonmaydi.

“Ushbu tizimning texnik salohiyati Rossiyaning strategik hujumkor qurollarini to’xtata oladigan darajada kuchli emas”, - deya ishontiradi Rouz Gotemoller.

Vashingtonning Yevropa uchun atagan mudofaa sistemasi quruqlik va dengizdan turib Eronning bir yoki ikki raketasini urib tushirishga mo’ljallangan. Rossiya ixtiyorida esa Shimoliy Qutb orqali AQShga yetib bora oladigan 3000 dan ortiq qurol bor.

“Barak Obama sizning prezidentingizga jiddiy va ro’yi-rost aytayapti - mudofaa tizimi Rossiya Federatsiyasiga yoki uning harbiy salohiyatiga hech qanday xavf solmaydi”, - deydi AQSh rasmiysi rossiyaliklar huzurida.

Moskva Davlat xalqaro munosabatlar instituti direktori o’rinbosari Viktor Mizinning aytishicha, ikki mamlakat rasmiylari Sovuq urush davridan qolgan kayfiyatni yengib o’tish uchun hali ko’p ish qilishlari kerak. Mizin ilgari qurol-yarog’ nazorati bo’yicha Rossiyaning rasmiy vakili bo’lgan.

“O’rtada hanuz o’zaro ishonchsizlikning ulkan sarqitlari mavjud. Ulardan hali to’la qutula olganimiz yo’q”, - deydi u.

Shu yilning 7-may kuni Vladimir Putin Kremlga yana prezident bo’lib qaytadi. Bosh vazirlik kursisini esa Dmitriy Medvedev egallashi kutilmoqda. Putin Sovet Ittifoqi davrida Sharqiy Germaniyada KGB xodimi bo’lib ishlagan. Vashington bilan aloqalarning sustligida uning hissasi katta ekani aytiladi.

Lekin Viktor Mizin nazarida Putinning qaytishi tashqi siyosatda katta o’zgarish yasamaydi.

“Aloqalar bir oz salbiylashishi mumkin. Rossiya suverenitetiga, o’zligiga bo’lgan e’tibor kuchayadi”, - deydi u.

“Rossiya global jarayonlarda” jurnali muharriri Fyodor Lukyanovning aytishicha, Kremlga yoqadimi-yo’qmi, NATO G’arbiy Yevropada baribir raketaga qarshi mudofaa tizimini qurib bitkazadi.

“Uni o’zaro hamkorlikda qurish taklif qilingan edi. Lekin bu amalga oshishiga ko’zim yetmaydi. Bu muzokaralar natija berishiga ishonmayman”, - deydi Lukyanov.

Amerikada saylovlar o’tayotgan bir paytda munozaralarga yechim bo’la oladigan kelishuvga erishish qiyin bo’ladi.

“Bu yil raketaga qarshi mudofaa tizimi bo’yicha hech qanday yangilik kutmang”, deydi jurnalist.

Moskvada bu mavzuda kimdan so’ramang, hammaning javobi bir xil: Bu haqda bir yildan keyin gaplashamiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG