Prezident Obama Seulda Rossiya rahbari bilan xilvat qilayotgan payt jurnalistlar mikrofoniga yozilib qolgan suhbatiga bugun oydinlik kiritishi kutilmoqda. Obamaning Dmitriy Medvedevga majlisdan oldin aytishicha, u AQShning Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini noyabrdagi saylovlarda g'alaba qilganidan so'ng muhokama qilishi osonroq bo'ladi.
Mikrofon ochiq qolgani ayon bo'lgach, Obama muxbirlarga 2012-yil AQSh va Rossiyada saylov yili bo'lgani uchun qurollar nazorati va mudofaa tizimiga doir muzokaralarni olib borish oson bo'lmasligini nazarda tutganini aytgan.
Biroq muxolif respublikachilar nazarida prezident Rossiyaga bu masalalarda murosa qilishga tayyor ekanini, biroq buning uchun avval ikkinchi muddatga saylanishi kerakligini aytgan. Muxolifat bu mavzularda Rossiyaga yon berishni istamaydi.
Rossiya mudofaa tizimini o'z xavfsizligiga tahdid deb bilib, unga qarshi.
Prezident Medvedev esa bugun respublikachilardan prezidentlikka da'vogar Mitt Romnini tanqid qildi. Uning aytishicha, Romnining Rossiyani AQShning birinchi raqamli geosiyosiy raqibi deb bilishidan Sovuq urush isi kelmoqda.
"Prezidentlikka da'vogarlarga ikkita maslahatim bor. Birinchisi, o'z qarashlarini bayon etayotganda boshini, aql-idrokini ishga solishsin. Ikkinchisi esa soatlariga qarashni unutishmasin. Hozir 70-yillar emas, 2012-yil", - dedi Medvedev.