O’tgan yilning dekabr oyida Rossiya Jahon savdo tashkilotiga qo’shildi. Bitim shu yil iyul oyigacha ratifikatsiya qilinishi kutilmoqda. A’zolik xalqaro savdoda bir qator imtiyozlar berish bilan birga Rossiya zimmasiga ko’plab majburiyatlarni ham yuklaydi. Vashington va Moskva o’rtasidagi savdo aloqalari bundan buyon ham sustligicha qolishi mumkin. Chunki AQShning Sovuq urush davridan qolgan Jekson-Vanik qonuni Rossiyadan keladigan mahsulotlarga og’ir boj solig’i soladi.
Jahon savdo tashkiloti xalqaro savdoni nazorat qiladi. Unga a’zo davlatlar bir qator majburiyatlarga amal qilishi kerak. Chetdan kirayotgan mahsulotlarga boj solig’ini kamaytirish va mualliflik huquqlarini himoya qilish shular jumlasidan. Shuningdek, davlatlar ichki moliyaviy va iqtisodiy qonunlarini ham xalqaro standartlarga moslashi kerak.
Jahon savdo tashkilotining yana bir vazifasi davlatlar o’rtasidagi savdoga oid nizolarni hal qilish.
AQSh Rossiyaning tashkilotga qo’shilishini qo’llab-quvvatladi. Obama ma’muriyati 1974-yilgi Jekson-Vanik qonunini bekor qilish tarafdori. Chunki hujjat Rossiyada biznes qilishni istagan AQSh tadbirkorlariga ham birdek ziyon keltiradi, deydi ma’muriyat rasmiylari.
Yaqinda Kongressda o’tgan tinglovda Senatning moliya masalalari bo’yicha qo’mitasi raisi Maks Bokus Jekson-Vanik qonuni mohiyati haqida ma’lumot berdi.
Qonun kommunistik va sobiq kommunistik mamlakatlar bilan erkin savdo munosabatlarini taqiqlaydi. Toki AQSh prezidenti bu davlatlar fuqarolarining xorijga chiqishiga to’sqinlik yo’q, deya xulosa qilmaguncha. Kongress mazkur qonunni Sovet Ittifoqida yahudiylar emigratsiyasiga qarshi kiritilgan cheklovlarga javob sifatida qabul qilgan edi. “Jekson-Vanik” o’z vazifasini bajardi. Millionlab yahudiylarning Sovet Ittifoqidan ko’chishiga yordam berdi. Lekin hujjat endi o’tmishdan qolgan bir yodgorlikdir. So’nggi 20 yilda AQShning ikki asosiy partiyadan biriga mansub barcha prezidentlari qonunning Rossiyaga qo’ygan talablarini bekor qilib keldi”, deydi senator.
Peterson Xalqaro iqtisodiyot institutining Rossiya bo’yicha mutaxassisi Anders Aslundning aytishicha, Jekson-Vanikni bekor qilish uchun bir necha sabab bor.“Birinchidan, u hozirda mavjud bo’lmagan davlat uchun, Sovet Ittifoqi uchun qabul qilingan. Ikkinchidan, qonunning asosiy mavzusi – emigratsiya o’z mohiyatini yo’qotgan”.
Uchinchidan, deydi Aslund, agar Jekson-Vanik qonuni bekor qilinmasa, Rossiyadan AQShga keltirilayotgan mahsulotlarga qo’yiladigan boj miqdori 50 foizga oshadi. Bu esa Rossiyaning AQShga eksportlarini keskin qisqartiradi va hatto butunlay tugatishi ham mumkin. O’z navbatida AQShning Rossiyaga eksportlari ham jiddiy zarar ko’radi, deydi Aslund.
Qishloq xo’jaligi uchun mashinalar ishlab chiqaruvchi kompaniya rahbari Sem Allen ham shunday fikrda.
“Rossiya xorijdan keltiriladigan qishloq xo’jaligi texnikasiga boj solig’ini 15 foizdan besh foizga tushirishga va’da bergan. Lekin agar doimiy ochiq savdo aloqalari o’rnatilmasa, Rossiya AQShda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga bunday imtiyoz bermasligi mumkin”, deydi tadbirkor.
Rossiya bilan doimiy ochiq savdo aloqalari Jekson-Vanik qonuni bekor qilinsagina o’rnatilishi mumkin. Amerikalik tadbirkorlar qonunning bekor qilinishini yoqlayotgan bir paytda, unga qarshilar ham bor. Senator Jon Kil shundaylardan biri.
“Bugun emigratsiya muammo bo’lmasa ham, Rossiyaning inson huquqlari va qonun ustuvorligini poymol qilishi hozirgi kunda ham oldingidek davom etmoqda. Rossiya bilan olib borilayotgan iqtisodiy aloqalar muhokamasidan inson huquqlarini ajratmaslik kerak. Ayniqsa, bu o’lkada o’zining iqtisodiy va savdoga oid huquqlaridan foydalangan fuqarolarni tahqirlashga doir chidab bo’lmas holatlar mavjud bir paytda”, deydi senator.
Qonunchiga ko’ra, Rossiya xalqaro me’yor va qadriyatlardan tobora uzoqlashib bormoqda.
“So’nggi oylarda Rossiya nafaqat BMT Xavfsizlik Kengashining Suriyaga doir qaroriga qarshi chiqdi, balki fuqarolarini qatl qilayotgan Assad rejimiga qurol sotishda davom etdi. Xalqaro majburiyatlarini bajarishda yoki amerikalik tadbirkorlarga adolat qilishda bu hukumatga ishonib bo’lmaydi”, deydi u.
Senator Kil nazarida Jekson-Vanik qonunini bekor qilishga shoshmaslik kerak. AQSh-Rossiya munosabatlarini to’liq ko’rib chiqmasdan turib uni bekor qilish to’g’ri emas, deydi u.