Breaking News

Rossiya amerikaliklarga bola asrab olishni taqiqlamoqchi


Rossiyada yetim va tashlandiq bolalar soni 700 mingdan ziyod
Rossiyada yetim va tashlandiq bolalar soni 700 mingdan ziyod

Rossiya hukumati amerikaliklarga bu davlatdan bola asrab olishni man etmoqchi. Sabab, deya qayd etadi Kreml, ayrim amerikalik ota-onalar go’daklarga qo’pol munosabatda bo’lgan. Shu kunga qadar 60 ming rossiyalik bola AQShda boqib olingan. Ularning aksariyati baxtiyor, deydi ota-onalar. “Amerika Ovozi” Texas shtatiddagi bir oilada bo’ldi.

15 yoshli Dmitriy Miller Sankt-Peterburgdagi buvasi va buvisi bilan Skayp (Skype) orqali tez-tez gaplashib turadi, rus tilida.

Nevarasi ovozini eshitib, uning sog’lom va baxtiyor yurganini ko’rib keksalar albatta mamnun.

“Ular yaxshi joyda yashayotganimdan xursand”.

Dimaning 11 yoshli singlisi Dasha Amerikaga 2009-yil iyul oyida kelganida ingliz tilini umuman bilmasdi. Endi esa qiz buvisi va buvasi bilan gaplashayotganida, akasidan yordam so’raydi, rus tilini deyarli unutgan.

Bolalarning yangi ota-onasi, Bob va Karen Miller, Rossiya bilan rishtalarni saqlab qolish tarafdori.

“Ular o’z urf-odatlarini esdan chiqarmasin, vatani bilan aloqani uzmasin deymiz. Uyali telefon, kompyuter va internet orqali buning iloji bor”, - deydi Bob.

Bola asrab olish oson emas. Ruhan murakkab, byurokratik va qimmat jarayon. Bob va Karen izlanayotganida dahshatli bir ma’lumotga duch keladi: Rossiyada yetim va tashlandiqlar soni 700 mingdan ziyod.

Bu bolalarning aksariyati, ayniqsa o’smirlar, joniga qasd qiladi, giyohvand moddalarga beriladi, jinoyatga qo’l uradi.

Dima va Dasha Millerlar Rossiyadagi qarindoshlari bilan internet orqali gaplashadi. Ularni Texas shtatilik oila boqib olgan.
Dima va Dasha Millerlar Rossiyadagi qarindoshlari bilan internet orqali gaplashadi. Ularni Texas shtatilik oila boqib olgan.

Rossiyadagi bolalar uylarining birida Dashani uchratgan er-xotin uning akasi borligini aniqlab, ikkalasini asrab olishga qaror qiladi.

Ularni bir-biridan ayirib bo’lmaydi, deydi ona.

“Biz ularga “sizni boqib olmoqchimiz, mehrimiz tushdi sizga” deb aytdik”,- deydi Karen Miller.

Bolalarning otasi olamdan o’tgan, onasi esa nogiron edi. Biroq buvasi nevaralariga juda yaqin bo’lgani sababli eng muhimi uning roziligini olish bo’lgan. Sabr qildik, deydi ota.

“Biz Dimadan buvang rozi bo’larmikan, deb so’raganimizda, Dima “men o’zim buvam bilan gaplashaman, uning roziligini olaman”, degan”.

Rus tilini bilmasa-da, musiqachi-professor Karen Miller bir qo’shiq o’rganib, bolalarga aytib berishga odatlandi. Biroq til masalasi ancha muammo tug’dirdi.

"Dima inglizchani ozgina bilar edi, ammo Texasga kelgach baribir qiynaldi. Chidadik, sabr qildik", - deydi ona.

“Ular nima demoqchiligini imo-ishora bilan tushuntirardi. Murakkab vaziyatlar, qiyinchiliklar bo’ldi, lekin sabr-qanoat bilan bir-birimizni tushunishni o’rgandik”.

Bob va Karen Miller kelajakda bolalar bilan Rossiyaga sayohat qilmoqchi. Ular tug’ilgan joyini esdan chiqarmasligi, yaqinlari bilan diydor ko’rishishi kerak, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG