Qirg’iziston poytaxti Bishkekda qariyb 20 yildan buyon faoliyat yuritayotgan Markaziy Osiyo-Amerika universiteti nufuzli ta’lim dargohlaridan biriga aylangan.
1993-yilda AQSh hukumati homiyligida ishga tushgan bu oliygoh qo’shni mamlakatlardan ham yoshlarni qabul qiladi.
Markaziy Osiyodagi Amerika universiteti mintaqa uchun malakali mutaxassislar tayyorlaydi. Yuzlab bitiruvchilari Gavard (Harvard), Yell (Yale), Sorbon (Sorbonne), Indiana kabi nufuzli ta’lim dargohlarida o’qishni davom ettirayotgani ushbu bilim yurti saviyasini tasdiqlaydi.
Ilhom Umaroxunov amerikashunoslik kulliyotini bitirgan.
“Bizning universitetda talabalar xohlagan, o’zlariga kerakli darslarga kiradi. Muallimlarning malakasi juda yuksak. Tez-tez amerikalik, yevropalik professorlar dars o’tishadi. Muhimi, turli o’lkalardan kelgan talabalar tahsil oladi. Markaziy Osiyodagi Amerika universitetida o’qish oson emas. Sababi uning o’ziga xos talablari bor. Darslar ingliz tilida o’qitiladi. Dars soatlarimiz ham ko’proq”, - deydi Ilhom Umaroxunov.
Yosh olim Alisher Hamidov ma’lum muddat bu yerda dars bergan.
Uning aytishicha, bitiruvchilar ish topishda qiynalmaydi.
“Qirg’izistonning ko’plab biznes muassasalarida talabalarini uchratasiz. Qolaversa, mazkur universitetni tamomlaganlar nafaqat o’lkadagi xalqaro tashkilotlarida balki butun mintaqada faoliyat ko’rsatmoqda. To’g’ri, davlat tizimlarida bu talabalarga e’tibor unchalik kuchli emas. Ammo boshqa tashkilotlarda bu yoshlarga ehtiyoj katta”, - deydi Hamidov.
Mutaxassislar fikricha, Amerika universiteti kabi oliygohlar mahalliy o’quv yurtlari uchun ko’p jihatdan o’ziga xos namuna rolini o’ynaydi.
“Buning sabablari shundaki, mintaqadagi ta’lim tizimlari oqsab qolgan. Poraxo’rlik kuchaygan, o’qituvchilar maoshlari juda oz, o’quv materiallari, turli jihozlar eskirib qolgan. Markaziy Osiyodagi Amerika universitetida esa shunday prinsiplar qo’yilganki, ta’lim berish jarayonida talabalarga erkin fikrlash o’rgatiladi”.
“Amerika Qirg’iziston mustaqillikka erishgan yillardan e’tiboran maorif tizimini yuksaltirishga yo’naltirilgan ko’plab loyihalarni amalga oshirmoqda. AQSh hukumati iqtidorli talabalarga stipendiyalar beradi. Ko’plab yoshlarimiz Amerikada tahsil olgan. Berilayotgan yordam o’z samarasini ko’rsatmoqda. Masalan, Amerikada o’qigan yoshlar davlat tizimlarida, biznes strukturalarida ishlab, Qirg’zistonning rivojlanishiga o’z hissasini qo’shmoqda”, - deydi tadqiqotchi Alisher Hamidov.
O’tgan yili Amerika universiteti qoshida Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti ochilgan. Ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tadqiq qiladi.
“Mintaqa nafaqat xorijiy mutaxassislar tomonidan balki shu yerlik tadqiqotchilar tarafidan o’rganilishi kerak, degan o’ydan kelib chiqqan holda ish olib borayapmiz. Ayni paytda qator mahalliy va chet el, jumladan Rossiya, Amerika, Yevropa o’quv-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik qilmoqdamiz”, - deydi institut rahbari Shayirbek Jo’rayev.
Uning aytishicha, Markaziy Osiyoni o’rganish bo’yicha o’quv dasturi ishlab chiqish, akademik jurnal chop etish loyihalari ko’zda tutilgan.
Fan va maorif chegara bilmaydi. Bilimga chanqoq markaziy osiyolik yoshlar sifatli ta’limga intilmoqda.