So'nggi 2-3 yil ichida AQSh va Yevropa Ittifoqi O'zbekiston bilan muntazam muloqotga kirishdi.
Rasmiylarning tushuntirishicha, bugungi hamkorlik zaminida Afg'onistonda tinchlikka erishish, Markaziy Osiyo energetik boyliklarini Yevropaga bevosita eksport qilish, iqtisodiy taraqqiyot, siyosiy-ijtimoiy islohotlar yo'lida yordamlashish, inson huquqlari va demokratiya targ'ibotidan tortib ta'lim va sog'liqni saqlash sohalarida serqirra hamkorlikni yo'lga qo'yish singari maqsadlar yotibdi.
Mana bu yerda (maxsus sahifa) mavzu yuzasidan ko'plab tahliliy maqolalar bilan tanishishingiz mumkin.
Sizningcha, Amerika O'zbekistonga nisbatan qanday siyosat yuritishi kerak? O'zbekiston AQSh bilan hamkorlikdan qanday foyda ko'radi? Islom Karimov ma'muriyatining G'arb bilan muloqotini qanday baholaysiz?
Marhamat, fikr bildiring va boshqalar bilan munozara yuriting. Bu sahifa - sizniki.
↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓
AVVALGI MAVZULAR
O'ZBEKISTONDA QAHRATON QISH, GAZ YO'Q
O’zbekistonda bu yilgi qish sovuqlari hukumatning iqtisodiy yutuqlari va aholining sabr matonatini sinovdan o'tkazmoqda. Har qachongidan ko’ra ertaroq, ayovsiz bostirib kelgan qahraton allaqachon bir necha odamni hayotdan olib ketgan.
Gaz va ko’mir yo’q ekan, viloyatlarda aholi dov-daraxtlarni kesib o’tin yoqmoqda.
Bozorda bir mashina o’tinning narxi deyarli ko’mir bahosi bilan teng. Qishloqlar atrofida o’tinga yaroqli daraxtlar kesib bitkazilgan. Ko’pchilik uchun tirikchilik manbai bo’lib kelayotgan mevali daraxtlarni kesishga esa hamma ham jur’at qila olmaydi.
Hukumat aholining sabr kosasi to’lganini sezyapti shekilli, viloyat hokimlari televideniye orqali mavsumga tayyorgarlik haqida hisobot bermoqda. Lekin amalda biror o’zgarish yo’q.
Imtiyoz narxda tarqatilayotgan ko’mirdan asosan shaharliklar bahramand bo’layapti.
Qishloqlarda esa vaziyat o’sha-o’sha. Ko’p joylarda gaz va chiroq yo’q. Aksariyat aholi tezak va o’tin bilan isinishga majbur.
To’satdan kelgan sovuqdan so’ng havoning bir oz ilishi aholi orasida sarosimani bir oz chekintirgan. Biroq haqiqiy qahraton hali oldinda.
O’zbekiston hukumati Qirg’iziston va Qozog’istonga sotilayotgan gaz hajmini qisqartirgan. Hozircha bu choraning ichki ehtiyojga ta’sir o’tkazgani sezilmayapti.
O’zbekistonda ijtimoiy harakat tashkil etish tashabbusida yurgan faol Ruhiddin Komilovning aytishicha, hokimlar qanchalik bong urmasin, sharoit ayanchli.
"Jizzax va Qashqadaryoda bo’ldim. Ahvol juda og’ir. Gaz va svet masalasida vaziyat shu tariqa davom etaversa, aholi chidab tura olmaydi, shunchaki qarab turmasa kerak”, - deydi Ruhiddin Komilov.
Bir necha yillar avval O'zbekiston hukumati qishloqlarni gazlashtirish islohotini boshlagan edi.
Prezident Islom Karimovning o’sha paytlarda aholiga qarata “mol-holingizni sotib bo’lsa-da uyingizga gaz quvurlarini o’tkazib oling” degan murojaati hozir ham afsus bilan eslanadi.
Qishloq aholisi borini sarflab quvurlar o’tkazdi, lekin ulardan gaz oqmayotganiga bir necha yillar bo’ldi. Bu muammoga elektr tanqisligi qo’shilib, ahvol yanada qiyinlashdi.
O’zbekiston elektr quvvati va tabiiy gaz eksport qiladi. Hukumatning iqtisodiy o’sish haqidagi ko’rsatkichlari juda yuqori. Ammo aholining turmush darajasi bag’oyat pasayib ketgan. Bu ochiq haqiqat.
↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓
MUSTAQILLIK O'ZBEKISTONGA NIMA BERDI?
1991 yilning 31 avgustida O'zbekiston o'zini mustaqil davlat deb e'lon qilgan va mamlakat hayotida yangi sahifa ochilgan edi.
Shundan beri O'zbekiston xalqi har jihatdan murakkab va shu bilan birga qizg'in bir davrni boshdan kechirdi.
Islom Karimov boshchilidagi hukumat ta'biricha, davlat o'zi tanlagan yo'ldan ketmoqda. Xavfsizlik va barqarorlik - birinchi o'rinda. Iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotga esa astalik bilan erishiladi.
Sizning hayotingiz va atrofingizdagi muhit mustaqillik yillarida qanchalik o'zgardi?
Mustaqillik deganda nimani tushunasiz?
Siyosiy va iqtisodiy mustaqillik siz uchun nimani anglatadi?
O'zbekistonning xalqaro maydondagi o'rnini qanday baholaysiz?
Bugun O'zbekiston xalqi qanchalik erkin nafas olmoqda?
Mustaqillik mevasi deb nimani ko'rsatish mumkin?
Marhamat, fikr bildiring va boshqalar bilan munozara yuriting. Bu sahifa - sizniki.
↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓
O'ZBEKISTON XALQ HARAKATI VA MUHAMMAD SOLIH
Xorijdagi o'zbek muxolif guruhlari Berlinda qurultoy o'tkazib, "Erk" partiyasi yetakchisi Muhammad Solihni yaqinda tuzilgan O'zbekiston Xalq Harakati muassislar majlisiga rais etib sayladi.
Muhammad Solihning aytishicha, bu harakat "Yomonlikka qarshi harakat" bo'ladi, ya'ni zulm va adolatsizlikka qarshi harakat.
Bu guruh vakillari "arab bahori" dan ilhomlanganini aytmoqda. Maqsad O'zbekistonda hukmron tuzumni ag'darish.
"Tunis va Misrdagi inqiloblarni ko'rib, O'zbekistondagi ahvol haqida o'ylamay iloj yo'q. Biz ham diktatura ostida yashab kelayapmiz",- deydi harakat a'zolari.
Solihning ta'kidlashicha: "O'zbekiston va dunyodagi siyosiy vaziyat so'nggi yillarda keskin o'zgargan. Odamlar ilgari gapira olmagan gaplarini bugun ochiq ovoza qilmoqda, siyosiy faollik oshgan. Xalq harakatiga xayrixohlar ko'paymoqda".
O'zbekiston prezidenti Islom Karimov nazarida arab dunyosida kuzatilayotgan qo'zg'olonu inqiloblar ortida tashqi kuchlar turibdi va bu o'zgarishlar hech bir jihatdan ijobiy emas. O'zbekistonda bunday hollarga toqat qilinmaydi.
Siz bu borada qanday fikrdasiz? O'zbekistonda ham revolyutsiya bo'lishi mumkinmi? Xalq nimadan norozi?
Bugun xalqni qanday masalalar qiynamoqda? Chet eldagi muxolifat va uning liderlari haqida nima bilasiz? O'zbekiston Xalq Harakatiga munosabatingiz?
Fikrlaringizni quyida anonim yoki ochiq tarzda bildirishingiz mumkin. Uyali telefonda biz bilan uzmobil.com adresi orqali ham bog'laning.
↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓↓
ISLOHOTLARNING O'ZBEK MODELI HAQIDA FIKRINGIZ QANDAY?
O'zbekiston hukumatining qayd etishicha, mustaqillik yillarida ma'muriy-buyruqbozlikdan voz kechilib, respublika o'z siyosiy va iqtisodiy taraqqiyot yo'lini topdi.
Prezident Islom Karimov o'tgan yilning 12 noyabrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati qo'shma majlisida so'zlaganida "demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish konsepsiyasi"ni tanishtirgan edi.
22 aprel kuni Toshkentda mana shu masalaga bag'ishlangan xalqaro anjumanda bosh vazirning birinchi o'rinbosari Rustam Azimov "Iqtisodiyot va jamiyatni isloh qilishning o'zbek modeli – barqaror va dinamik yuksalish asosi" xususida so'zladi.
Azimov o'z nutqida prezident Karimovning parlamentdagi ma'ruzasidan iqtibos keltirdi:
"Biz islohotlarni inqilobiy usulda, ya'ni "shok terapiyasi" yo'li bilan amalga oshirishdan ongli ravishda voz kechib, tadrijiy taraqqiyot yo'lini tanlab olganimiz tufayli xalqimizni og'ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo'lgan iqtisodiy va ijtimoiy to'fonlardan asrab qolishga muvaffaq bo'ldik".
O'zbekiston o'z taraqqiyot yo'liga egami? O'zbek modeli deganda nima tushunasiz? Mustaqillikning 20-yilida hayot qanchalik yaxshilangan? Fuqaro farovonligi yo'lida qanday imkoniyatlar yaratilgan? Marhamat, fikringizni bildiring.