Breaking News

O'zbekiston-G'arb muzokaralari ortidagi omillar, kelajak haqida o'ylar


Prezident Islom Karimov Yevropa Komissiyasi raisi Joze Manuel Barroso bilan, Bryussel, 24 yanvar 2011
Prezident Islom Karimov Yevropa Komissiyasi raisi Joze Manuel Barroso bilan, Bryussel, 24 yanvar 2011

O’zbekiston rahbari Islom Karimovning Yevropa Ittifoqiga safari, blok rahbarlari va NATO rasmiylari bilan uchrashuvlari G'arb ommaviy axborot vositalarida tanqid ostiga olinib, loqaydlik va ko’zbo’yamachilik deya talqin qilinmoqda.

Yevropa O’zbekistonning avtoritar tuzumi bilan inoqlashib, respublikada siyosiy-ijtimoiy ahvol og’ir ekaniga ko’z yummoqda degan qarash keng tarqalgan.

Huquq himoyachilari, muxolifatchilar va faollar G’arb ahliga murojaat qilib, Karimov ma’muriyati bilan aloqalarda erkinlikni birinchi o’ringa qo’yishni so’ramoqda.

Yevropa rasmiylarining javobi shuki, huquq va demokratiya targ’iboti nafaqat O’zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyaning ajralmas bir qismi va muzokaralarda hech bir muammo chetda qolmayapti.

Kecha Bryusselda Karimov bilan uchrashgan Joze Manuela Barroso, Yevropa komissiyasi raisining bildirishicha, “O’zbekiston bilan ochiq dialog ketayapti”.

"Huquq va fundamental erkinliklar xususida ham gaplashib oldik va ittifoq bu boradagi pozitsiyasini o’zgartirmagan", - deyiladi rasmiy bayonotda.

26 davlat a'zo blok demokratik qadriyatlarida sodiq qoladi, deydi Barroso.

O’zbekistonni siyosiy hamkor deb biluvchi Amerika diplomatlari ham “yaqinlashuv – huquq masalasini chetga surish emas” deb keladi.

Avvalo Toshkentda yangrayotgan fikrlarga e’tibor bersak.

Prezident Karimov NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen bilan, Bryussel, 24 yanvar 2011
Prezident Karimov NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen bilan, Bryussel, 24 yanvar 2011

Siyosiy sharhlovchi, “Adolat” gazetasi bosh muharriri Abduvali Soibnazarov izohicha, Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni kengaytirish O’zbekiston tashqi siyosatininig ustuvor yo’nalishlaridan biri bo’lib kelgan.

“Albatta, munosabatlar davrini bir necha bosqichga bo’lish mumkin. Xususan 2005 yilgacha siyosiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy sohadagi aloqalar ancha mustahkamlangan edi. 2005 yildan keyin (Andijon voqealaridan keyin) munosabatlar ob’yektiv va subyektiv sabablarga ko’ra sovuqlashdi”, - deydi u.

Yevropa Ittifoqi Andijon fojiasini begunoh aholiga nisbatan qurolli hujum deya ta’riflagan edi. Haloyiqqa qarshi o’t ochish qarori ortida turganlikda ayblab, O’zbekiston hukumatining bir necha a’zosini ittifoqqa kirishi, shuningdek respublikaga qurol-aslaha sotish man etilgan edi.

2009 yilga kelib, bu sanksiyalar bekor qilindi. Blok O’zbekiston va qo’shni davlatlar bilan aloqalarni yaxshilashga qaror qilib, yangi strategiya bilan chiqdi. Siyosiy-iqtisodiy hamkorlikka ahamiyat oshdi.

Huquq faollari O’zbekistonda biror o’zgarish bo’lmadi desa, Yevropa rasmiylari Karimov ma’muriyati kelishib ishlashga tayyor ekanini isbotlay oldi deydi.

NATO-O'zbekiston muzokaralari, 24 yanvar 2011
NATO-O'zbekiston muzokaralari, 24 yanvar 2011

Ekspertlar yaqinlashuv ortidagi eng muhim omil O’zbekistonning energetik boyliklari deb hisoblaydi.

Abduvali Soibnazarov deydiki, sanksiyalar davrida ham O’zbekiston Fransiya va Germaniya singari yirik davlatlar bilan aloqani uzmagan.

“O’zbekiston Yevropa Ittifoqidan ilg’or texnologiya keltirishga katta e’tibor qaratayapti. Buni mamlakatni zamonaviylashtirish, erkin iqtisodiy hududlarni ko’paytirish, rivojlangan davlatlar orasidan joy olishga harakat deb bilaman”.

Abduvali Soibnazarov iqtisodiy hamkorlikka doir ko’rsatkichlarni keltiradi.

“O’zaro tovar ayirboshlash hajmiga qaraydigan bo’lsak, Yevropa Ittifoqi Rossiyadan keying ikkinchi o’rinda turganini ko’ramiz. Yevropa Ittifoqi va O’zbekiston orasidagi bunday hamkorlik 9 milliard dollarga yaqinlashib qolganining o’zi ham (rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, 2009 yilda 60,7 foizni, 2010 yilda esa qariyb 58 foizni tashkil etgan) munosabatlar mustahkamlanayotganidan darak beradi”.

O’zbekiston Yevropa Ittifoqidan ilg’or texnologiya keltirishga katta e’tibor qaratayapti, deydi siyosiy sharhlovchi Abduvali Soibnazarov
O’zbekiston Yevropa Ittifoqidan ilg’or texnologiya keltirishga katta e’tibor qaratayapti, deydi siyosiy sharhlovchi Abduvali Soibnazarov

Abduvali Soibnazarov fikricha, davlatlarning o’zaro manfaatlar haqida o’ylayotgani tabiiy bir hol. Bu siyosat, deydi u, xalqaro aloqalar o’zi shunga asoslanadi.

“Inson huquqlari sohasida muammolar bor. Buni O’zbekiston rahbariyati ham tan oladi. Sud-huquq tizimida, sudlarni liberallashtirish, inson huquqlariga hurmatni shakllantirish, odamlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish borasida talaygina ishlar amalga oshirilayapti. Xorijdagi ayrim kuzatuvchilar ham bu o’zgarishlarni e’tirof etayapti. Siyosiy mahbuslar, vijdon tutqunlari bor deb tanqid ham qilishadi”.

Abduvali Soibnazarov, O’zbekiston Oliy Majlisida a’zolari o’tirgan “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi nashri muharririning aytishicha, mamlakat o’zi tanlagan taraqqiyot yo’lidan ketmoqda.

“O’zbek modelining o’ziga xos tomonlari bor. Hamma narsa bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Jamiyatni erkinlashtirish yo’lida birmuncha qadamlar qo’yilayapti”, - deydi u.

Jamiyat oldinga siljiyapti, deydi Abduvali Soibnazarov. bugun davlat idoralarida o’tirganlarning huquqiy bilimi va ongini oshirish kerakligi ochiq tan olinadi.

O’zbekistondagi siyosat va xalq hayotini uzoq yillardan beri kuzatib, o’rganib kelayotgan amerikalik olim Rassell Zanka (Russell Zanca) fikricha, mamlakat o’tgan 20 yil ichida ko’plab o’zgarishlarni boshdan kechirdi.

Vaziyat qanday ekani xalqning o’ziga ma’lum, deydi Zanka. Karimov rahbariyati nimaga qodir-u, nimaga qodir emasligi oydek ravshan.

Shuning uchun, deydi olim, undan katta o’zgarish kutish yaramaydi.

“20 yildirki, bu mamlakatga safar qilib turaman. Karimov siyosatida tub burilish bo’lishiga ishonmayman. Prezident “Keling, huquqqa nisbatan siyosatni o’zgartiramiz” deb chiqmaydi”,- deydi amerikalik olim.

Rassel Zanka Chikagoda Shimoli-sharqiy Illinoys Universitetida antropologiyadan dars beradi. O’zbek xalqi madaniyati va tarixini izchil o’rgangan. Viloyatma-viloyat kezib, odamlarning tirikchiligi va turmushi bilan tanishgan. Ilmiy asarlar yozgan.

Amerikalik olim Rassell Zanka, 20 yildirki, O'zbekiston va qo'shni mamlakatlardagi siyosiy-ijtimoiy hayotni o'rganib keladi
Amerikalik olim Rassell Zanka, 20 yildirki, O'zbekiston va qo'shni mamlakatlardagi siyosiy-ijtimoiy hayotni o'rganib keladi

“O’zbekistonda oppozitsiya, muxolifat degan tushuncha rivojlanishi kerak. Bu ancha yot tushuncha, chunki xalq muxolifat ko’rmagan. Muhammad Solih, aka-uka Po’latovlar singari muxolifatchilar maydonga chiqdi, lekin ular keng omma e’tiborini qozona olmadi. Ular bosim ostida mamlakatdan chiqib ketdi. Xorijdagi muxolifat esa vatanda kuchli asosga ega bo’lmasa, undan foyda yo’q”, - deydi amerikalik mutaxassis.

Uning tahlilicha, O’zbekistonda hukumat xalqni shu qadar qo’rqitib qo’yganki, mavjud tuzumni savolga tutish hayotingizni xavf ostiga qo’yish bilan barobar. Tuzum fuqarolarni ayamaydi. Siyosat bilan o’ynashma, deyishadi.

“Adolatsizlikka ko’nikib yashash ham insonga xos bir xislat”, - deya tushuntiradi ekspert.

“Haqsizlikka qarshi gapirishga hammaning ham haddi sig’maydi. Och qornim – tinch qulog’im degan gap bor. Shunga qaramay hukumatga qarshi namoyishga chiqayotgan odamlar bor. Qoyilman ularga”.

Ammo Rassel Zanka fikricha, O’zbekiston hukumati bilan harbiy, diplomatik yoki iqtisodiy hamkorlikni cheklash samara bermaydi.

G’arb davlatlari shunday ish tutishi kerakki, xalq orasida bu hamkorlikka ishonch ortsin. Karimovdan keyin nima bo’ladi deb o’ylash kerak, deydi u.

AQSh va Yevropa axborot oqimini kuchaytirishga harakat qilib, O’zbekiston ahli bilan o’ziga xos madaniy-ijtimoiy muloqotga kirishishi, har bir qarorni uzoqni o’ylab qabul qilishi kerak.

Huquq bilan bog’liq vaziyatni yaxshilash kerakligi haqida tinimsiz gapirish hamkorlikka zarar qilmaydi, deydi u, bu sohada yordam berish uchun mablag’ni ayamaslik kerak.

Bu O’zbekistonning bugungi hukumatiga yoqmasligi mumkin, lekin sarmoya kelajak ustida qilinadi, bugun emas.

“O’zbekistonda odamlar rahbarlikka qanday kelishi, amaldorlik kimga buyurishiga diqqat qaratish kerak. Tashqi dunyo mamlakatdagi siyosiy mentalitetni tushunmay turib biror narsa qila olmaydi. Jamiyat bilan tubdan bog’lanish kerak. Bu oson emas, na Amerika, na Yevropaga, lekin harakat qilsa arziydi”, - deb hisoblaydi Rassel Zanka.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG