Breaking News

Karimov tashrifi oldidan Yevropa Ittifoqi irodasizlikda ayblanmoqda


Yevropa Komissiyasi, ittifoq ijroiya organi, raisi Joze Manuel Barroso Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Ashton bilan, Strasburg
Yevropa Komissiyasi, ittifoq ijroiya organi, raisi Joze Manuel Barroso Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Ashton bilan, Strasburg

Kelasi hafta O’zbekiston prezidenti Islom Karimov Bryusselga safar qilib, Yevropa Ittifoqi ijroiya organi, ya’ni komissiyasi raisi Joze Manuel Barroso va Belgiya qiroli Albert II bilan uchrashadi.

24 yanvar kuni tomonlar o’zaro manfaatlarni tan olib, energetik hamkorlikni kuchaytirish haqida memorandum imzolashi kutilmoqda.

2005 yilda Andijon fojiasi ketidan O’zbekiston bilan aloqalari sovuqlashgan Yevropa Ittifoqi bugun “murosa yo’lini” tanlagan. Maqsad Islom Karimov va uning ma’muriyati bilan konstruktiv muloqot qilish.

Afg’onistonda tinchlikka erishish, NATO bilan hamkorlik va O’zbekiston tabiiy boyliklarini Yevropa bozorlariga olib chiqish bobida muzokaralar ancha oldin boshlanib ketgan.

Islom Karimov 24 yanvar kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi rahbarlari bilan muloqot qiladi
Islom Karimov 24 yanvar kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi rahbarlari bilan muloqot qiladi

Inson huquqlari himoyachilari O’zbekistondagi ahvolni ayanchli deb tasvirlab, Yevropa Ittifoqini subutsizlikda ayblamoqda.

Yevropa rasmiylarining aytishicha, Barroso prezident Karimov bilan ko’rishganida inson huquqlari haqida albatta gap ochib, matbuot erkinligi, siyosiy mahbuslar taqdiri, demokratik talablar va fuqaro jamiyati xususida blok pozitsiyasini tushuntiradi.

Parijda Chegara Bilmas Muxbirlar tashkiloti "O'zbekiston hukumatidek beshafqat tuzum bilan hamkorlik qilish qarorini tushunish qiyin" deya bayonot tarqatgan.

Muzokaralar ketidan matbuot anjumani o'tkazmaslikka kelishib olingani ham Yevropa Ittifoqi Karimovni jamoatchilik oldida uyaltirmaslikka, jurnalistlarning noqulay savollaridan asrashga harakat qilayotganidan dalolat, deyiladi unda.

Yevropa Ittifoqi rahbarlari
Yevropa Ittifoqi rahbarlari

Nyu-Yorkda asoslangan Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti nazarida Yevropa Ittifoqi o’z prinsiplariga sodiq qolgan holda O’zbekistonni quyidagi qadamlarni tashlashga undashi lozim: huquq talabi va muxolif fikri uchun qamalganlar ozod etilsin; nohukumat tashkilotlar bemalol ishlay olishi uchun imkon yaratilsin; BMT maxsus vakillari bilan hamkorlik qilinsin; so’z va matbuot erkinligi amalda kafolatlansin; bolalarni majburiy mehnatga jalb etishni taqiqlovchi qonunlar amalda o’z aksini topishi uchun harakat qilinsin va saylovlar xalqaro me’yorlarga mufoviq ravishda o’tkazilsin.

Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi ham Barrosoga yo’llagan ochiq xatida, “Islom Karimovga Yevropa bilan aloqalar ravnaqi matbuot erkinligi bilan bog’liq ekanini baralla ayting” deya undamoqda.

Axborot erkinligi uchun yo’l ochilmasa va Yevropa Ittifoqi O’zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirsa, deyiladi maktubda, blok Markaziy Osiyo bo’yicha 2009 yilda tuzgan rejasiga zid ravishda qadam qo’yayotgan bo’ladi. Bu loyihaga ko’ra, mintaqada erkinlikka diqqat qaratish asosiy vazifalardan biri.

Huquq faoli Mo'tabar Tojiboyeva O'zbekistonda uch yil qamoqda o'tirgan. O'zbekiston hukumati uni Andijon voqealari ortida turganlikda ayblagan.
Huquq faoli Mo'tabar Tojiboyeva O'zbekistonda uch yil qamoqda o'tirgan. O'zbekiston hukumati uni Andijon voqealari ortida turganlikda ayblagan.

Yuqoridagi masalalar yuzasidan Yevropa Ittifoqi va AQSh pozitsiyasi bir-biriga hamohang, ya’ni huquq va demokratiya aloqalarda muhim faktor, ammo bu boradagi siyosat talab va tanqidlarga emas, dialogga asoslanadi. G’arb erkinlikni o’zaro muloqotni shakllantirgan holda targ’ib qilishga bel bog’lagan.

2008 yilda qamoqdan ozod etilgach, vatanni tark etgan va hozirda Fransiyada yashab, O’tyuraklar klubi nomli huquq tashkilotini Parijdan turib boshqarayotgan Mo’tabar Tojiboyeva fikricha, Yevropa Ittifoqi Islom Karimovga iltifot ko’rsatib, o’z tamoyillariga ko’z yummoqda.

"Ikkiyoqlama siyosat ish bermaydi",- deydi u.

Belgiya qiroli Albert II rafiqasi, malika Paola bilan
Belgiya qiroli Albert II rafiqasi, malika Paola bilan

“Bu diktatorlar aniq biladiki, Yevropa Ittifoqi ham, BMT ham, G’arb davlatlari mulozimlari ham turtib-surtib qo’yishi mumkin, o’z hisobotlarida tanqid qilishi mumkin, demokratiya haqida gapirishi mumkin… Lekin O’zbekiston hukumati oldidagi majburiyat va talablar bajarilishi nazorat qilinmas ekan, bu hech qanday natija bermaydi”.

Mo’tabar Tojiboyeva va uning safdoshlari Yevropa ahliga o’tgan ikki yilda O’zbekistonda o’nlab insonlar siyosiy tazyiqqa uchrab qamalgani, jazoni ijro etish muassasalarida qiynoqlar davom etayotgani, muammolarni ko’tarib chiqqan jurnalistlar bosimga olinib sudlangani va bugun mamlakatda biror bir mustaqil tashkilot qolmaganini eslatmoqda.

Human Rights Watch tashkiloti hatto AQSh hukumati harakati-quvvatlovi bilan ham O’zbekistonda ro’yxatga olinmadi. “Amerika Ovozi” muxbiri Abdumalik Bobayev tanqidiy maqolalari uchun millionlab so’m jarima to’ladi.

Yevropa Ittifoqi O’zbekiston hukumati bilan muloqot qilmoqchi bo’lsa, ochiq, dangal gaplashsin, deydi Mo’tabar Tojiboyeva, aks holda bu yaqinlashuvdan mamlakat xalqiga biror naf yo’q.

Repressiya kuchayishi mumkin, deydi u.

Human Rights Watch, inson huquqlari bo'yicha xalqaro tashkilot, Amerika quvvatlovi va harakati bilan ham O'zbekistonga kiritilmayapti
Human Rights Watch, inson huquqlari bo'yicha xalqaro tashkilot, Amerika quvvatlovi va harakati bilan ham O'zbekistonga kiritilmayapti

“Bu O’zbekiston hukumati uchun foyda-da? Bu uchrashuvda juda katta moliyaviy ko’makka yoki shartnomaga imzo chekilmas, biror katta bir masalani hal etishga kelishib olinmas balki, lekin har qanday hamkorlik bilan O’zbekiston hukumati battar quturadi. Karimov Toshkentga qaytib borganidan keyin, mana Yevropa Ittifoqi tan oldi bizni, biz demokratik yo’ldan ketayotganimizni tan oldi deb childirma qilib tashlaydi-ku hammayoqqa”.

O’zbekistonlik yana bir huquq himoyachisi Hazratqul Xudoyberdi sharhicha, hamma narsa allaqachon aniq va ravshan: Yevropa Ittifoqidan tortib Qo’shma Shtatlar, Yaponiya-yu Turkiya, barcha davlatlar eng avvalo o’z manfaatlarini ko’zlab siyosat yuritadi. Ular avvalo o’z oldilaridagi dolzarb muammolar, o’z aholisi yuzlashayotgan muammolarni hal etish ilinjida.

Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi Yevropa Ittifoqidan O'zbekiston bilan aloqalarda matbuot va so'z erkinligiga ko'proq ahamiyat qaratishni so'ramoqda
Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi Yevropa Ittifoqidan O'zbekiston bilan aloqalarda matbuot va so'z erkinligiga ko'proq ahamiyat qaratishni so'ramoqda

“Siyosati jaholat va zo’ravonlikka asoslangan diktaturalarga qarshi yakdillik bilan qarshi turish, ularga qarshi sobitqadamlik bilan qattiqqo’l munosabatda bo’lish Sovet Ittifoqi va Sharqiy Yevropadagi sotsialistik lager yakson qilinishi bilan birga yerga ko’mildilar”,- deya yozadi u, "Yangi zamon, yangi siyosat" deya nomlangan veb-maqolasida.

"Bu achchiq haqiqatni tushunmaslik bizga faqat zarar keltiradi xolos. Bu haqiqatni tushunganlar esa o'zining real, ya'ni asl siyosatini to'g'riroq olib borishga, uni zamona zayliga qarab korrektirovka qilishga majbur bo'ladi", - deydi Hazratqul Xudoyberdi.

Mo’tabar Tojiboyeva deydiki, Yevropa Ittifoqi o’zining bugungi pozitsiyasini ommaga aniq qilib tushuntirib berishi kerak.

"Chegara Bilmas Muxbirlar" uyushmasi Yevropa Ittifoqining O'zbekiston hukumati bilan hamkorlik qilishga bel bog'laganidan afsusda
"Chegara Bilmas Muxbirlar" uyushmasi Yevropa Ittifoqining O'zbekiston hukumati bilan hamkorlik qilishga bel bog'laganidan afsusda

“Yevropa Ittifoqi demokratik prinsiplarni qo’llab-quvvatlab, ularni targ’ib qilib kelgan bir holatda, bugungi kunda diktator bilan yuzma-yuz o’tirishga majbur bo’lishayotganining sababi birgina xolos: bu o’zbek xalqining o’zi yetib bormaydigan, aholisi qishning sovuq kunlarida dirdirab o’tirgan taqdirda xorijga sotiladigan gaz, bolalari o’zi qorong’ida o’tirib dars qilayotgan bir holatda, chetga sotiladigan elektr energiya, Afg’oniston masalasi… Bugun bular O’zbekiston hukumati qo’lidagi, qo’pol qilib aytganda, “kozir kartalari” bilan Yevropa Ittifoqi hamkori bo’lib turibdi. G’arb davlatlarini qo’g’irchoq qilib o’ynayapti bu diktator",- deydi Tojiboyeva.

"G’arb rasmiylari har ikki gapning birida janob Karimovga o’xshab inson huquqlari va demokratiyani tilga olmasinda, birinchi o’rinda o’z manfaatini qo’yayotganini yashirmasin. Jamoatchilikka ochiq aytsin, tan olsin. Ana o’shanda bizga o’xshagan huquq himoyachilari va muxolifat vakillari umid bilan ko’z tikmaydi Yevropa Ittifoqi-yu butun G’arb davlatlariga. Demak, o’zing uchun o’l yetim. Demak, Yevropa Ittifoqi uchun, G’arb uchun demokratiya, oshkoralik kerak emas ekan”.

Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikka erishish O'zbekiston rahbari uchun katta siyosiy yutuq
Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikka erishish O'zbekiston rahbari uchun katta siyosiy yutuq

Yevropa Ittifoqi rasmiylari, xususan blokning Markaziy Osiyo bo’yicha maxsus vakili Pier Morel O’zbekiston bilan har jihatdan ochiq muloqot ketayotganini ta'kidlab, davlatlar gaplashishga majbur ekanini aytadi.

Tushunarli, deydi Mo'tabar Tojiboyeva, lekin faol fikricha bu yerda gap strategiyada.

“O’zbekiston hukumati bilan dialog olib borish kerakligi va buning juda muhim ekanini ta’kidlab kelganman. Lekin bugungi kunda ular O’zbekiston prezidentini hamkor sifatida chaqirishayapti. Diktator bilan dialog qilish boshqa narsa, lekin diktatorni hamkor sifatida tan olib, u bilan qandaydir masalalar haqida gaplashish Yevropa Ittifoqi uchun sharmandali hol”.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG