1945 yilda Ikkinchi Jahon Urushi yakunida tashkil topgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti jahon organi deb ataladi. Uning asosiy vazifasi dunyoda tinchlik va xavfsizlik, huquq va adolat, insonparvarlik, taraqqiyot va farovonlik yo’lida xizmat qilish. Murakkab va serqirra maqsadlar.
Xavfsizlik Kengashi, Bosh Assambleya, Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengash, Xalqaro Sud va Kotibiyat tashkilotning asosiy qismlari sanaladi.
Xavfsizlik Kengashida besh doimiy a’zo bor. AQSh, Xitoy, Rossiya, Britaniya va Fransiya. Global tinchlik mana shu mamlakatlar qo’li ostida desak xato bo’lmaydi.
Bugungi kunda BMTga 192 davlat kiradi. Shu jumladan Markaziy Osiyodagi barcha respublikalar.
O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va Turkmaniston unga bir kunda, 1992 yilning 2 martida qabul qilingan. 18 yildirki, jahon organiga tegishli turli agentliklar mintaqada ishlab kelmoqda.
BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP), Bolalar Fondi (UNICEF), Ta'lim, Ilm-Fan va Madaniyat Tashkiloti (UNESCO), Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti (WHO), SPIDga Qarshi Kurash Tashkiloti (UNAIDS), BMT Qoradori va Jinoyatga Qarshi Kurash Idorasi, (UNODC), BMT Aholi Fondi (UNFPA) shular jumlasidandir.
Markaziy Osiyo davlatlari bu agentliklar ishini tasdiqlovchi hujjatlarga imzo chekkan. BMT Qochqinlar Agentligi (UNHCR) va BMT Inson Huquqlari Kengashi (OHCHR) mintaqada ko’p to’siqlarga uchrashini, faoliyat yuritish qiyin ekanini yashirmaydi. Chunki ularning vazifalari erkinlik va huquq singari nozik masalalar bilan chambarchas bog’liq. Ular o’z yurtida hayoti xavf ostida qolib, chet eldan boshpana izlagan hamda huquqi buzilgan fuqarolar bilan ishlaydi.
2010 yilning aprel oyida BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Markaziy Osiyo bo’ylab safarga chiqdi.
Davlatlarni birma-bir aylandi, rahbarlar va jamoatchi faollar bilan muloqot qildi. Mintaqaga ijtimoiy va ekologik vaziyat bilan tanishish uchun borganini aytdi.
Har bir poytaxtda bo’lganida, BMT hamkorlikni oshirishga, “sizning taraqqiyotingiz yo’lida yordam berishga tayyor” deya qayd etdi.
Jahonning boshqa qismlarida bo’lgani kabi mintaqada, xususan O’zbekistonda BMTni tanqid qiluvchilar ham, uni quvvatlovchilar ham juda ko’p.
Mustaqil tahlilchi, BMT faoliyatini izchil o’rgangan siyosatshunos Farxod Tolipov fikricha bu tashkilot e’tiborini kutib yotgan masalalar juda ko’p, lekin u bugun regionda arzigulik bir ish qilmayapti deya olmaymiz. Dasturlarning ko’pi uzoq muddatni ko’zlaydi.
“Rivojlanish dasturlari, tahdidlarga qarshi kurash ishlari, Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda chegaralarni boshqarish dasturi yoki UNODC bilan birga, narkotiklarga qarshi dasturlar mavjud. Ishlar olib borilayapti va bundan ortiq bo’lishi ham qiyin, chunki BMT hamma yoqda shu tarzda, shunday ishlar olib boradi”,- deydi Tolipov.
Jamoatchilik, oddiy odamlar BMT nima bilan mashg’ul ekani haqida yaxshi bilmasligi, qiziqmasligi mumkin, deydi ekspert, bu har yerda uchraydigan tabiiy bir hol. Lekin muayyan soha egalari, ziyolilar, talaba va o’quvchilar, hukumatda va nohukumat tashkilotlarda ishlaydigan odamlar BMT dasturlari haqida biladi.
Islom Karimov, O’zbekiston prezidenti yaqinda Nyu-Yorkda BMT Mingyillik Taraqqiyot Dasturi anjumanida so’zlaganida, tashkilotni faol harakat qilishga chaqirdi. Qirg’iziston janubida iyun oyida ro’y bergan qonli voqealar tekshirilishi kerak deya undadi. Afg’onistondagi vaziyatdan tashvish bildirdi. Markaziy Osiyo ekologiyasi va suv bilan bog’liq kelishmovchiliklarni tilga oldi.
Farxod Tolipov nazarida, BMT minbarida yangragan gaplar egasini topadi, ya’ni ular yuzaki bayonotlar emas. Rahbarlar ko’targan masalalar, ular olg’a surgan tashabbuslar tinglanadi, muhokama qilinadi, deydi u.
“Terrorizmga qarshi kurashni oladigan bo’lsak, bugungi kunda BMT roli sezilarli. Xususan Afg’onistondagi tadbirlar aynan BMT mandati, sanksiyasi bilan boshlangan. Aksilterror operatsiyalar, harbiy harakatlar, qolaversa bugungi kunda noharbiy harakatlar, ya’ni Afg’onistonni tiklash ishlari ham BMTning bevosita ishtiroki bilan bo’layapti”.
O’zbekiston BMTga Qirg’izistonda yuz bergan fojiani eslatib, dunyo e’tiborini o’zbek aholi taqdiriga qaratayotgani o’rinli, deydi Farxod Tolipov.
“Chunki bu birinchi marotaba shunday fojia ro’y berishi emas. Roppa rosa 20 yil oldin ham shunday bo’lgan. Shuning uchun ham bir-biriga o’xshash mana shu ikki fojiadan O’zbekiston tashvishga tushishi tabiiy. O’zbeklar taqdiri haqida gap ketmoqda. Albatta O’zbekiston befarq bo’lib tura olmaydi bu masalaga. Va xalqaro darajada tegishli savollar ko’tarish maqsadga muvofiq. BMT bo’lmasa, kim bu ishda yordam berishi mumkin? Kim chora ko’radi?"
"Bu bir kichik voqea emaski, mahalliy darajada hal qilinsa. Bu shunday katta voqeaki, BMTda ko’tarilishi, menimcha, o’rinli. BMT o’z pozitsiyasini bildirib, xalqaro hamjamiyatning e’tibori kuchaysa, biz umid qilishimiz mumkinki, kelajakda mojaro yoki kelishmovchilik alomatlarini kuzatish, monitoring qilish va chora ko’rish mexanizmlari ham ishlab chiqilishi mumkin”,- deydi tahlilchi.
Ekologiya va suv masalasini O’zbekiston BMTga ilk bor ko’tarib chiqayotgani yo’q. Bu borada avval ham ko’p bayonotlar yangragan. Masala hamon o’ta dolzarb, deya sharhlaydi Farxod Tolipov.
“Mintaqada gidroinshootlar qurishdan oldin ular ekologik ekspertizadan o’tkazilishi, xalqaro tekshiruvdan o’tishi maqsadga muvofiq. Ana shu xulosalarga qarab biz konkret pozitsiyalar belgilashimiz mumkin. Biz bu yirik loyihalardan shubhamiz bor, ular ekologiyaga, suv taqsimotiga zarar yetkazishi mumkin, bu inshootlarning tektonik nuqtalarda qurilishi bizni tashvishga solishi mumkin deb O’zbekiston doimo o’z pozitsiyasini bildirib kelgan”.
“O’zbekiston va Tojikiston orasidagi bu muammo ikki davlat harakat va choralari bilan hal bo’lmay turibdi. BMT yordami va aralashuvi foydali bo’lar degan umid bor. Shuning uchun BMT minbaridan turib, uni mintaqaning ekologik masalalariga jalb qilish o’rinli”.
O’zbekistonga nisbatan ehtimol eng keskin tanqidlar BMTning Qiynoqlar bo’yicha maxsus vakillari tomonidan yangragan. 2002 yilda Teo Van Boven, o’sha paytdagi maxsus vakil, O’zbekistondagi qamoqxonalar va mahbuslar ahvoli bilan ikki hafta davomida tanishgan va bu davlatda qiynoqlar ayrim hollarda emas, balki muntazam, sistematik tarzda qo’llanadi deya xulosa qilgan edi. Teo Van Boven jinoyatga qiynoqlar ostida iqror bo’lish hollarini qayd etgan.
Manfred Novak, BMTning qiynoqlar bo’yicha hozirgi vakili respublikaga kiritilmayapti. Mart oyida “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida, janob Novak shunday degan edi:
“Qayta-qayta so’radik. Nyu-York va Jenevada ham uchrashuvlarda bu haqda gaplashdik. O’zbekiston tomon va’dalar beradi, buning uchun harakat qilishini aytadi, ammo mana haligacha taklif yo’q”.
Farxod Tolipov fikricha, BMT maxsus vakili O’zbekistonga murojaat qilishda, masalani eslatishda davom etishi kerak.
“Hamma ekspertlar ham aytib keladi, bu sohada ochiqlik-transparentlik kerak. Bu juda nozik masala. BMT vakili qachondir kiritilmagan ekan, bu endi eshiklar yopildi, bu sohaga tegmaslik kerak degan gap emas. Bu masalaga doimo dolzarb deb qarash kerak deb o’ylayman".
"Ertami kechmi, u yoki bu shaklda yangicha bir yondashuv, hamkorlikning yangicha bir alomatlari paydo bo’lishi muqarrar. Bu masala BMT tomonidan ko’tarilaverishi kerak, garchi natija bermay tursa ham. Lekin dolzarbligini ko’taraverish kerak. Bu xalqaro hamjamiyatda ushbu masalaga e’tibor katta degan signal bo’ladi. Va oxir-oqibatda kimga qaratilgan bo’lsa shu masala, deylik O’zbekiston bo’ladimi yoki Turkmaniston, ta’sirsiz qolmaydi deb o’ylayman”,- deydi Farxod Tolipov.
Svante Kornell, Markaziy Osiyo va G’arb aloqalari haqida qator kitoblar va ilmiy maqolalar muallifi, Vashingtonda tanilgan ekspertlardan biri. Uning nazarida, BMT minbarida aytiladigan gaplar va amaldagi siyosat orasida yer va osmoncha farq bor.
Tashkilot uchun regionda qiladigan ish serob, deydi u. Qirg’izistondagi fojiaga nisbatan biror konkret chora ko'rilmadi, deydi u. Mojaroli damlarda BMT faollik ko’rsatmasa, yana kimdan najot kutsin odamlar, deya ajablanadi u.
"BMT juda murakkab tizim va ko’rinishga ega organ. Xavfsizlik Kengashidek o’ta siyosiy mexanizmdan tortib, insonparvarlik yordami yetkazuvchi dasturlargacha",- deydi Kornell.
“Axborot oqimi erkin bo’lmagan, matbuoti zaif jamiyatlarda xalqaro tashkilotlar haqida xolis ma’lumot olish ham oson emas. Bu muassasalarning oddiy aholi bilan bemalol aloqa qilishi undan-da qiyin. Boshqa tomondan esa o’zingizni haddan tashqari ko’p reklama qilish ham yaramaydi. BMT qilayotgan ish arzigulik bo’lsa, xalqdan albatta rahmat oladi. Taraqqiyotga hissa qo’shayotgan bo’lsa, buning samarasi bilinadi”.
BMT bugun O’zbekiston yoki qo’shni davlatlarda nimani qoyillatayotganini xalqning o’zi ko’rib turibdi, deydi Kornell. Lekin, deya eslatadi u, BMTdan mo’jiza kutmaslik kerak.
“Odamlar BMTga dunyo hukumati deb qaraydi. Behisob resurs, xazina va harbiy qudratga ega, har narsaga qodir kuchdek. Aslida esa BMT a’zo davlatlarga qaram, ko’p-tarmoqli byurokratik tizim. BMT kim? Davlatlar. Ular aravani qay tomon tortsa, tashkilot ham o’sha tomon ketaveradi”.
Markaziy Osiyoning muammosi shundaki, deydi Svante Kornell, u BMTning eng kuchli a’zolari orasida joylashgan va ular uchun raqobat maydoni. Rossiya va Xitoy Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari, har qanday taklifga veto qo’yishi mumkin bo’lgan, raqib davlatlar. Regionga kelganda, ular bir-biri bilan bir narsada kelishadi: Markaziy Osiyoga G’arbni yaqinlashtirmaslik.
Tinchlikdan barcha tomonlar manfaatdor, lekin Qirg’izistonda barqarorlikka erishish uchun BMT a’zolari amalda biror ishni eplashiga Svante Kornell ishonmaydi.
“Rossiya BMT oldida va boshqa minbarlarda o’zaro manfaatlar haqida davlatlar bilan qanchalik muzokara qilmasin, hamkorlikka kelganda faqat o’z foydasini ko’zlaydi. AQSh va Xitoy uchun Markaziy Osiyoda o’rin yo’q deb hisoblaydi. Xalqaro dasturlar va tashabbuslar ish bersa, bu Rossiya manfaati uchun ham xizmat qilishiga ishonmaydi. Qarabsizki, BMTning ham qo’li kalta. Chunki, a’zolar o’zaro raqobat, o’yinlar bilan ovora”.
AQSh prezidenti Barak Obama Qirg’izistondagi mashmasha oqibatlariga qarshi chora ko’rish va tinchlikni ta’minlash yo’lida BMT, Rossiya, Yevropa Ittifoqi va Amerika bir yoqadan bosh chiqarib ishlashi kerak deb chiqqan.
Kornell bu quruq gap deydi.
“Armaniston va Ozarbayjon orasidagi azaliy kelishmovchilik, Tog’li Qorabog’ mojarosi, masalan, BMT, Rossiya, AQSh va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bilan hamkorlikda hal etilishi kerak edi. 18 yildirki, bu tashabbus hali ham meva bergani yo’q. Muzokara faqat muzokara, biror natija yo’q”.
Dunyoning qayeriga qaramang, shunga guvohmiz, deydi Svante Kornell. BMTga 192 davlat a’zo ekanini hisobga olsak, samarasizlik har yerda namoyon.
BMTni isloh qilish kerak, tubdan yangilash kerak deb uzoq yillardan beri bong urib kelinmoqda. Buni hamma, shu jumladan BMT Bosh kotibi ham tan oladi. Islohotlar boshlangan ham, deydi u, astalik bilan, uzoq muddatni ko’zlab.