Bugun Nyu-Yorkda dunyo rahbarlarining uch kunlik sammiti boshlandi. Unda qashshoqlikka qarshi kurash, ocharchilik va yuqumli kasalliklarning oldini olish masalalari ko’rib chiqilmoqda. Sammitga 140 prezident va bosh vazir yig’ilgan. O’zbekiston rahbari Islom Karimov ham ular qatorida.
Sammitda so’zlar ekan, u Afg’onistondagi vaziyatdan xavotir bildirdi. Xalqaro hamjamiyatni bu notinch o’lkaga diqqatni oshirishga undab, aks holda Markaziy Osiyo xavfsizligi tahdid ostida ekanini eslatdi.
O’zbekiston prezidenti Qirg’izistonda uyun oyida yuz bergan qirg’inni uchinchi tomon ishi deb izohladi. Qirg’iz va o’zbek xalqi mana shu yovuz kuchlar iskanjasida qoldi, deydi Karimov.
"Qirg'iziston bugun o'z qo'shnilari va xalqaro hamjamiyatning insonparvarlik yordamiga muhtoj",- deydi u.
Uning fikricha, ikki xalq vakillari azaldan totuv yashagan va avlodlar buni tushunadi. Minglab insonlarning qonini to’kkanlar jazoga tortilishi shart, fojia tergov qilinishi kerak, deydi O’zbekiston prezidenti.
BMTning roli bunda beqiyos, deydi u, tashkilotni faolroq harakat qilishga chaqirar ekan.
Islom Karimov, shuningdek, o'z ma'ruzasida Orol dengizi va uning atrofidagi ekologik inqirozni ham tilga oldi. O'tgan 40 yil ichida bu suv havzasi yetti barobar qisqargan. Amudaryo va Sirdaryo boshlanadigan joylarda yangi gidroinshootlar qurish rejasi bugungi murakkab vaziyatni yanada og'irlashtiradi, deydi prezident. Bu bilan O'zbekiston rahbari Tojikistonning yangi GES barpo etish loyihalarga ishora qilmoqda. Rasmiy Toshkent ularga keskin qarshilik bildirib keladi.
Islom Karimovning ta'kidlashicha, O'zbekistonda ishlab chiqarish o'tgan yillarda 3,5 marotaba kengaygan. Bolalar orasida o'lim hollari 3 baravarga kamaygan.
Prezident mamlakatda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar davom etayotganini aytib, fuqaro jamiyati qurish ahamiyati haqida ham to'xtaldi.
Lekin BMT agengliklari va ko'plab xalqaro tashkilotlar mana bir necha yildirki o'z hisobotlarida O'zbekistondagi siyosiy, ayniqsa huquq bilan bog'liq ahvolni tashvishli deya sharhlab keladi. Qamoqxonalarda qiynoqlar, so'z va matbuot erkinligi yo'qligi va din-e'tiqod bobidagi tazyiqlar shular jumlasidan.
Markaziy Osiyo davlatlari bugungi global mavzularga o’z munosabatini BMT Bosh Assambleyasining shu hafta ochilayotgan yillik sessiyasida ham bildiradi.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun deydiki, ko’plab davlatlar Mingyillik Taraqqiyot Rejasi deya belgilangan maqsadlar yo’lida harakat qilmayapti. Iqtisodiy taqchillik asosiy to’siq, lekin buni bahona qilib, qo’l qovushtirib o’tirish mas’uliyatsizlikdir, deydi bosh kotib.
Sog’liqni saqlash sohasini isloh qilish, bolalarga g’amxo’rlik qilish, maorif va ta’lim sifatini yaxshilash kutib o’tirmaydigan muammolar, deydi u.
“Bu masalalarni hal etmasak, kelajak yorug’ bo’ladi deya olmaymiz”, deydi Pan Gi Mun.
U kecha Qozog’iston Tashqi ishlar vaziri, hozirda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilayotgan Kanat Saudabayev bilan muloqot qilgan. Markaziy Osiyo tinchligiga raxna solayotgan muammolar va ularni bartaraf etishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zarurati haqida fikr almashilgan.
BMT nazarida Qozog’iston yadroviy materiallar va qurollarga qarshi baralla gapirib kelayotgan davlatlardan biri va uning bu boradagi tashabbuslarini quvvatlash kerak.
Atom qurollari masalasi AQSh prezidenti Barak Obamaning BMTdagi nutqida eng muhim mavzu bo’ladi.
Oq Uy matbuot kotibi Robert Gibbsning bayon qilishicha, prezident Eron va Shimoliy Koreya solayotgan xavf haqida gapiradi.
O’tgan yili BMT Bosh Assambleyasi oldida so’zlaganida ham Obama bu borada alohida to’xtalgan edi.
“Agar Eron va Shimoliy Koreya hukumatlari xalqaro me’yorlarni buzishda davom etsa, ular yadroviy qurollarga ega bo’lish maqsadini mintaqaviy xavfsizlik, o’z xalqi tinchligi va farovonligidan ustun qo’ysa, Sharqiy Osiyo va Yaqin Sharqda atom poygasi avj olishi dahshatli oqibatlarga olib borishi mumkinligiga ko’z yumsa, bu davlatlar qilmishlari uchun javob berishi kerak”,- degan edi Obama o’shanda.
Amerika nazarida Eron va Shimoliy Koreya yadroviy niyatlaridan qaytmagan.
Vashington Rossiya bilan til biriktirib, bu davlatlarga qarshi diplomatik hamkorlikni kuchaytirishga bel bog’lagan.
Oq Uy va Kreml atom arsenalini kamaytirishga kelishib olgan. O’tgan yilgi nutqida bunga va’da bergan Obama bitimni yuksak yutuq deb ataydi. Lekin hujjat hali Amerikada ham, Rossiyada ham ratifikatsiya qilinmagan.
Yana bir dolzarb masala – Isroil va Falastin orasidagi muzokaralarning boshi berk ko’chaga kirib qolgani.
Obama har ikki tomonni konkret maqsadlar haqida o’ylashga chaqirmoqda: tinchlik, chegaralarni belgilash, qochqinlarni vatanga qaytarish va Quddus ustida kelishib olish. Yaqinda o’tgan muzokara umid uyg’otmoqda, ammo samaradan darak yo’q.
Obama BMTdagi nutqida Iroq va Afg’onistondagi siyosatni ham tushuntiradi. Asosiy jangovar harakatlar endi afg’on zaminida ketayotgani, Iroqda qolgan 50 ming qo’shin esa mahalliy armiyaga tayanch ekanini aytadi.
Obama sessiya doirasida Xitoy va Yaponiya rahbarlari bilan alohida muzokaralar rejalagan. ASEAN tashkiloti a’zolari bilan uchrashishi kutilmoqda.