Breaking News

O'zbekiston BMT huquq bitimiga qanchalik rioya qilmoqda?


11-12 mart kunlari Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkilotining huquq masalalari bo'yicha 18 ekspertdan iborat qo'mitasi O'zbekistondagi vaziyat yuzasidan hukumat hisoboti bilan tanishib chiqmoqda.

O'zbekiston delegatsiyasi mamlakatda siyosiy va fuqarolik huquqlari bo'yicha xalqaro pakt qanday bajarilayotgani to'g'risida ma'ruza qilmoqda.

Hisobotda aytilishicha, mamlakatda umumjahon huquqiy me'yorlariga rioya qilinadi va demokratik taraqqiyot uchun sharoit hozirlangan.

Anjumanda o’zbekistonlik huquq himoyachilari ham qatnashmoqda.

Respublika yuqorida tilga olingan bitimga bir necha yil avval imzo chekkan.

Hujjat davlat bo'yniga qator majburiyatlar yuklaydi, jumladan siyosiy erkinlik, tanlash va saylash huquqlarini ta'minlash.

“O'zbekiston hukumati qo'l qo'ygan, bajarishga majbur. Lekin ming afsuslar bo'lsinkim, avtoritar rejim xalqaro qonunlarni mensimaydi, ular hayotga tadbiq etilgan emas”, - deydi O'zbekiston inson huquqlari jamiyati faoli Baxtiyor Hamroyev.

Xyuman Rayts Uotch (Human Rights Watch) BMTda O'zbekiston hisobotini tinglanishi munosabati bilan maxsus bayonot tarqatgan.

Tashkilot nazarida respublika rasmiylarining xalqaro pakt yuzasidan hisobot berishi mamlakatdagi inson huquqlariga oid og'ir vaziyatga e'tibor qaratish uchun qulay bir fursat.

Dunyo bo'ylab inson huquqlarini himoya qiluvchi bu muassasa BMTni O'zbekistonga keskin talablar qo'yishga chaqirmoqda. Xususan huquq himoyachilarini ta'qib qilishni to'xtatishni; qiynoqlarni bas qilishni va dindorlarni tazyiq ostiga olmaslikni.

Mamlakatda huquq ahvoli ayanchli ekani sir emas. BMTda O'zbekiston hisoboti tinglanishi bilan vaziyat ijobiy tomonga o'zgarib qolmaydi, albatta.

Surat Ikromov kabi yetakchi faollar fikricha bugun respublikada hatto BMTning o'zi ham huquqni yaxshilanishi uchun biror arzigulik ish qilayotgani yo'q.

“Pozitsiya noma'lum... O'zbekistonda BMT vakolatxonasi faoliyat ko'rsatadi. Lekin u yerda kimlar inson huquqlari bilan shug'ullanadi, bu ma'lum emas. 2003-2004 yillarda bir-ikkita xodimlari bor edi, inson huquqlari bilan qiziqib yurgan. Lekin o'sha paytdan buyon hozirgacha ularni inson huquqlari bilan bog`liq vaziyatga qiziqishgani kuzatilgani yo'q”, - deydi O'zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari.

O'zbekiston hukumati BMTning qiynoqlarga qarshi qo'mita raisini mamlakatga kiritmay keladi.

Bir necha yillar avval tashkilotning o'sha paytdagi maxsus vakili Teo Van Boven O'zbekistonda fuqarolarga nisbatan qiynoqlar muntazam ravishda qo'llaniladi deya bayon qilgan edi.

Surat Ikromov bugun ham shu ahvol deydi.

“Yopiq sudlar boshlanib ketdi, normaga aylandi. Odamlar bu borada hech vaqo bilmaydi. Jurnalistlarni chaqirib qo'rqitishadi. Yaqinda fotograf Umida Ahmedova sudlandi. Mana jurnalist Xayrullo Hamidovning sudi kutilyapti. Bular hammasi bekorga emas. Ogohlantirish, qo'rqitish. Sal faol harakat qilgan odamlarni siquvga olish”, - deydi Surat Ikromov.

So'nggi yillarda inson huquqlari e'zozlanishini talab qilib chiqqan fuqarolardan kamida 15 nafari qamoqqa tashlangan.

Xalqaro hamjamiyat nazarida O'zbekiston hukumatini siyosiy mahbuslar – huquq himoyachilari, jurnalistlar va muxolifat a'zolarini biron shartlarsiz ozodlikka chiqarishi kerak.

XS
SM
MD
LG