Breaking News

O'zbekistonning BMTdagi vakili atom qurollari haqida gapirdi


O'zbekistonning BMTdagi vakili atom qurollari haqida gapirdi
O'zbekistonning BMTdagi vakili atom qurollari haqida gapirdi

<!-- IMAGE -->

Birlashgan Millatlar Tashkiloti a’zolari Yaqin Sharqni yadro qurolidan xoli hududga aylantirish tashabbusini yoqlab chiqmoqda.

<!-- IMAGE -->

Bu borada 1995 yilda rezolyutsiya qabul qilingan edi, biroq uning shartlari shu paytgacha amalga oshmagan.

Nyu-Yorkda BMTning yadroviy masalalarga bag’ishlangan majlisi o’tmoqda, unda dunyoning 189 davlati ishtirok etyapti.

Yaqin Sharq mintaqasida yadro qurollarini man etish to’g’risidagi, bundan 15 yil ilgari bitilgan hujjatni BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi – Britaniya, Fransiya, Xitoy, Rossiya va Qo’shma Shtatlar ma’qullagan.

Rossiya vakili Anatoliy Antonov kengash a’zolari nomidan so’zlar ekan, bu maqsadga erishish uchun konkret qadamlar tashlashga va rezolyutsiya ijrosini kuzatib borishga tayyormiz dedi.

Jarayonni tezlashtirish maqsadida Misr kelasi yili xalqaro anjuman o’tkazishni taklif qilmoqda. Misr elchisi Majid Abdulaziz deydiki, “mintaqani yadro qurolidan xoli zonaga aylantirish to’g’risida 15 oldin kelishib olingan bo’lsada, bu g’oyani olg’a surgan va uning ma’qullanishiga ko’maklashgan yirik davlatlardan biror sado chiqmaydi”.

AQShning yaqin ittifoqchisi Isroil, yadroviy arsenali bor yoki yo’qligi haqida bir ma’lumot bermasada, Yaqin Sharqda bunday qurolga ega yagona davlat deb ko’riladi. Betaraf davlatlar nomini olgan 118 a’zoli tashkilotga rais Misr nazarida, Isroil ixtiyoridagi qurollar sonini oshkor etishi va ularni tarqatmaslik bitimiga qo’shilishi lozim.

Isroildan tashqari mazkur bitimni chetlab kelayotgan yana ikki yirik davlat bu – Hindiston va Pokiston. Shimoliy Koreya esa uni 2003 yilda tark etgan.

O’zbekistonning BMTdagi vakili Murod Asqarov anjuman qatnashchilariga murojaatida Yaqin Sharqni Markaziy Osiyodek yadroviy qurollardan xoli mintaqa bo’lishga chaqirgan. Asqarov kechagi yig’ilishda Markaziy Osiyo davlatlari nomidan so’zlagan.

Uning aytishicha, mustaqillik yillarida bu respublikalar atom xavfidan qutulish uchun barcha zarur choralarni ko’rdi, xususan Yadroviy Qurollar Tarqalmasligini ta’minlovchi xalqaro bitimga amal qilindi.

Markaziy Osiyoni yadroviy qurollardan xoli zonaga aylantirish to’g’risidagi shartnoma 2006 yilda Semipalatinsk shahrida imzolangan edi.





XS
SM
MD
LG