Tojikistoning So’g’d viloyatidagi Chkalovsk, Taboshar shaharlari va Adrasmon shaharchasi sovet davrida harbiy sanoat uchun muhim vazifani o’tagan.
Bu yerlarda uran rudasi qazib olinar va qayta ishlanib Rossiyaga jo’natilardi.
Bu shaharlar bugungi kunga kelib Tojikiston shimolidagi ekologik xavfli hududlarga aylanib qoldi.
Tashlandiq holga kelgan eski konlar va radiatsiya o’ta kuchli bo’lgan hududlar aholi uchun ko’rinmas ajal makoniga aylangan.
Viloyatda o’nta aha shunday o’lim nuqtalari mavjud. Bu xalqaro terroristlar diqqatini jalb etishi mumkin.
Dunyo uran zaxiralarining 14 foizi Tojikistonda joylashgan. Ayrim tahlilchilar uran zaxiralariga boy hududlarga Xitoy biznesining kirib kelayotgani e’tiborga molik, deyishadi.
Tojikistonda radiatsiya xatari kuchli joylar So’g’d viloyatida joylashgan. Viloyatda radioaktiv chiqindilar yig’ilgan umumiy maydoni 180 gektar o’n hudud bor.
Mutaxassislar fikricha, u yerlarda qariyb 55 million tonna o’ta xavfli chiqindilar to’plangan. Bobojon G’afurov nohiyasi, Taboshar shahri, Adrasmon shaharchasi, Dehmoy va G’oziyon qishloqlari yaqinidagi radioaktiv chiqindilarga to’la joylar haligacha qo’riqlanmaydi yoki zararsizlantirilmagan.
Ho’jand Davlat universiteti professori, fizika fanlari doktori Xotam Murtazoyevning aytishicha, agar bu yerlarga odam bormasa, radioaktiv chiqindilar insonlarga zarar qilmaydi. Lekin u yerlarda odamlar metallolom-temir-tersak to’plashadi, chorva boqishadi.
“Tojikistondagi qonunga ko’ra, aholi uchun qabul qilinishi mumkin bo’lgan nurlanishning minimal sanitar miqdori 11,2, maksimum 57 mikrorentgen soatgacha. Radioaktiv chiqindilar yig’ilgan joylarda esa bu ko’rsatkich 200-300 dan, ba’zi joylarda 2000 mikrorentgen soatga yetadi. Kaliforniya universitetining Livermor milliy laboratoriyasi geofizigi Richard Nepp Tojikistonda bo’lganda “radiatsiya vaqt va chegara bilmaydi” deb to’g’ri aytgandi”,- deydi Murtazoyev.
Ba’zi tahlilchilarning aytishicha, bunday kuchli radiatsiyaning mavjudligi Tojikiston shimoliga xalqaro terror guruhlari e’tiborini jalb etishi mumkin. Dunyo ommaviy axborot vositalarida o’tgan yillar mobaynida radioaktiv elementlar kontrabandasi bilan bog’liq 300 dan ziyod holat kuzatilgani qayd etilgandi.
7 yil muqaddam Chkalovsk shahrida radoaktiv materiallar kontrabandasi bilan mashg’ul to’rt kishi qo’lga olingan. Joriy yil ilgari uran rudasini boyitish bilan mashg’ul “Vostokredmet” kombinati rahbariyati josuslikda ayblanib uzoq yillarga qamalgan.
Saraton kasalliklari bo’yicha mutaxassis, onkolog vrach Turdixo’ja Xojimurodov mahalliy go’daklar orasida xavfli o’sma kasalliklari ko’payib borayotganini radioaktiv chiqindilarning mavjudligi bilan izohlaydi.
Ho’jand shahriga tutash G’oziyon qishlog’ida saraton kasalligi o’tgan 5-6 yilda aytishlaricha 50 foizga ko’paygan. Bu yerda ulkan radioaktiv chiqindi manbai bor.
“G’oziyon yaqinidagi chiqindixona 90 gektar maydonda bo’lib, unda 19,8 million tonna radioaktiv moddalar mavjud. Shamol yoki boshqa tabiiy sabablar hamda odamlarning u yerdagi nazoratsiz faoliyati natijasida bu yer katta xavf tug’diradi”,- deydi professor Murtazoyev.
So’g’d viloyat tabiatni qo’riqlash va nazorat qilish qo’mitasi bo’lim boshlig’i Muzaffar Baqoyevning aytishicha, “odamlar bu katta maydonlarda mol boqishadi, bolalar o’ynashadi, u yerlardan oqib o’tuvchi irmoqlar ichimlik suviga qo’shilib ketadi”.
Tojik tabiatshunos olimi Munir Xo’jayev respublka shimolidagi Qurama va Mo’g’ul tog’ etaklari radioaktiv moddalarga boyligi sabab mintaqa aholisiga xatarli ekanligini ta’kidlaydi.
“Qurama va Mo’g’ul tog’lari geologik jihatdan rangli metallar - mis, qo’rg’oshin jumladan, uran singari rangli metallar makoni hisoblanadi va qazib chiqariladi. Sho’rolar davrida uran ishlab chiqarish juda ko’paydi va uning salbiy natijasini biz mana bugungacha ko’rib yuribmiz. Ayniqsa, xotin-qizlarimizning irsiyatiga salbiy ta’siri bizni tashvishga soladi”, - deydi Xo’jayev.
Chkalovsk shahar yadro va radiatsiya xavfsizligi agentligi boshlig’i No’mon Hakimovning bildirishicha, “bugungi kunda na mahalliy hukumat, na respublika hukumati radioaktiv chiqindilarni zararsizlantirish uchun zarur mablag’ga ega”.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, radioaktiv chiqindilarga to’la hududlarni zararsizlantirish uchun 300 million dollardan ortiq mablag’ zarur.
Ana shunday ajal makonlaridan birida otasining o’rnida qorovullik qilayotgan Suhrob ismli bola pul topish ilinjida bu yerda ishlovchilar borligini aytadi. “Ular pul uchun bu yerda metall kovlashadi, temir oluvchilar kelganda ularga sotib ketishadi. Ko’p kelishadi, o’nta, ba’zida ish ko’paysa, o’n ikkitagacha kelishadi,” - deydi 14 yoshli Suhrob.
Radioaktiv materiallarning nazoratsiz tarqalishi yadroviy terror uchun yo’l ochayotgani muqarrar, deydi olimlar.