AQSh nazarida Markaziy Osiyo o’z yonilg’i boyliklarini Janubiy Osiyo orqali jahon bozoriga chiqarishi mumkin.
Hindiston va Pokistonda yonilg’iga talab kun sayib oshib bormoqda.
Biroq ayrim siyosiy tahlilchilar nazarida buni mintaqa davlatlarining o’zi istashi va aniq strategiya bilan chiqishi lozim.
Bugungi dunyoda kimning nefti va tabiiy gazi ko’p bo’lsa, marra o’shaniki. Qozog’iston kabi yosh davlatlar buni yaxshi tushunib olgan.
AQSh Qozog’iston neft konlaridagi eng yirik sarmoyachi, lekin o’tgan bir yil ichida 56 million tonna xom neft ishlab chiqargan davlat qora oltinni qayta ishlash va uni jahon bozoriga olib chiqishda Rossiyaga tobedir. Tabiiy gaz va uran ishlab chiqarishda ham shu ahvol.
Yonilg’i sohasida Rossiya bilan tinimsiz olishib kelayotgan Ga’rbda Turkmaniston va O’zbekiston gaz zahiralariga qiziqish katta. Har ikki mamlakat ham mahsulotni Ozarbayjon orqali G’arbga yetkazishi mumkin, deydi bu borada chuqur izlangan olim Svante Kornell (Svante Cornell).
"Bu narsa avvalo hukumatlarning irodasi va davlatlar orasidagi aloqalarga bog’liq. Rossiya va Eron bunda katta rol o’ynaydi. Ular bunga rozi bo’ladimi? Turkmaniston va O’zbekiston uchun Yevropa va AQSh yordami qo’l keladi. Agar bu tomonlar real sarmoya bor, quvurlar qurilishini moliyalaymiz desa, menimcha, Turkmaniston va O’zbekiston yo’q demaydi",- deydi Kornell.
AQSh o’tgan yili ishga tushgan Baku-Tbiligi-Jayhun neft quvurini o’z hatti-harakatlari mahsuli deb ataydi. Quvur Kaspiy gazini Turkiya orqali Yevropaga yetkazmoqda.
Biroq AQSh diplomatlari nazarida Markaziy Osiyo o’z yonilg’i boyliklariga balki janubda, Afg’oniston, Pokiston va Hindistonda yirik xaridorlar topishi, qolaversa, ular orqali mahsulotni butun jahonga chiqarishi mumkin.
Janubiy Osiyo iqtisodiyoti tezlikda rivojlanmoqda va Markaziy Osiyo bu davlatlar bilan yaqindan ishlasa kam bo’lmaydi, deydi AQShning har ikkala mintaqa bo’yicha mas’ul diplomatlaridan Evan Feygenbaum (Evan Feigenbaum).
"Afg’onistonda ahvol sekin bo’lsa-da, yaxshilanmoqda. Markaziy Osiyo uchun sharq va janub tomon yangi imkoniyatlar paydo bo’lmoqda: savdo sotiq va dengiz bandargohlariga chiqish uchun. Amerika Afg’onistonni tiklashda asosiy rol o’ynar ekan, bu borada O’zbekiston va Turkmaniston kabi tabiiy jihatdan boy mamlakatlarni quvvatlashga tayyor. Biz bu hukumatlarga mavjud imkoniyatlarni qo’ldan boy bermang deymiz",- deydi Feygenbaum.
Yaqinda Toshkentda prezident Islom Karimov bilan muzokara qilgan Pokiston Bosh vaziri Shavkat Aziz fikricha, Afg’onistonni tinch davlat deyishga hali erta. Biroq Pokistonning O’zbekiston bilan savdo va yonilg’i sohalaridagi hamkorligida uni chetlab o’tish qiyin.
Yonilg’iga talabi kuchli Hindiston ham Markaziy Osiyoda o’z iqtisodiy quvvatiga va ishonchli hamkoriga ega bo’lish niyatida. Hindistonning Shanxay Hamkorlik Tashkiloti kabi guruhlarga kuzatuvchi sifatida kirishi ortida ham aynan yonilg’ini import qilish maqsadi yotadi.
Siyosiy tahlilchilar nazarida, Rossiya va Xitoy Markaziy Osiyo yonilg’i sanoatiga sarmoya kiritishda oldinda ketmoqda.
Biroq qaysi davlat mintaqa taraqqiyoti uchun sidqidildan hissa qo’shishni istaydi? Siyosatdonlar fikricha, eng muhimi chetdan sarmoya jalb etish. Chunki iqtisodiyotni samimiylik emas, sarmoya tebratadi.