Breaking News

Markaziy Osiyoda tabiiy boyliklardan kim foyda ko'rmoqda?


Tabiiy boyliklar va siyosat bobida izlangan ayrim olimlar fikricha ona zamin in’omlari har doim ham jamiyat taraqqiyoti uchun xizmat qilavermaydi. Markaziy Osiyo qanchalik boy mintaqa bo’lmasin, deydi ular, oddiy xalq uning huzurini ko’rayotgani yo’q.

Mavjud boylikni ishlab chiqarish, sanoatni yuritish, mahsulotni kimga sotish va undan tushgan daromadni qanday sarflash – jahon tabiiy zaxiralariga ega har bir davlat yuzlashadigan masalalar.

Xalqaro maydonda “golland kasali” degan bir fenomen bor. Tadqiqotchi Yoxannes Linn (Johannes Linn) unga yetaklovchi uch sababni tushuntiradi.

"Birinchidan, neft yoki gazga boy davlat ko’p hollarda butun ahamiyatni bu mahsulotni qazish va sotishga qaratib, boshqa sohalar chetda qolib ketadi. Ikkinchidan, tabiiy boylikdan tushgan daromad oshkor etilmaydi, byudjetda aniq ko’rsatilmaydi va moliyaviy beqarorlik olib keladi. Uchinchidan, korrupsiya va tajribasizlik tabiiy boyliklarni boshqarishni qiyinlashtiradi",- deydi Yoxannes Linn.

“Ideal jamiyatda, demokratik tuzumda xalq saylagan vakillar sanoatni nazorat qilib, daromadning fuqaro manfaatlari uchun sarflanishini ta’minlaydi. Afsuski, dunyoda bunday jamiyatlar kam. Markaziy Osiyoda bu borada gapirmasa ham bo’ladi. Ayrim davlatlarda neft yoki gaz yoki boshqa milliy mahsulot daromadi jamg’arilib, iqtisod og’irlashgan damlarda sarflanadi. Bu ham maqbul yo’l. Masalan Ozarbayjon neft bitganida ishlatamiz deya hozirdan alohida mablag’ ajratib qo’ymoqda”.

Dunyo siyosiy diqqatini Markaziy Osiyoga qaratayotgan asosiy sabablardan biri bu neft va gaz deb qaralsa, Qozog’iston qora oltin zaxirasi bo’yicha 12-o’rinda turadi.

Respublikaning taxminan 26 milliard barrel nefti bor. Ishlab chiqarishning 3o foizi va exportdan tushgan daromadning yarmidan ko’pi shu boylikka to’g’ri keladi. Mamlakatdagi tabiiy gaz rezervlari 2.8 trillion kubometr deb taxmin qilinadi. Kishi boshiga yillik daromad esa 11 ming dollar.

Turkmaniston tabiiy gaz zaxirasi qariyb 2,9 trillion kubometrni tashkil etadi. Jahonda bu boylik bo’yicha 12-o’rinda.

Resapublika har yili xorijga 70 milliard kubometr gaz eksport qiladi. Neft boyligi esa taxminan 600 million barreldan iborat.

Ammo bu mahsulotlar savdosidan tushayotgan daromad va xarajat sir tutiladi. Kishi boshiga yillik daromad 5300 dollar atrofida deb aytiladi, ammo mustaqil tahlilchilar buni tasdiqlamaydi.

Markaziy Osiyoning energetik jihatdan yana bir boy mamlakati – O’zbekiston. Tabiiy gaz zaxirasi 1,8 trillion kubometr, nefti esa qariyb 600 million barrel deb taxmin qilinadi.

Daromad va uning qanday sarflanayotgani yuzasidan bu davlatdan ham aniq hisobot olish qiyin. Kishi boshiga yillik daromad esa 2400 dollar.

“Hukumat oshkora ishlamasa va xalqqa daromad haqida hisobot bermasa, bu borada xorijiy sarmoyador va hamkorlardan biror ma’lumot olish mumkin. Lekin chet el kompaniyalari aniq raqamlar berishdan bosh tortadi. Hukumatlar singari ba’zi sanoatchilar ham xalq oldidagi mas’uliyatini his etmaydi”,- deydi Yoxannes Linn.

Yana bir achchiq haqiqat shuki, neft va gazga boy mamlakatlarning ko’pi farovon jamiyatlar emas: Venesueladan tortib, Nigeriya va Sudangacha; Iroq va Erondan tortib, Turkmaniston-u O’zbekistongacha.

Markaziy Osiyoda bozoq iqtisodiyoti va kapitalistik raqobat haqida gapirila boshlanganiga 17 yildan oshdi, ammo mintaqa o’z tabiiy boyliklarini jahon bozoriga asosan Rossiya orqali chiqaradi. Strateglar fikricha buning yomon tomoni yo’q, agar mamlakat uchun shu eng qulay va ma’qul yo’l bo’lsa.

Energetika masalalari bo’yicha mutaxassis Juliya Nanay izohicha, O’zbekiston va Turkmanistonda energetika sanoati butunlay davlat qo’lida.

Qozog’istonda asosiy sarmoyadorlar - g’arbliklar, xususan Chevron va ExxonMobil singari Amerikada asoslangan kompaniyalar.

Nanay fikricha shu bois Qozog’iston global iqtisodiy inqiroz ta’siri ostida. Ishlab chiqarish sekinlashishi mumkin.

“Turkmanistonda gaz bilan bog’liq har bir qadam davlat izni ostida. Neft sanoatida Italiyaning ENI kompaniyasi yirik hissador. Birlashgan Arab Amirliklari Milliy Neft Kompaniyasi ham katta ulushga ega. Shuningdek, Xitoy va Malayziya firmalari keyingi yillarda O’zbekiston va Turkmanistonda ancha faol harakat qilmoqda. Qolaversa, Rossiya (Lukoil, Gazprom) ham o’z rolini berib qo’ymoqchi emas",- deydi Juliya Nanay.

Sarmoya jalb qilish uchun O’zbekiston hukumati zarur sharoit yaratishga urinyapti, deydi mutaxassislar. Ammo tizimga ishonch past.

Tabiiy boyliklar uchun xaridorlar ko’p, lekin mahsulotni ularga yetkazish, yuqorida ta’kidlanganidek, murakkab masala. Masalan Xitoy, deydi Juliya Nanay, energiyaga tashna bozor, biroq neft va gazni unga sotish uchun quvurlar yo’q. Hozirda Turkmanistonda u tomon yangi quvur barpo etilmoqda. Juda qimmat va chigal loyihalar, deya sharhlaydi ekspertlar.

Qozog’iston neft sanoatidagi korrupsiya hollarini fosh etgan jurnalist Stiv Levin (Steve LeVine) deydiki, Markaziy Osiyo aholisi qora va oq oltin, tabiiy gaz va qimmatbaho metallar savdosidan naf ko’rmayotganini yaxshi biladi.

"Tabiiy zaxiralardan juda tor doira vakillari foyda olmoqda",- deydi “Neft va Shuhrat” degan kitob yozgan jurnalist.

Mazkur sanoatlarni yuritayotganlar bir narsani anglab yetishi kerak, deydi Stiv Levin, kayfu-safo uzoqqa bormaydi.

Ishsizlik, ijtimoiy tengsizlik keng qanot yozgan sari xalqning sabr kosasi ham to’la boshlaydi. Eng achinarlisi, deydi Stiv Levin, “davlatimiz boy, biz hammaga kerakmiz deb bong urayotgan amaldorlar aslida o’z yurtdoshlarini nonidan ayirmoqda”.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG