Breaking News

Jahon Banki O'zbekistonda yangi strategiya asosida ishlaydi


Kambag’al davlatlarga past foizda qarz berib, qashshoqlikka qarshi kurashishni o’z maqsadi deb bilgan Jahon Banki O’zbekistonda yangi strategiya asosida ishlashga qaror qildi.

Asosiy diqqat, deydi bankning Toshkentdagi direktori Lu Brefor (Loup Brefort), respublika aholisining turmush saviyasini ko’tarish va shu yo’lda moliya ajratishga qaratiladi.

Bank mamlakatda 1992 yildan beri ishlab keladi. Orada bir necha uzilishlar bo'lgan, ammo bank rahbariyati hukumat bilan qator muzokaralar ketidan loyihalarni qayta boshlab, sarmoya kiritishda davom etmoqda.

Xo'sh, yangi strategiya nimasi bilan "yangi"?

“Jahon Banki o’tgan ikki yil ichida vaqtincha tuzilgan reja asosida ishlab keldi,"- deydi Brefor. "Endi esa bank boshqaruv kengashi ma’qullagan aniq strategiyaga binoan keng qamrovli dasturlarni yo’lga qo’yamiz. Qishloq xo’jaligini rivojlantirish, ekologiya muhofazasi, kishi boshiga daromadni oshirish va iqtisodiy imkoniyatlar yaratish, maishiy xizmat ko’rsatish sohasini takomillashtirish kabi ishlar uchun moliya ajratamiz va texnik yordam beramiz”.

Lu Brefor qishloqlarda turmush darajasini ko’tarish taraqqiyot kaliti deydi. Sog’liqni saqlashdan tortib, ta’lim va mehnat, sanitariya xizmatlari va chuchuk suv bilan ta’minlashgacha.

O’zbekiston hukumati o’tgan yili tanishtirgan ijtimoiy himoya dasturi, Jahon Banki vakili nazarida, ijobiy qadam bo’lgan.

“Ijtimoiy himoya haqidagi qarordan bildikki, O’zbekiston hukumati, iqtisodiy ko’rsatkichlar yuqori bo’la turib, masalan yiliga 7-9,5 foiz, nega xalq hayoti yaxshilanmayapti deya o’ylanmoqda. Nega qashshoqlik darajasi pasaymayapti"?

Jahon Banki nazarida hukumat rejasi nazariy jihatdan ko’p narsani ko’zlasa-da, amalda nima qilmoq zarurligi haqida aniq maqsadlar belgilanmagan.

"Ammo bu borada harakat ketayotgani, bizningcha, ijobiy hol. Jahon Banki ana shu kamchiliklarni to’g’rilash, bo’shliqni to’ldirish uchun o’z hissasini qo’shmoqchi. Ham jamoat, ham xususiy sektorda”,- deydi Brefor.

Jahon Banki vakili deydiki, qishloq xo’jaligi va hayotini rivojlantirish uchun xususiy sektorni kengaytirish va unga yangi yo’nalishlar olib kirish lozim.

"Respublikada biznes yuritish oson emas", - deydi Lu Brefor.

"O’zbekistonda xususiy sektoridagi vaziyatni anchadan beri o’rganib kelamiz. Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (Jahon Banki bilan aloqador tashkilot) hukumat bilan muntazam muzokarada va qanday muammolar borligi hech kimga sir emas. Biznes ochish, uni yuritish bobida ozgina siljish bor, ammo umumiy ahvol hamon mushkulligicha qolmoqda. Mahalliy tadbirkorlar oldida rasmiy va moliyaviy to’siqlar juda ko’p. Biz hukumatga tadbirkorlik uchun imkoniyatlar yaratish, xususiy sektorga erkinlik berish muhim ekanini eslatib kelamiz”.

Lu Brefor O’zbekistonda oshkoralik yetishmasligi va korrupsiya chuqur ildiz otganini tan oladi. Jahon Banki o’z hisobotlarida bu borada qayta-qayta ogohlantirgan. Bu muammolarga qarshi kurash, deydi Lu Brefor, hukumat va aholi irodasiga havola. Bank bu borada yordam berishi mumkin, lekin jamiyat taraqqiy etishi uchun oshkoralikni ta’minlash, ma’muriyat va davlat organlariga ishonchni oshirish zarur deydi u.

“Mamlakat o’zi harakat qilmasa, Jahon Banki kabi xalqaro tashkilotlar vaziyatni o’zgartira olmaydi",- deydi Brefor.

"Oshkoralik faqat chet eldan ko’proq sarmoya jalb etish uchun emas, aholi hayotini yaxshilash uchun zarur shartlardan biri. Toki biznes muhiti faqat yirik xalqaro firmalar emas, mamlakatda qaddini rostlashga urinayotgan mahalliy kompaniya va tadbirkorlar uchun xizmat qilsin. Ana shundagina iqtisodiy barqarorlik vujudga keladi”.

O’tgan 16 yil ichida bank O’zbekistonga 650 million dollar ajratgan. Qoraqalpog’istonda qurg’oqchilikdan qiynalayotgan aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashga muvaffaq bo’lindi va qishloq xo’jaligida yangi irrigatsiya tizimlari tanishtirildi deydi Lu Brefor.

Qishloqlarda tibbiy xizmat markazlari ta’mirlanayotgani va xodimlar malakasi oshirilayotgani ham tilga olinadi. Jahon Bankining Toshkentdagi rahbari bular “kamtarona yutuqlar” deydi.

“Oldinda qilinadigan ishlar ko’p. Rivojlanayotgan jamiyat har tomonlama yordamga muhtoj. O’zgarishlar quyi jabhalardan boshlanishini unutmaslik kerak”,- deydi Lu Brefor.

Jahon Bankining bosh idorasi Vashingtondan joylashgan. Bank boshqaruv kengashi va ijrochi direktorlar kengashi tomonidan yuritiladi. Ijrochi direktorlar kengashida 24 a’zo bor.

Ulardan besh nafari AQSh, Britaniya, Germaniya, Fransiya va Britaniyadan, ya’ni bankka eng ko’p pul olib keladigan, shu tariqa eng ko’p ovoz va vakolatga ega davlatlardan.

Qolgan 19 ijrochi direktor bir necha mamlakatlarni o’z ichiga olgan guruhlar vakillaridir. O’zbekiston Shveytsariya yetakchiligidagi guruhga kiradi.

O’zbekistonning bankdagi badal hajmi qariyb 250 million dollar. Bu bank kapitalining 0,16 foizini tashkil etadi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG