Breaking News

AQSh kongressmeni: Markaziy Osiyo haqida yaxshi bilmaymiz


Yaqinda O’zbekistonga safar qilib, yuqori lavozimli rasmiylar bilan gaplashgan kongressmen Eni Faleomavaega fikricha Amerika va respublika bir-biri haqida hali ko’p narsa bilmaydi.

Faleomavaega AQSh Vakillar Palatasida Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha quyi qo’mita raisi.

Kongressmen Qozog’iston va Qirg’izistonda ham bo’lib, hukumat vakillari bilan muloqot qilgan.

Safardan oldin "Amerika Ovozi" bilan gaplashganida kongressmen aloqalarda yangi sahifa ochish vaqti yetganini uqtirgan va bu borada umidga to'la ekanini aytgan edi.

Tashrifdan xulosa shuki, deydi Faleomavaega, mintaqa bilan yaqindan ishlash uchun avval bu xalqlar bilan astoydil bog’lanish, tomonlar bir-biridan nima istashini aniqlab olish kerak.

“Markaziy Osiyodagi murakkab siyosiy-ijtimoiy vaziyatni, uning sabablarini tushunmay turib, butun mintaqa va har bir davlatga nisbatan to’g’ri qaror bilan chiqa olmaymiz”,- deydi kongressmen, Kapitoliydagi ofisida biz bilan suhbat qilar ekan.



“Birinchi navbatda, assalomu alaykum! O’zbekistonga va qo’shni davlatlarga safarimni yengil o’tdi deya olmayman. Qiladigan ishimiz ko’p. Bu mamlakatlar hali yosh va biz, Amerika ahli, ular haqida yetarlicha tushunchaga ega emasmiz. Bu xalqlar yuzlashayotgan masalalar ortida murakkab, tarixiy va ijtimoiy sabablar yotibdi. G’arbda buni yaxshi bilmaymiz. Men Vakillar Palatasida Markaziy Osiyo bilan munosabatlarga mas’ul qonunchi sifatida diqqatimni ana shu muammoga qaratmoqchiman. Muloqotni kuchaytirish kerak”",- deydi Faleomavaega.

- Kongressdagi safdoshlaringiz, mintaqaga nisbatan siyosatda muhim rol o’ynaydigan arboblar sizning bu qarashlaringizni quvvatlaydimi? Ular Markaziy Osiyo haqida qanchalik biladi?

“Bilasizmi, dunyoda Amerika diqqatiga molik mamlakat, mintaqa va masalalar juda ko’p. Markaziy Osiyo bilan uzoq-muddatli aloqalarni yo’lga qo’yish oson emas. Amerika mintaqa taraqqiyotiga hissa qo’shmoqchi ekani ayon. Lekin bir narsani tan olishimiz kerak. G’arbda, xususan AQShda biz boshqa xalqlardan haddan tashqari ko’p va katta o’zgarishlar kutishga o’rganganmiz. Ayniqsa demokratiyaga kelganda. Ularni o’z tarozimizda o’lchashga urinamiz. Lekin biz ham bugungi kunga yetguncha nimalarni boshdan kechirmadik. Qora tanlilarga saylovda ovoz berish huquqini bergunimizcha bir yarim asr o’tgan. 18 yil ichida bu davlatlar erkin jamiyatga aylanishi kerak deb kutish noto’g’ri”,- deya javob beradi Faleomavaega.

Qonunan AQShning tashqi siyosatini ijroiya organi - Oq Uy va Davlat departamenti (tashqi ishlar vazirligi) belgilashi va yuritishi kerak. Qarorlar Kongress tomonidan tasdiqlanishi shart.

Lekin Markaziy Osiyo Afg’onistondagi harbiy harakatlarda strategik yordam nuqtasi ekan, tahlilchilar nazarida, o’tgan sakkiz yildan beri munosabatlarni aynan AQSh Mudofaa vazirligi, Pentagon, tebratib kelmoqda.

Kongressmen Faleomavaega bu qarashga qisman qo’shiladi va qarorlar qonunchilar tomonidan ma’qullanayotganini ham eslatadi.

Yana bir masala bu huquq ahvoli. Respublikachi senator Jon Makkeyn va boshqa ko’plab qonunchilar nazarida O’zbekistondek yirik va huquq e’zozlanmaydigan jamiyatlarda demokratiya targ’ibotini oshirish AQShdek qudratli davlatlarning asosiy vazifalaridan biri bo’lishi kerak.

Faleomavaega huquqqa e’tibor xalqqa e’tibor degan naqlni tilga olib, erkin fikrlamaydigan jamiyat ravnaq topa olmaydi deydi.

Lekin, deydi u, erkinlik va haq-huquq talabi xalqdan chiqishi kerak. “Biz bunday ichki masalalarga aralashmasligimiz lozim”,- deydi Eni Faleomavaega.

“Demokratik o’zgarishlarni xalqning o’zi istab, qadamma-qadam, tushunib- anglab, qadriga yetgan holda amalga oshirishi kerak. Jon Makkeyn haq yoki nohaq demayman, ammo inson huquqlari bir jamiyatga xos narsa emas. U butun insoniyatniki. Odam borki, erkin yashashga, fikrlashga va so’zlashga haqli”.

- Aloqalar muntazam va samarali bo’lishi uchun siz o’z hukumatingizga va Markaziy Osiyo rahbarlariga nima taklif qilayapsiz?

"Tomonlar bir-birini eshitishi kerak, bir-biriga toqat qilishi va tushunishga harakat qilishi kerak",- deydi Eni Faleomavaega.

“Aniq va real maqsadlarni ko’zlagan dastur bilan chiqishimiz kerak. Faqat xavfsizlik yoki faqat energetik hamkorlik emas, xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan, odamlarga bevosita foydasi tegadigan effektiv strategiya kerak. Amerika uchun mintaqadagi har bir davlat muhim, lekin O’zbekiston eng yirigi ekan, unga ko’proq diqqat qaratmasak bo’lmaydi. Markaziy Osiyodagi har bir xonadon to’q yashashni, ilmli bo’lishni, erkin hayot kechirishni va haq-huquqi himoyalanishini istaydi. Biz yordam bermoqchi bo’lsak, oddiy odamlar dardini tinglashimiz, ularning hukumatlari bilan muloqot qilishimiz kerak. Bu oson kechmasligini tushunaman, ammo harakatda barakat”.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG