Breaking News

Ilmsizlik, ishsizlik - aqidaparastlikka yetaklovchi omillar


Bryusselda joylashgan Inqirozlarni o'rganuvchi xalqaro guruh (International Crisis Group) xulosa qilishicha, Qirg'izistonda ko'plab xotin-qizlar islomiy oqimlarga qo'shilib, borgan sari radikallashmoqda.

"Qirg'izistonda ayollar va radikallashuv" deya nomlangan mazkur xujjatda ushbu o'lka ayollarining ma'lum qismi Islomiy oqim – "Hizb ut-Tahrir" safiga qo'shilayotganini ta'kidlagan.

Guruh Qirg'izistonda "Hizb ut-Tahrir" 8000 yaqin a'zoga egaligi va ulardan 800 dan to 2000 ga yaqinini ayollar tashkil etishi mumkin, deya tahmin qiladi.

Qirg'iziston ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni bartaraf etmas ekan, yana ko'plab ayollar radikal Islomiy guruhlar safiga qo'shilib ketilishi mumkin deya ogohlantiradi Inqirozlarni o'rganuvchi xalqaro guruh.

O'shlik dinshunos Shamsibek Zokirov ushbu xulosaga qo'shiladi.

"Mamlakatda ayollar turmushi juda og'ir. Ayniqsa qishloqdagi ayollar jamoatchi ishlardan chetda qolishgan, o'z-o'zi bilan ovora deydi mutaxassis. Davlat tizimlari tomonidan ham yetarli tushuntirish ishlari olib borilmayatganidan shikoyatlari yig'ilib qolgan", - deydi Zokirov .

Janubiy Qirg'izistondagi ayrim dindor ayollar bunga sabab diniy bilimning pastligidir deydi.

Hoji aya Maryamxon Ahmedova fikricha ayollarning turli radikal diniy oqimlarga qo'shilib ketishining asosiy sababi ularning yetarli ilmga ega emasligida.

"Ayrim juvonlar ma'naviyati pastligi, bilim saviyasi pastligi sabab bunday oqimlar ta'siriga osonlikcha tushadi. Yana bir jihati shundaki, shahardagi ayollarga nisbatan ko'proq qishloq ayollari har xil radikal diniy guruhlar a'zosi bo'lmoqda. Chunki, qishloqlarda ta'lim tizimi deyarli yo'q ahvolda", - deydi otin.

Inqirozlarni o'rganuvchi xalqaro guruhning Markaziy Osiyo bo'yicha vakili Pol Kvin-Djadj nazarida qirg'iz siyosatchilari, davlat rasmiylari ijtimoiy va iqtisodiy adolatni ta'minlay olmasa, odamlar boshqa yo'llarni qidiraveradi.

"Bu kabi xatarni bartaraf etish uchin davlat tizimlari jamoatchilik bilan hamkorlikda ish olib borishi shart. Muammoni kuch bilan hal qilib bo'lmaydi", - deydi tahlilchi.

Dinshunos Shamsibek Zokirov ta'biricha muammo yechimi har tomonlama yondashuvda.

"Birinchi navbatda xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash kerak, ikkinchidan ayollarni jamoat ishlariga jalb etish lozim va diniy ta'lim hamda muloqotni yo'lga qo'ymoq kerak", - deydi Zokirov.

Maryamxon Ahmedova nazarida esa davlat ta'limot bilan shug'ullanayotgan ayollarga sharoit yaratib berishi zarur.

"Davlat miqyosida ayollar kengashi, jamoati bo'lishi kerak. Diniy ta'lim dasturi davlat yordamida rejalashtirilishi kerak", - deydi hoji aya.

Qirg'iziston hukumati dindor ayollar ehtiyojini qondirmas ekan, "Hizb ut-Tahrir" safi va nufuzi kengayib boradi, deydi xalqaro kuzatuvchilar.

Inqirozlarni o'rganuvchi xalqaro guruh Qirg'iziston hukumatini dindor ayollar bilan hamkorlik qilish uchun maxsus amaliy rejalar bilan chiqishga chaqirmoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG