Breaking News

Birdamlik qurultoyi Bishkekda namoyishlar ostida o'tgan


Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev Bishkekda birdamlik quriltoyi o’tkazgan.

Poytaxtda hukumatga qarshi namoyish qilayotgan muxolifat esa anjumanda qatnashmay, tuzumni korrupsiya va repressiyada ayblamoqda.

Qurultoy - bu muloqot va muhokama maydoni bo’lib, qirg’iz xalqi uchun azaliy bir an’ana.

"Bu anjumanga jamiyatning har-hil tabaqalaridan insonlar qatnashadi. U yerda xalqni qiziqtirayotgan masalalar muhokama qilinadi. Menimcha, bu yaxshi narsa”, deydi o’shlik shifokor Ikrom Abdullayev.

Ayni paytda tanqidiy fikrlar ham yo’q emas. Ayrim suhbatdoshlar fikricha, mustaqillik yillarida bunday qurultoylar besh-olti bor o’tkazilgan. Ammo jiddiy natija sezilmagan. Xulosa va qarorlar qog’ozda qolgan.

“Bizda bu kabi qurultoylar har yil o’tkaziladi. Shaxsiy fikrimcha, elga qandaydir foyda tegmayapdi. Faqat byudjetdan mablag’lar sarflanadi xolos. Ammo o’sha joyda ko’tariladigan savollar amalga oshsa, ancha yengillik bo’ladi”, deydi qorasuvlik dehqon Shuhrat Azimov.

Odatda anjuman davlat rahbari qarori bilan chaqirilib, yilda bir o’tkaziladi.

Prezident Bakiyev qurultoy fuqaroviy birdamlik hamda muhim qarorlar qabul qilishda manfaatlar balansini ta’minlashiga umid bildirgan.

“Mamlakatdagi hozirgi vaziyat xalq va hokimiyatning doimiy muloqotini taqozo etmoqda”, deydi prezident qurultoyda gapirar ekan.

Avvalroq qirg’iz muxolifati o’z anjumanini o’tkazgan edi. Bugun esa muxolifat vakillari qurultoy binosi yaqinida norozilik chiqishi qilgan. Militsiya xodimlari tomonidan 19 namoyishchi ushlangan.

Tahlilchilar qurultoylar aynan xalq vakillari hamda arboblari ochiq va xolis fikr almashish maskani bo’lishi kerak deydi. Kun tartibi ham davlat tizimlari tarafidan emas, balki xalq vakillari tomonidan belgilanishi lozimligi ta’kidlanadi.

“Respublikamizning prezidenti Qurmanbek Bakiyev davlat boshqaruv tizimlarida islohot ishlarini boshlagan. Menimcha, Birdamlik Qurultoyi ham ushbu programma asosida bo’layapti. Butun Qirg’iziston xalqining ushbu Qurultoydan umidi katta. Anjumanda muhokama qilinadigan savollar, qabul qilinadigan qarorlar davlat boshqaruv tizimlariga yetkazilib, ularga muhim qarorlar chiqarishda tavsiyalar berish kerak”, deydi Respublika o’zbek milliy-madaniy markazi ha’yat a’zosi Shavkat Tojiboyev.

Qurultoy qatnashchilarini saylash paytida mahalliy aholi qator taklif va talablarini izhor qilgan.

“Fuqarolarni qiziqtirayotgan bir-necha masalalarni, jumladan keskin ko’tarilgan elektr quvvati narxi, mulk soliqlari kabi savollarni qurultoyda yechish qiyin bo’lsa kerak”, deydi Shavkat Tojiboyev.

Uning nazarida Qirg’izistonda o’zbek jamoasi o’zbek maktablaridagi muammolar, jumladan, darsliklar va muallimlar yetishmasligiga ham e’tibor qaratilishini istaydi.

”O’zbek mutaxassislar boshqaruv tizimlariga faolroq jalb etilsa maqsadga muvofiq bo’lar edi”, deydi arbob.

Rasmiylar qurultoy milliy birdamlik va jipslikga xizmat qilishi, o’lka taraqqiyotiga hissa qo’shishini aytadi. Oddiy odamlarni esa bugungi turmush tashvishlari ko’proq o’ylantiradi.

Aytaylik, narx-navoning keskin oshishi, kundan-kun ko’payib borayotgan ishsizlik va boshqa hayotiy muammolar.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG