Jahondagi yirik mamlakatlar iqtisodiyotini larzaga solgan moliyaviy inqiroz asta-sekin chekinmoqda.
Ammo Markaziy Osiyo, ayniqsa Qirg’iziston kabi sanoatlashmagan qashshoq mamlakatlarda hozircha tuzalish alomatlari sezilmaydi. Aksincha, Rossiyadagi mardikorlar o’z mamlakatiga qaytishi bilan vaziyat yanada og’irlashayotgani aytilmoqda.
O’sh shahri aholisi vakillarining aytishicha, mamlakatda narxlar ancha ko’tarilib, savdo esa susayib ketgan.
“Men O’sh kiyim bozorida savdo qilaman. Dollar ko’tarilib ketgani sabab, olib kelayotgan mollarim narxi ko’tarilgan. Iste’molchilar xarid qilmayapti”, - deydi kiyim do’koni sohibasi.
“Oziq-ovqat narxlari ham oshib ketgan. Davlat rasmiylari bir chora ko’rishlari kerak. Moliyaviy krizisdan tezroq chiqib ketish yo’llarini o’ylash zarur”, - qo’shiladi suhbatga opaning qo’shnilari.
Iqtisodiy inqiroz birinchi navbatda kam ta’minlangan tabaqalarga zarba bergan.
“Nafaqaxo’rman. Hozirda, pishiqchilik paytida, oziq-ovqat, shakar, meva sabzavot narhlari ko’tarilgan. Sabablarini tushunmayapman. Olayotgan nafaqamga hech narsa qishga g’amlay olmayman”, - deb noliydi keksa ayol.
“Qirg’izistonda ishlab chiqarish, savdo-sotiq va aholiga xizmat ko’rsatish sohalarida pasayish kuzatilmoqda. Stabilizatsiya uchun tezkor harakatlar darkor, degan bosh vazir muovini Omurbek Babanov, Bishkekda bo’lib o’tgan matbuot anjumanida.
Milliy statistik qo’mita ma’lumotiga ko’ra, 2009 yilning birinchi yarmida Qirg’izistonda ishlab chiqarish qariyb 20 foizga ozaygan. Asosiy iqtisodiy hamkorlar - Rossiya va Qozog’iston o’lkada ishlab chiqarilayotgan mahsulotni sotib olishni kamaytirgan.
Chet elda faoliyat ko’rsatayotgan mehnat muhojirlaridan kelayotgan mablag’lar ham keskin kamaygan. Ishsiz qolgan muhojirlarning vatanga qaytishi ichki mehnat bozorida raqobatni kuchaytirgan.
O’sh shahar muhojirat va aholini ish bilan ta’minlash qo’mitasi xodimasi Samara Kojoyevaning aytishicha, Qirg’izistonga qaytib kelayotgan muhojirlar soni oshib ketgan holda o’lkadagi ijtimoiy holat keskin og’irlashadi.
Jaloloboddagi inson huquqlari tashkiloti faoli Abdumalik Sharipov mehnat bozoridagi vaziyatdan xavotirda. Uning nazarida, qaytib kelgan muhojirlar malakalari baland bo’lganidan ular ichki mehnat bozoridagi raqobatni kuchaytiradi. Bu narsa nizoga olib kelishi mumkin, deydi u.
O’z navbatida, mahalliy hokimiyat aholini muhofaza qilish maqsadida imkon qadar chora-tadbir ko’rayotir. O’sh shahar meri muovini Muhiddin Mamasidiqovga ko’ra, shaharda yo’lovchi tashish narxi pasaytirilgan, anti-monopoliya xizmati bilan hamkorlikda asosiy ozuqa narxlari ustidan nazorat o’rnatilgan.
Qirg’iziston iqtisodiyoti dunyo ekonomikasiga chuqur bog’lanmaganini aytayotgan rasmiylar mamlakat iqtisodiy inqirozdan katta ziyon ko’rmasligiga umid bog’laydi. Shuningdek, Rossiya va boshqa yirik davlatlardan kelayotgan katta moliyaviy yordam ham Qirg’iziston uchun ayni muddao.