Breaking News

Qirg'izistonda o'zbek aholi ona tilida axborot olishni istaydi


Qirg'izistonda o'zbek aholi ona tilida axborot olishni istaydi
Qirg'izistonda o'zbek aholi ona tilida axborot olishni istaydi

<!-- IMAGE -->

<!-- IMAGE -->

Qirg’izistonda o’tgan oy ro’y bergan siyosiy o’zgarishlar ketidan etnik mojarolarning oldini olish asosiy vazifa, deydi o’zbek faollar. Ular birdamlikka urg’u bermoqda.

O’zbek jamoatchiligi matbuot organlari orqali tashviqot olib borarekan, muammolar talaygina.

Yuzlab ming o’zbek yashovchi Janubiy Qirg’izistonda ularning ona tilida axborot uzatadigan vositalar juda kam.

“O’sh sadosi” viloyat ro’znomasi bosh muharriri Muhammadsoli Ismoilovning aytishicha, o’zbek tilidagi nashrlar davriyligi va tiraji ozayib ketayotganining asosiy sabablaridan biri moliya yetishmasligidir.

“Bundan tashqari o’zbek gazetxonlarining matbuot organlariga ehtiyoji va istagi susaygan. Ular balki, turmush tashvishlariga berilib gazetani xarid qila olmayapti”, - deydi u.

<!-- IMAGE -->

Mahalliy “Mezon TV” telekanali rahbari Javlon Mirzaxo'jayev fikricha esa bilimli yosh mutaxassislar juda noyob. Jurnalistlarning saviyasi past, deydi u, kadrlar masalasi o’zbekzabon gazeta va radiostansiyalarda eng dolzarb masala.

“Jurnalistika fakultetining 4-5 kurs talabalari ham hozirgacha jurnalistika nimaligini yaxshi tushunmaydi. Televideniye nashr emas. Bu sohalar orasida farq katta. Masalan televideniyeda insonning ko'rinishi, telegenetikasi bo’lishi kerak. Maktablardan, faollardan, talabalardan odam olishga harakat qilayapmiz. Ammo saviya juda past”, - deydi Javlon Mirzahodjayev.

Buning ustiga jurnalistlarning maoshi ham talabga javob bermaydi.

“Endi tayyorlab, o’stirib qo'ygan jurnalistlarimiz boshqa davlatlarga ketib qolishayapti. Sababi u yerlarda maoshlar ancha yuqori”, deydi "Mezon TV" boshlig'i.

Hozir Janubiy Qirg’izistonda o’zbek tilida 10 ga yaqin ro’znoma va teleradiokompaniyalar faoliyat ko’rsatadi.

“Respublika janubida poligrafiya xizmati sifat darajasi juda past. Shuning uchun gazetalarimiz haligacha qora-oq rangda chiqadi. Bishkekda chiqarsak katta mablag' kerak bo’ladi. Nashlarimizni yaxshi pardozlasak, rangli ko’rkam suratlar bilan bezatsak balki gazetxon ko’payib qolar”, - deydi Muhammadsoli Ismoilov, "O'sh sadosi" muharriri.

Ikki yil muqaddam Qirg’izistonda telekanal va radiostansiyalar ko’rsatuv va eshittirishlarining kamida 50 foizi davlat tilida tayyorlanishi kerak degan qonun qabul qilingan edi. Bu bilan o’zga tillarda ma'lumot tarqatish cheklangan.

“Qirg’izistonda hech bir telekanal ushbu qonunni to’la bajara olmaydi. Chunki davlat tilida yetarli audio va telemahsulot yo’q. Oqibatda aytilgan muvozanatni saqlash uchun biz o’zbek tilidagi eshittirishlarimizni ozaytirishimiz kerak”, - deydi “Mezon TV” rahbari.

Mahalliy televideniye va radiolar o'zbeklar uchun asosiy axborot va ma'naviy ozuqa manbai.

Radioto'lqinlar olish muammolari, moddiy masalalar va rasmiy bosimga qaramay ushbu kanallar bir amallab faoliyatini davom ettirmoqda, aholi talab-ehtiyojlarini qondirishga urinmoqda.

“Televideniyada biz yangi interaktiv usullarni qo'llayapmiz. Jumladan oquv dasturlari va bevosita muloqotlar”, - deydi Javlon Mirzaxo'jayev.

Moddiy masalada esa jurnalistlar mahalliy tadbirkor va badavlat insonlardan, qolaversa xalqaro tashkilotlardan yordam kutmoqda.

"Amerika Ovozi" har kuni o'zbek tilida yarim soatlik eshittirish (19, 21, 25 va 41 metr qisqa to'lqinda) va haftalik teledasturlar uzatadi. "Amerika Manzaralari" nomli bu siyosiy-ijtimoiy ko'rsatuv "Keremet" telekanalida har dushanba kech soat 8 da, seshanba kunlari esa kunduz 12:30 da efirga chiqadi. Eshittirishni Yamal sun’iy yo’ldoshi orqali jonli tinglash mumkin. Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da Hotbird sun’iy yo’ldoshi orqali takror uzatiladi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG