Bugun Jalolobodda omma oldida so'zlagan Kurmanbek Bakiyev prezidentlikdan ketishga rozi ekanini bildirgan, faqat bir shart bilan - muvaqqat hukumat uning xavfsizligini ta’minlashi kerak.
Bakiyev tug’ilgan yeri – Teyit qishlog’ida gapirar ekan, mojaroni tugatishni istashini va muvaqqat rahbar Roza Otunbayeva bilan muzokara qilishga tayyor ekanini aytgan.
Xavfsizlik xizmati muvaqqat rahbari Keneshbek Duishebayevning aytishicha, muxolifat rozi.
“Bakiyev va uning oilasi xavfsizligini himoya qilishga tayyormiz” deydi u.
Sal oldin Bakiyev “meni xalq saylagan, prezidentlikdan ketmayman” deb kelayotgan edi. Muvaqqat hukumat vakili Azimbek Beknazarov bugun tongda qilgan chiqishida, “prezidentning daxlsizlik huquqi bugundan e’tiboran bekor qilingan” dedi.
Bugun Jaloloboddagi namoyishda uch mingga yaqin odam qatnashgan. Aksariyati O’sh va Botkendan. Ular o’z chiqishlarida prezident Bakiyevni qo’llab-quvvatlashini, uning faoliyatidan rozi ekanliklarini aytgan. Kuzatuvchilar miting tinch va tartibli o’tganiga e’tibor qaratmoqda. Muvaqqat hukumat vakillari tomonidan biror qarshilik ko’zga tashlanmagan.
Bakiyev xalqqa murojaat qilib, “Vazirlarni almashtirishmoqda, bunga qarshi emasman, mayli”, degan.
“O’shda, Jalolobodda yurgan paytimdayoq aytdim, qarshilik ko’rsatmang dedim. Almashtirdimi, qo’yaver. Istagan odamini tayinlasin. Qo’lidan kelsa, ishlayversin. Bo’lar-bo’lmas lavozimni talashib, xalq orasida o’t chiqib ketmasin. Men shuni so’rayman sizlardan”,- deydi Bakiyev.
Jalolobodga kiraverishda katta yo’l qisman to’sib qo'yilgan. Yo’lga toshlar uyulgan.O’sh tomondan harbiy texnika olib kelinmoqda, shaharda vaziyat keskinlashadi degan taxminlar bor. Aholi orasida “Bakiyevni hech kimga bermaymiz”, degan da’vatlarni eshitish mumkin.