Jalolobodda sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev tarafdorlari namoyish uyushtirib, hokimiyat binosiga bostirib kirgan.
Aksiya qatnashchilari - 500 dan oshiq odam – mahalliy telestansiyaga kirib, ularga efir vaqti berilishini talab qilgan.
Guvohlarga ko’ra, vaziyatni tinchlantirish uchun Jalolobodga kelgan ichki ishlar vaziri Bolotbek Sherniyozov namoyishchilar hujumiga uchrab, mashinasida qochishga majbur bo’lgan.
Sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev hozir qayerda ekani noma’lum. Iste’fo haqida ariza bergach Qozog’istonda boshpana olgan Bakiyev, ayrim manbalarga ko’ra, uchinchi davlatga yo’l olgan.
Muvaqqat hukumat Bakiyev qayerda bo’lishidan qat’iy nazar u sud qilinishi kerak demoqda. “Prezident adolatdan qochib qutula olmaydi”, - deydi uning iste’fo xatini o’qib eshittirgan hukumat rahbari Roza Otunbayeva.
Bakiyev va uning qo’li ostida ishlagan rasmiylar korrupsiya va o’z lavozimini siiste’mol qilganlikda ayblanmoqda.
Bakiyevning qo’shni davlatda boshpana topishi Qozog’iston, AQSh va Rossiya rahbarlari hamda Yevropa vositachiligida amalga oshirilgan. Bosh maqsad, deydi rasmiylar, Qirg’izistonda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash.
Qo’shma Shtatlar muvaqqat hukumat bilan aloqada bo’lib, texnik va boshqa yordam taklif qilmoqda. Qirg’iz muxolifati nazarida, AQSh prezident Bakiyev davrida mamlakatdagi huquq ahvoli va repressiyalarga ko’z yumgan.
Ayni paytda muvaqqat rahbarlar Qozog’iston va boshqa davlatlardan u yerda yashiringan sobiq rasmiylarni ekstraditsiya qilishni so’ramoqda.