Iste’fo chaqiriqlarini rad etayotgan prezident Qurmanbek Bakiyev Birlashgan Millatlar Tashkilotidan Qirg’izistonga tinchlikparvar kuchlarni jo’natishni so’ramoqda.
Jalolobodda yashiringan Bakiyev fikricha, mamlakatda zo’ravonlik tarqalishining oldini olish va tartib o’rnatish uchun xalqaro hamjamiyatning yordami kerak.
“Namoyishchilarga qarshi o’t ochishga buyruq bermaganman. Xalqaro tergov komissiyasi tuzilib, qon to’kilishida kim javobgar ekanini aniqlasin”, - deydi Qurmanbek Bakiyev.
Qirg’iziston muvaqqat hukumati prezidentni sudga topshirishini aytmoqda. Avvalroq unga iste’fo evaziga shaxsiy xavfsizlik kafolati berilgan edi. Bakiyev uni qo’lga olishga urinishlar xunrezlik bilan tugashi haqida ogohlantirgan.
Ayni paytda prezidentning yuqori lavozimlarda ishlagan yaqin qarindoshlari, jumladan o'g'illari Maksim va Marat qidiruvda. Jinoiy ish ochilgan, biroq ular qayerda ekani noma'lum.
Amerika Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton muvaqqat hukumat rahbari Roza Otunbayeva bilan telefon muloqotda gumanitar yordam taklif qilgan. Otunbayeva AQSh “Manas” tranzit markazidan amaldagi kelishuvlar doirasida foydalanishi mumkin, degan.
Ayni paytda BMT va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vakillari Otunbayeva ma’muriyati bilan muzokara olib bormoqda.