<!-- IMAGE -->
Global miqyosda bir qadar iliqlasha boshlagan AQSh-Rossiya aloqalari Markaziy Osiyoda ziddiyat tomon burilishi mumkin.
Qirg’izistonda kechgan o’zgarishlar qudratli davlatlarni o’z manfaatlarini himoya qilishga, mustahkamlashga majbur etmoqda.
AQSh Markaziy Osiyoga xavfsizlikni ta’minlash va Afg’onistondagi vaziyat bo’yicha yaqin hamkor sifatida qaraydi. Rossiya uchun Markaziy Osiyo tarixan Kreml ta’sir doirasida bo’lgan hududlardan biri.
AQSh va Rossiya prezidentlari Chexiyada atom qurollarini kamaytirish haqidagi bitimga imzo chekayotgan bir mahalda Qirg’izistonda ikki qudratli davlat manafaatlariga bevosita daxldor bo’lgan o’zgarishlar boshlandi.
Yana boshlang'ich nuqtaga
Yuzga yaqin kishi qurbon bo’lgan to’polonlar natijasida Qirg’izistonda hokimiyat muvaqqat hukumat qo’liga o’tdi. Rossiya hukumati g’alayon tugamasdanoq muxolifatni qo’llab-quvvatladi. AQSh vaziyat bir qadar oydinlashgach, muvaqqat hukumat vakillari bilan muzokara boshladi.
Muvaqqat hukumat rahbari Roza Otunbayeva AQSh Qirg’iziston uchun uzoq muddatli hamkor bo’lib qolishini bildirmoqda. Hukumatga kelgan qirg’iz muxolifati vakillarida AQShga nisbatan ishonch bir qadar susaygani ham kuzatiladi.
Qirg’izistondagi voqealardan keyin mintaqadagi geosiyosiy vaziyat qanday rivojlanishi bugun ko’pchilikni qiziqtirayotgan asosiy mavzulardan.
Yaqinda Toshkentda AQShlik siyosatshunos, AQSh va Rossiya munosabatlari bo’yicha ishlagan sobiq diplomat Tomas Grexem (Thomas Graham) bilan uchrashuv o’tdi.
Olim fikricha Qirg’izistondagi voqealarda AQSh yoki Rossiya ishtirok etmagan. So’nggi paytda Qirg’izistondagi inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatga AQSh tomonidan ko’z yumilishi ham noroziliklarga turtki bo’lgan sabablardan emas.
“Menimcha Qirg’izistondagi voqealar asosan siyosiy elita o’rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli yuzaga chiqdi. Biz siyosiy qatlamlar o’rtasidagi kurashni bundan 5 yil avval ham kuzatganmiz, hozir ham bu kurash davom etmoqda. Men bu voqealarda Moskvaning qo’li bor deb hisoblamayman, lekin vaziyatdan samarali foydalanish uchun zudlik bilan harakat qildi”, - deydi olim.
Raqobat maydoni
Tomas Grexemga bu voqealardan keyin AQShning mintaqadagi o’rni zaiflashmagan. Aksincha, mintaqa davlatlari bilan aloqalar rivojlanib bormoqda, ayniqsa Afg’oniston bo’yicha e’lon qilingan yangi strategiyadan keyin.
“Rossiyaning ta’sir doirasi haqida gapiradigan bo’lsak, haqiqatda so’nggi paytda uning doirasi biroz kengaya boshlaganini kuzatish mumkin. Lekin tarixiy nuqtai nazardan qaraydigan bo’lsak, masalan 20 yoki 40 yil avvalgiga nisbatan bu ta’sirning ancha pastligi bilinadi. Rossiyaning nafaqat AQSh balki mintaqada faollashayotgan boshqa qudratli davlatlar ta’siriga qarshi tura olishi esa juda qiyin masala”, - deydi olim.
Sharhlovchilarga ko’ra Qirg’izistonda hokimiyat almashinuvi qudratli davlatlar manfaati to’qnashgan Markaziy Osiyodagi vaziyatni bir qadar ziddiyatlashtirgan. Qurmanbek Bakiyev iste’fosi AQSh, Rossiya va Qozog’iston prezidentlari o’rtasida kechgan muzokaralar orqali hal bo’ldi. Qirg’izistonda ikki hokimiyatchilikka barham berilgan bo’lsada, muvaqqat hukumat vaziyat ustidan to’liq nazorat o’rnatdi deyish qiyin. Hozirgi vaziyatda ko’p narsa muvaqqat rahbarlar tashqi siyosatda qanday yo’l tutishiga bog’liq.
“Qirg’izistonda xalq ko’tarilishi mamlakatni ichki hodisasi, bunda tashqi kuchlarni qo’li yo’q. Buni Bakiyevni o’zi ham e’tirof etdi. Nazarimda geosiyosiy jarayonda unchalik o’zgarishlar bo’lishi kutilmaydi. Muvaqqat hukumatga rossiyaparast yoki g’arbparast rahbar kelishidan qat’iy nazar, xalqaro tizimda Qirg’izistonni o’z o’rni, o’z vazifalari bor. Qirg’iziston bundan chekina olmaydi”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov.
"Tezkor" Rossiya
Qirg’iz voqealari mintaqadagi siyosiy vaziyatga jiddiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. Bakiyev hukumati Qambarota GESini xalqaro ekspertiza qilish masalasida rasmiy Toshkent bilan kelishgan edi. Ziddiyatlar esa asosan Rossiyaning O’shda harbiy baza ochish qarori yuzasidan davom etayotgan edi.
“Rossiya birinchi harakatlarni qildi bu borada. [Vladimir] Putin [Roza] Otunbayeva bilan gaplashib yordam va’da qildi. Bakiyev esa Rossiya rahbariyatini juda jig’iga tekkan edi, hali u tomonga, hali bu tomonga og’ib. Medvedev darrov 150 desantchilarni yubordi, haqiqatda ularni qanchaligini hech kim sanagani yo’q. Lekin bunga ehtiyoj yo’q edi. Rossiyani, AQShni bazasiga ham hech kim hujum qilayotgani yo’q edi. Rossiya bu bilan o’z manfaatlarini qanday himoyalashini namoyon etdi. Kelajakda yana Botkentda qo’shimcha harbiy baza ochishni rejalayapti. O’zbekiston esa bunga qarshi. To’g’ri ham qiladi, chunki Rossiyaning Xitoy bilan aloqalari keskin bo’lganda bunga asos bor deyish mumkin edi, lekin munosabatlar juda yaxshi, mintaqa davlatlari bilan ham. Baza uchun asos yo’q”, - deydi sharhlovchi Fayzulla Is’hoqov.
Qanday demokratiya bo'lishini vaqt ko'rsatadi
Qirg’iziston mintaqadagi eng liberal davlat sifatida tanilgan. 2005 yilgi inqilobdan keyin hukumatga kelgan Qurmanbek Bakiyev o’tgan yili ikkinchi bor prezidentlikka saylandi. Uning partiyasi parlamentda ko’pchilik ovozni oldi. Mazkur saylovlar arafasida va undan keyin Qirg’izistonda muxolifatga bosim kuchaydi, Bakiyev hukumati avtoritar rejimga aylana boshladi. Tanqidchilarga ko’ra AQSh Qirg’izistonda avtoritar rejim kuchaya boshlaganiga e’tibor qaratmadi. Vaziyat navbatdagi hukumat almashishi bilan tugadi.
“Bakiyevni nimada ayblashdi - poraxo’rlik kuchayishi, muhim iqtisodiy tarmoqlarni qarindoshlariga ajratib berishda, demokratiyani poymol qilishda ayblashayapti. Bundan avvalgi inqilob tufayli hokimiyatdan ketkazilgan Akayev ham aynan shu kamchiliklarda ayblangan edi”, - deydi Farxod Tolipov.
Mulohazalarga ko’ra hozirgi paytda Qirg’izistonda demokratik tamoyillarni saqlab qolish, erkin fuqaro jamiyati rivojini kafolatlash eng muhim vazifalardan bo’lishi kerak.
“Agar demokratiyaga qarshi turgan rejimlar boshida Rossiya turadigan bo’lsa, albatta Qirg’izistondagi vaziyatga o’z ta’sirini o’tkazadi. Bu terorrizmga qarshi kurash amaliyotida ham, “Manas” bo’yicha ketayotgan munozaralarda ham bilinadi. Shu nuqtai nazardan Qirg’izistonda demokratiya bo’ladimi, yoki Rossiyadagi kabi boshqariladigan demokratik rejim paydo bo’ladimi, buni keyingi siyosiy jarayonlar ko’rsatadi”, - deydi mahalliy faollardan biri Abdurahmon Tashanov.
AQSh: Huquq himoyasiga pragmatik yondashuv
Qirg’izistondagi voqealar Amerikaning mintaqaga nisbatan siyosatida biror o’zgarish yasashi kutilmayapti. Muvaqqat hukumat tranzit markazi bo’yicha AQSh bilan shartnomani kuchda qoldirgan. AQShning mintaqadagi asosiy manfaatlari xavfsizlikni ta’minlash va Afg’onistonda barqarorlik o’rnatish bo’yicha hamkorlikni rivojlantirish bo’lib qolmoqda.
Tomas Grexemning ta’kidlashicha, AQSh mintaqada demokratik tamoyillar, inson huquqlari masalasiga befarq emas, faqat bu boradagi hamkorlik aniq pragmatik asoslarga ko’chmoqda.
“Rossiya bilan hamkorlikdagi diplomatik tajribamdan kelib chiqqan holda gapirmoqchiman. Agar AQSh bu borada keskin pozitsiyada turib tanqid qila boshlasa, bu vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkin. Shuning uchun men AQSh mintaqada demokratik tamoyillar va inson huquqlari masalasini unutgan deb hisoblamayman. Faqat bu jarayonga yondashuv bir qadar pragmatik asosda qurilmoqda. O’ylaymanki, kelajakda bu yondashuv o’z samarasini ko’proq namoyon etadi, deylik keskin pozitsiya tarafdori bo’lgan Bush ma’muriyatidan farqli”, - deydi Grexem.
"O'zbekistonda xalq qo'zg'alsa to'xtatish qiyin bo'ladi"
O’zbekistonning Qirg’iziston bilan chegaralari yopiq. Rasmiy Toshkent tartibsizliklar qo’shni tumanlarga ko’chishidan xavotirda. O’zbek muxolifatiga ko’ra mamlakatda huquq ahvoli tobora og’irlashib bormoqda, ta’qib va tazyiqlar muttasilligi odamlarda norozilik kayfiyatini kuchaytirgan. Qirg’izistondagi kabi voqealar O’zbekistonda ham ro’y berishi ehtimoli mavjud.
“Albatta ta’siri bor bu voqealarni. Lekin O’zbekistonda kuzatiladigan bo’lsa talofatlar ancha ko’p bo’ladi. Shuning uchun ham bu yerda qo’zg’alish qiyinroq, lekin bir qo’zg’alsa uni to’xtatish ham qiyin. O’zbekistonda xalq hokimiyatdan mutlaqo chetlatilgan. Xalq befarq, hokimiyatga ishonchini butunlay yo’qotgan. Har kim o’z kunini o’zi ko’rish bilan ovora”, - deydi muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.
Olim Tomas Grexem nazarida AQShning O’zbekiston bilan aloqalari yaqin kelajakda rivojlanish tendensiyasini saqlab qoladi. Vashington uchun Afg’oniston bo’yicha hamkorlik ustuvor masala.
Iqtisodiy munosabatlar rivojlanishi, investitsiyalar hajmi oshishi kerak, biroq bu narsa O’zbekistondagi iqtisodiy sharoitga bog’liq masala.