Breaking News

Qurmanbek Bakiyev Qozog'istonda, prezidentlikdan voz kechdi


<!-- IMAGE -->

Qirg'iziston muvaqqat hukumatining bildirishicha, prezident Qurmanbek Bakiyev vakolatlarini topshirish haqidagi arizaga imzo chekib, harbiy samolyotda Qozog'istonga chiqib ketgan.

Qurmanbek Bakiyev Jalolobodda matbuot anjumani o'tkazib, ayrim davlat rahbarlari bilan telefon orqali gaplashganini ma'lum qilgan edi.

Xususan, uning aytishicha, Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko muxolifatni davlat to'ntarishida ayblab, prezidentga siyosiy boshpana taklif qilgan, ammo Bakiyev taklifni rad etgan.

Shundan so'ng Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev Bakiyevni Ostonaga da'vat etib, muvaqqat hukumat bilan muzokarada vositachi bo'lishni taklif etgan.

Ma'lumki, Qozog'iston Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga bu yili raislik qilmoqda. Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Kanat Saudabayev tashkilot raisligi nomidan bayonot chiqarib, Bakiyev Qozog'istonga yo'l olganini ma'lum qilgan.

Unda aytilishicha, Qozog'iston, Rossiya va AQSh rahbarlari hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bishkekdagi muvaqqat hukumat bilan Bakiyevni mamlakatdan olib chiqish haqida kelishib olgan.

Bu Qirg'izistonda barqarorlikni tiklash va fuqarolik urushining oldini olish yo'lida muhim qadam, deyiladi bayonotda. Bakiyevning ketishi bilan yurtda tinchlik qaror topadi, degan taxminlar bor.

Ommaviy axborot vositalariga ko'ra, Qozog'iston rahbariyati Bakiyevni qabul qilishdan oldin undan iste'foga chiqishni talab qilgan. Muvaqqat hukumat bayonot chiqarib, Bakiyevning yaqinlari va mamlakat janubida so'nggi daqiqagacha u bilan bo'lgan tarafdorlaridan hech kim Qirg'izistondan chiqarilmagan, deydi.

Bugun, shuningdek, muvaqqat rahbar o'rinbosari Olmosbek Atambayev iqtisodiy yordam so'rab Turkiyaga borgan.

XS
SM
MD
LG