Breaking News

O'zbeklar o'z xalqini siyosiy jihatdan qoloq deb hisoblaydi


Ayrim tahlilchilar nazarida Qirg’izistondagi inqilob va sobiq Sovet mamlakatlaridagi siyosiy jarayonlar fonida O’zbekiston siyosiy jihatdan juda passiv davlat, o’zbeklar esa siyosiy passiv millat bo’lib ko’rinadi.

Amerika ovozi bilan suhbatda bo'lgan yoshlar o’zbeklarni siyosiy jihatdan sust deb hisoblaydi va bunga bir necha sabab ko'rsatadi. Ularning birinchisi – tarixiy, Stalin davriga borib taqaladi, deydi Angliyada yashovchi Abdulloh ismli yigit. Boshqa sabab, uning fikricha, matbuotning erkin emasligi.

Buyuk Britaniyadagi yirik universitetlardan birida magistrlik darajasini olgan Farida O’zbekiston hukumatining nodemokratik siyosatiga ham ishora qiladi.

“Hukumat har bir fuqaroning siyosat bilan shug’ullanish ishtiyoqini yo’qotish uchun harchand urinmoqda. Yoshlarda fuqarolik pozitsiyasining bo’lmasligi uchun, odamlarning tanqidiy fikrlamasligi uchun harakat qilmoqda.”

Qirg’izlarning siyosiy tomondan faol bo’lishiga sabab bo’lgan omil, ya’ni kuchli muxolifat va liderlar, AQShda o’qib-mehnat qilayotgan Kamoliddin fikricha, O’zbekistonda yo’q.

Suhbatdoshlarimizning barchasi o’zbeklarning siyosiy sahnada faolsizligi negizida shaxsiy xavfsizlik omili muhim ro’l o’ynashini birday ta’kidlaydi. Siyosat bilan shug’ullanishdan oldin har bir odam avvalombor o’z oilasi taqdirini ko’z oldiga keltiradi, deydi ular.

Mustaqil jurnalist, Angliyada istiqomat qilayotgan Shohida To’laganova fikricha, 2005 yil may oyidagi Andijon voqealaridan so’ng xalqning siyosatga qiziqishi yanada so’nggan.

Bir necha yil ilgari O’zbekistonni tarixiy vatani deb bilib Qirg’izistonni tark eta boshlagan o’zbeklar bugunga kelib tarixiy vatanga qaytish ishtiyoqidan qaytgan. Chunki Qirg’izistonda ular o’zlarini ancha erkin his qilishini aytmoqda. Vashingtondagi nufuzli universitetlardan birida doktorlik darajasini yoqlayotgan o’shlik yosh siyosatshunos Alisher Hamidov Qirg’izistonda o’zbeklar ancha faol deydi.

Iqtisodiy tushkunlik va repressiv siyosat ayrimlar nazarida oddiy o’zbek xalqining kelajakka umidini so’ndirdi. Norasmiy manbalarda keltirilishicha, 3-5 millionga yaqin o’zbeklar va o’zbekistonliklar erkin va to’q hayot ilinjida turli mamlakatlarga chiqib ketgan. Bu mustaqil kuzatuvchilar fikricha millatning zamonaviy tarixidagi eng katta fojialaridandir.

Siyosiy faollik so’z, matbuot va uyushish erkinligi mavjud ochiq jamiyatda kuzatiladi. Masalan, AQSh yoki Yevropada. Biroq ayrimlar nazarida nodemokratik mamlakatlarda siyosiy ta’qibning kuchayishi yoki iqtisodiyotning sustligi ham odamlarni siyosiy faolikka chorlaydi. Bunday jamiyatda hukumat odatda aholining siyosatga bo’lgan qiziqishini susaytirishga harakat qiladi, chunki uning siyosiy faolligi tuzumga qimmatga tushishi mumkin.

Abdulloh O’zbekistonda hukumat repressiv siyosati bilan xalqni siyosatdan uzoqlashtirishga harakat qilmoqda. Buning ta’siri chet-elda ham seziladi, deydi u.

Siyosiy faollikni oshirish uchun, deydi yaqinda O’zbekistondan AQShga kelgan Biloliddin ismli yigit, matbuotni erkinlashtirish kerak.

Farida davlatni Sovet dunyoqarashlari bilan boshqarayotgan siyosatchilar hokimiyatdan ketishi kerak deydi.

“Agar yaqin kelajakda bu hol sodir bo’lmasa, yana bir avlodni yo’qotgan bo’lamiz. Hokimiyat tepasida kommunistik elita, partokratlar, eskicha, Sovetcha fikrlaydigan kishilar hali ham turibdi. Yoshlar esa mamlakat siyosiy hayotida umuman ishtirok etmayapti."

AQShda o’qib-mehnat qilayotgan Kamoliddin fikricha O’zbekistonda ta’lim tizimini yaxshilash lozim. Bilimi yuqori xalq evolyutsion tarzda rivojlanadi, deydi u.

O’zbekistonlik yoshlarga chet-elda ta’lim olish imkoniyatini bergan “Umid” dasturi hamda AQShda bepul o’qish dasturlarini taklif qilgan “AKSELZ” va “AYREKS” tashkilotlari yopilgan. Biloliddin fikricha, hukumat yoshlarning chet-elda siyosiy qarashlari boyiganidan xavotirga tushgan.

Kamoliddin chet-elda o’qishdan qaytgan kishining siyosiy saviyasi oshishi mumkin, biroq uning boshqalarga ta’sir qila olishi qiyin, deydi, chunki ular mamlakatda ozchilikdir.

2005 yil may oyidagi Andijon voqealaridan so’ng O’zbekistonda faoliyat yuritgan ko’plab xorijiy va mahalliy nodavlat tashkilotlari ham yopilgan. Suhbatdoshlarimiz nazarida aholining siyosiy faolligi va saviyasini oshirish bilan shug’ullangan va muxolifat bilan ish olib borgan ayrim xorijiy tashkilotlarning Ukraina, Gruziya va Qirg’izistondagi inqiloblarda roli matbuotda yoritilgach O’zbekiston hukumati hushyor tortgan va qarshi choralar ko’rgan.

Suhbatdoshlarimiz mamlakatda siyosiy vaziyat o’zgarmaguncha va siyosiy islohotlar o’tkazilmaguncha faollik kuzatilmasligini ta’kidlaydilar. Prezident Karimovning siyosiy partiyalarni faolroq bo’lishga chaqirishi, deydi ular, oddiy xalq tugul siyosatchilarning o’zlari faol emasligidan dalolatdir.

(Lavhaning birinchi qismini mana ikkinchi qismini mana tinglash mumkin)

XS
SM
MD
LG