Yevropa Ittifoqi prezidentligini bajarayotgan Portugaliya ittifoq nomidan bayonot chiqarib, muxbirimiz Alisher Soipovning o’ldirilganini qoraladi. Tashkilot jurnalist faoliyatini yuqori baholamoqda.
Ittifoq Qirg'iziston hukumatidan jinoyatni tergov qilishni va qotillarni topib, sudga tortishni so'ramoqda.
Alisherning faoliyati bilan yaqindan tanish mutaxassislar va hatto Qirg'iziston ombudsmani Tursunboy Bakir o'g'li O'zbekiston bilan aloqador shaxslar amalga oshirgan deya taxmin qilmoqda. Ular nazarida Alisherning o'tkir, tanqidiy va chuqur tahlil qilingan maqolalari siyosiy doiralarga yoqmas edi.
Inson huquqlari bo'yicha “Xalqaro amnistiya” tashkilotiga ko’ra Soipovning o’limi nafaqat Qirg’izistonda, balki butun Markaziy Osiyoda so’z erkinligi ahvoliga salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Qirg’izistonning AQShdagi elchisi, sobiq jurnalist, Zamira Sidiqova ham shunday fikrda.
"Bu Qirg’iziston jurnalistikasi uchun ham katta fojia, ham dog’dir," - deydi Zamira Sidiqova. "Qotillik jurnalistlarimizning mardligidan dalolat."
"Jurnalistika xavfli kasb, jurnalistlar esa doim xavf ostida. Jurnalistning o’ldirilgani ortida siyosiy sabablar borligi tabiiy hol. Chunki jurnalistika bu siyosiy vosita. Tabiiyki jurnalistlar siyosiy jarayonlarni yoritadi".
"Ayniqsa," - deydi Qirg’iziston elchisi, "Farg’ona vodiysi siyosiy o’yinlar o’chog’iga aylangan va jurnalistlar uchun jiddiy tahdid kasb etadi. Vodiyda turli guruhlarning katta manfaatlari yotibdi. Siyosiy, diniy, jinoiy guruhlar manfaatlari".
Qirg’izistonning AQShdagi elchisi Lolaqizg’aldoq inqilobidan oldin faol va ko’zga ko’ringan jurnalist bo’lgan. Mamlakatdagi ilk mustaqil gazeta - “Respublika”ning asoschisi.
Asqar Akayev davridagi muammolarni qo’rqmay yoritgani uchun bir necha bor ta’qibga uchragan, panjara ortiga tashlangan. 2000 yili xalqaro jurnalistik sovringa sazovor bo’lgan. 2005 yilda esa elchilikka tayinlangan.
Alisherning o’limi yuzasidan tergovning sekin ketayotganidan va umuman so’nggi paytda ko’plab siyosiy jinoyatlarning ochilmayotganidan norozi bir guruh qirg’izistonlik jurnalistlar hamkasblarini militsiyaga boykot e’lon qilishga chaqirmoqda.
"Ozodlik ovozi” gazetasi va “Jurnalistlar” jamoatchilik tashkiloti rahbarlari jurnalistlarni noyabr oyi boshida bo’ladigan Militsiya kunida huquq tartibotchilarini tabriklamaslikka, ular haqida maqola yozmaslikka da’vat etmoqda.
“Militsiya jurnalistlar xavfsizligiga befarq bo’lsa, nega endi jurnalistlar militsiyaga e’tiborli bo’lishi kerak ekan”, - deydi boykotga da’vat etayotgan jurnalistlar.