AQSh-Markaziy Osiyo aloqalariga 2006-2007 yillar orasida mas’ul bo’lgan Evan Feigenbaum fikricha Qirg’iziston siyosiy o’yinlar makoni.
Feigenbaum, mintaqa bo'yicha bosh diplomat sifatida, bu mamlakat muxolifat yetakchilari, jumladan hozirda muvaqqat hukumatni boshqarayotgan Roza Otunboyeva va uning muovinlari bilan ko’p marta gaplashgan. Ayniqsa Bakiyev ma’muriyatida xizmat qilib, keyinchalik oppozitsiyaga qo'shilgan siyosatchilarni yaxshi biladi.
Qirg'iziston xalqi ham ular nimaga qodir ekanini tushunadi. Almaz Atambayev bosh vazirlik va Umurbek Tekebayev parlamentga raislik qilgan paytda mamlakat iqtisodiyoti gurkiradi deya olmaymiz. Har ikkisi prezident Kurmanbek Bakiyev bilan chiqisha olmay ishdan ketgan. Har ikkisi idoraviy nayrang va ayyorlikda ayblangan.
“Muammo shundaki, Qirg'izistonda arboblar xalq manfaatlari haqida unutgan. Boshqaruv asoslariga qaytish kerak. Iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish uchun nima qilmoq kerak deb o’ylash kerak”, - deya mulohaza yuritadi u.
<!-- IMAGE -->Taraqqiyot masalasi chetga surilib, deydi sobiq rasmiy, hokimiyat uchun kurash arboblarni ko’r va kar qilib qo’ygan. Iroda va mas'uliyat yetishmaydi.
“Davlat tepasiga kim kelishidan qat’iy nazar, mana shu illatlardan voz kechilmasa, oldinga siljish yo’q,” - deydi Evan Feigenbaum.
Hozir u Vashingtonda Tashqi Aloqalar Kengashi (Council on Foreign Relations) nomli xususiy, siyosiy tahlil markazida yetakchi mutaxassis.
Davlat departmentidagi sobiq hamkasblari va Oq Uyga maslahati shuki, Amerika-Qirg’iziston aloqalari faqat Manasdagi bazaga bog’lanib qolmasin.
“Ikki davlat orasidagi hamkorlik faqat baza bilangina cheklanmaydi. Ta’lim, taraqqiyot, sog’liqni saqlash va biznes sohasida yordamni oshirib, diqqatni oddiy insonlar uchun muhim sohalarga qaratish kerak".
Sobiq diplomat fikricha, maqsad agar Qirg’izistonni tinch va osoyishta bir jamiyat sifatida ko’rish bo’lsa, har qanday ziddiyatga qaramay Rossiya va AQSh birgalikda yordam berishi, besh milliondan ortiq aholiga ega bu davlatni oyoqqa turg’azish uchun hissa qo’shishi kerak.
"Qo’shni mamlakatlarga kelsak", - deydi Evan Feigenbaum, "siyosiy norozilikka toqati yo’q bu hukumatlar xavfsizlik choralarini mahkamlayotgan bo’lsa ajabmas.
“Mintaqa rahbarlari Qirg’izistonda 2005 yilda va mana o’tgan hafta ro’y bergan voqealar ularning davlatida yuz bermasligini ta’minlash uchun qo’ldan kelgan barcha harakatni qilayotganiga shubham yo’q”, - deydi u.
Evan Feigenbaum mamlakatlarni bir-biriga taqqoslash qiyin deydi va qisqa muddatda biror olamshumul o’zgarish bo’lishiga ishonmaydi. Amerika, deydi u, uzoq muddatni ko’zlab ish tutishi kerak.