Qirg’iziston muvaqqat rahbari Roza Otunbayeva nafaqat o’z mamlakatida balki butun Markaziy Osiyoda eng yuqori siyosiy pog’onaga ko’tarila olgan ayol.
Qolaversa, deydi siyosatdonlar, sobiq Sovet Ittifoqi hududida u singari layoqatli ayol arbobni topish qiyin.
Qirg’iziston mashaqqatli bir davrni boshdan kechirmoqda, unga hozir hammaga gapini o’tkaza biladigan, siyosiy o’yinlar makoniga aylangan jamiyatni to’g’ri yo’lga boshlay oladigan uddaburo lider kerak.
Roza Otunbayeva bu talablarga ko’p jihatdan javob beradigan arbob bo’lgani uchun ham rahbarlikka keldi, deydi uning uzoq yillik faoliyati bilan yaqindan tanish kishilar.
Uning o'zi deydiki, hukumatning hozirgi asosiy vazifasi milliy birdamlik va qonun ustuvorligini ta’minlash hamda iqtisodiyotni jar yoqasidan qaytarish.
2011 yilning kuzida yangi prezident saylanib, 2012 yilda lavozimga kirishadi. Ungacha esa Qirg’iziston taqdiri 60 yoshini qarshilayotgan Roza Otunbayeva qo’lida.
Anara Tabishaliyeva (Tabyshalieva), qirg’iz olima, bir paytlar Roza Otunbayevadan dars olgan. 1970-yillarda Otunbayeva Qirg’iziston Milliy Universitetida falsafadan saboq bergan. Sobiq talaba uni haqiqatgo’y, halol va irodali inson sifatida eslaydi.
“Ma’ruzalari hali ham yodimda. Roza Otunbayeva juda keng doirada fikrlaydigan, dunyoqarashi boy, jafokash, mard, kuchli shaxs”, - deydi Anara Tabishaliyeva.
“Xalqimizning omadi bor, shunday ayol uning boshida turibdi. Roza Otunbayeva aholi va demokratiya ravnaqi uchun xizmat qilishiga ishonchim komil. U Akayev va Bakiyev davrida ko’p qora ishlarga guvoh bo’ldi va chiday olmay hukumatdan ketdi. Mana hozir unga yangicha ruhda yetakchilik qilish imkoniyati berildi”, - deydi olima.
G’arbda ham Roza Otunbayevaning nufuzi baland. Britaniya va AQShda elchilik qilgan va Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirasi bo’lgan davrda xalqaro hamjamiyat uning nimaga qodir ekanini ko’rgan, deydi Katlin Kuenast (Kathleen Kuehnast), AQSh Tinchlik Instituti vakili, gender va siyosat bo’yicha mutaxassis.
Roza Otunbayeva o’qimishli oiladan chiqib, Sovet davrining eng ilg’or ilm maskanlarini, xususan Moskva Davlat Universitetini bitirgan. Kasbiy faoliyatini kommunistik organlarda boshlagan. Hukmron tuzum va uning mafkurasiga bosh egsa-da, Sovet Ittifoqi uzoqqa bormasligini tushungan. Imperiya parchalanar ekan, fursatni boy bermay boshqaruvdagi muhim o'rinlarga intilgan.
Roza Otunbayeva Qirg’izistonga, hozirgi zamonga juda kerak, deydi Katlin Kuenast. U xalq dardini biladi, qolaversa erkaklar hukmron davralarda ishlab, pishib ketgan.
Katlin Kuenast Markaziy Osiyo rahbarilarni urushqoq aka-ukalarga o’xshatadi. “Tashqaridan birov ularga tosh otsa, birgalashib javob beradi. Lekin ichkarida bir-biri bilan tortishgani-tortishgan, kelisha olmaydi. Roza Otunbayeva ular bilan qanday gaplashishni biladi. Ularning nayrangu-o’yinlarini tushunadi. G’arbda yashagan, Rossiyada saboq olgan, mag’rur qirg’iz va Markaziy Osiyo farzandi ekanini hech bir daqiqa unutmaydigan inson. U nafaqat region xotin-qizlari, balki musulmon dunyosi va butun jahon ayollari uchun namuna bo’la oladi”.
Anara Tabishaliyeva fikricha uning vatani erkinlikka intilish bobida regionda yetakchilik qilmoqda va vaziyat matbuotda yoritilayotganidek “dahshatli” emas.
“Kechagina Qirg’izistondan keldim”, - deydi u, “Amerika Ovozi” bilan Merilenddan turib gaplashar ekan. Tabishaliyeva, fan doktori, bu shtat universitetida Osiyo tarixini o’qitadi.
Vahimaga hojat yo’q, deydi olima, Bishkek ko’chalarida qon oqayotgani yo’q. Lekin 7 aprel va undan keyingi zo’ravonliklarda odamlar halok bo’ldi, deya tan oladi u, bu yaraning bitishi qiyin.
“Qirg’izistonda xalq atrofidagi jamiyatlardan farqli o’laroq zulmga bardosh berib yashashni ma’qul ko’rmaydi. Qurmanbek Bakiyev xalqni temir panja ostiga olishga urindi va buning uchun jazosini oldi”, - deya mushohada qiladi u.
“Tashqi dunyo yurtimni tushunsa, unga yordam beradi. Qirg’iziston zulmatda yonib turgan yagona chiroq”, - deydi Anara Tabishaliyeva.
Xotin-qizlar va siyosat mavzusini o’rganib, tahlil qilib kelayotgan bu ziyoli fikricha, Qirg’izistonda jinsiy tenglik haqida og’iz ko’pirtirish noto’g’ri.
Roza Otunbayevaning liderlik salohiyatiga shubha bilan qarayotganlar ko’p. Xuddi erkak siyosatchilar kabi ayol rahbarlar ham xatolarga yo’l qo’yishi tabiiy, deydi u, ammo buni jinsga taqash ahmoqlik bo’ladi; noto’g’ri qarorlari uchun hamma birdek javob berishi kerak.
Katlin Kuenast, antropolog tadqiqotchining tahlil qilishicha, qirg’izlar ko’chmanchi elat bo’lmaganmi, ayollari azaldan pishiq, erksevar, isyonkor bo’lgan.
“Tarixga qarasangiz, hozirgi qirg’izlarning ajdodlari, onalari demoqchiman, erkaklar bilan tengma-teng mehnat qilgan, hech kimga osonlikcha bosh egmagan. XVI asrda yevropalik sayohatchilar o’z xotira daftarlarida “qirg’iz ayollari yuzga tik qarab, baland ovozda gapiradigan, paranjida emas, ochiq yuradigan, erkin qushlar” deb yozgan”, - deydi Kuenast.
Qirg’izistonda erkinlik va umid haqida qanchalik jar solinmasin, turmush og’ir. Odamlar bilan gaplashsangiz, ular uchun hozir eng muhimi oilasiga non topib, maoshini vaqtida olish, kechqurun zulmatda emas, chiroq yoqib yorug’da o’tirish ekanini aytadi.
Aholining oddiy talablarini qondira olgan rahbar, ayolmi yoki erkak, hammadan birdek rahmat eshitadi.
Konstitutsiya yangilanishi, qonunchilik organiga yangi deputatlar saylanishi, yangi prezident va bosh vazir ishga tushishi bilan Qirg’izistonda ahvol yaxshilanib qolmaydi.
Iqtisodiyotni rivojlantirish uchun qo’shnilar, inqilobu-siyosiy to’ntarishlarni ko’rib, asabi taranglashgan, yakkahokimlik nimaga yetaklashini ko’rib turgan rahbarlar bilan til topishish kerak.
Chegaralar ochilib, erkin savdo yo’lga qo’yilishi, xavfsizlik va qonun ustuvorligi ta’minlanishi uchun qat’iy qarorlar qilinishi kerak. Bular kutib turmaydigan masalalar, Roza Otunbayeva buni yaxshi biladi, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan ziyolilar.