<!-- IMAGE -->
Markaziy Osiyoda islomiy tuzum barpo etishni targ'ib qilgan jangarilar 1990-yillarda vatanlaridan quvilib, Tolibon hukmron Afg’onistonda panoh topdi, keyinroq esa u yerdan ham siqib chiqarilib, hozir Pokistonning tog’li g’arbiy mintaqasida jon saqlamoqda.
Amerika razvedka xizmatlarining ma’lum qilishicha, ular bir necha yuzni tashkil etadi va ayni damda qattiq bosim ostida.
Pushtu qabilalar ularga kelgindi deb qaraydi, nafratlanadi. Amerika havo hujumlariga zo’r bermoqda. Pokiston armiyasi ham ularni muntazam ravishda nishonga olib kelmoqda.
<!-- IMAGE -->
O’zbek, tojik va qirg’iz ekstremistlar vataniga qaytishga majbur bo’lishi mumkin. Hozir ular turgan hududlar bilan Markaziy Osiyoni bog’lovchi yashirin, qoradori tashiladigan yo’llar bor, deydi bu borada izlangan mutaxassislar.
Jangarilar hozirdanoq mayda to’dalarga bo’linib, yurtlari tomon harakat qilayotgan bo’lsa ajabmas.
<!-- IMAGE -->
Daniel Kimmaj (Kimmage), AQSh Mudofaa vazirligiga bu borada maslahat berib turadigan ekspert nazarida O’zbekiston Islomiy Harakati va u parchalangach vujudga kelgan kichik guruhlar regionga katta xavf solmaydi.
Bu jangarilar, deydi u, Internetda propagandani davom ettirayapti, ammo son va moliya jihatdan ancha zaiflashgan. Tahlilchi fikricha ular qaytgani bilan Markaziy Osiyoda u qadar ko’p odamni o’ziga qarata olmaydi.
Ishsiz yurgan yoshlarni ergashtirishi mumkin, ammo hukumatlar qo’l qovushtirib o’tirmaydi.
“Xavotir o’zi hukumatlar qanday choralar ko’rishida”,- deydi Daniel Kimmaj.
<!-- IMAGE -->
“Terrorizmga qarshi kurash bu davlatlarda qattiq kechayotganini bilamiz. Gap ektremistlarning qaytishida emas, hukumatlar buni bahona qilib, haddan tashqari keskin chora ko’rishi mumkinligida”.
Buning oldini olish uchun, amerikalik mutaxassislar o’z davlatiga O’zbekiston, Tojikiston va Qirg’iziston bilan terrorizmga qarshi kurashda yaqindan hamkorlik qilishni va jarayonda faol rol o’ynashni maslahat bermoqda.
Oz bo’lsa-da, radikalizm tahdidini tan olish kerak, deydi ekspertlar, biroq jangarilar Markaziy Osiyodagi siyosiy tuzumlarga jiddiy xavf solmasligini ham tushuntirish kerak.
Bu esa AQShdan qo’lida bor maxfiy ma’lumotlarni region bilan bo’lishishni talab qiladi. Markaziy Osiyoda amerikalik razvedkachilar faoliyatini kengaytirish lozim, deydi tahlilchilar. Jangarilar qanday manzillarni nishonga olishi mumkin? Mintaqaning qay burchaklarida harakatlanayapti? Qoradori savdosiga qarshi harakatlar qanday kechayapti? Chegara xavfsizligi qanday ta’minlanayapti?
<!-- IMAGE -->
Obama ma'muriyatiga shu sohalarda yordamni oshirish, shuningdek, mintaqada barqarorlikni saqlash uchun Rossiya va Xitoy bilan birga ishlash tavsiya qilinmoqda.
Tom Sanderson, bu mavzuda siyosiy qo’llanma yozgan tahlilchilardan biri, Markaziy Osiyoda Rossiyaga ishonch past deya eslatadi.
<!-- IMAGE -->
Toshkent va Dushanbeda, deydi u, rasmiylar yopiq eshiklar ortida gaplashilganida, Kremlni jangari kuchlarni quvvatlayotganlikda va radikalizm tahdidini ro’kach qilib, mintaqada o’z harbiylarini ko’paytirishga urinayotganlikda ayblaydi.
Qizig’i shundaki, rahbarlar Shanxay Hamkorlik Tashkiloti va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi doirasida terrorizmga qarshi kurash ko’lami oshdi deya ta’kidlab keladi. A’zo davlatlar harbiy mashqlar o’tkazadi, maxsus markazlar ochilgan, hatto bo’linma tuzilgan.
Amerikalik tadqiqotchilar hisobicha, Tojikiston, Qirg’iziston va O’zbekistonda 2004 yilning boshidan 2009 yilning sentyabri oralig’ida 33 terror xuruji amalga oshirilgan. Ularda 121 kishi halok bo’lgan. O’lganlar asosan militsionerlar, chegarachilar, soqchilar va rasmiylar.
2005 yilning 13-14 may kunlari Andijonda yuz bergan qonli voqealar O’zbekiston hukumati tomonidan terror harakati deb ta’riflansa-da, G’arb, xususan Amerika va Yevropa Ittifoqi bu hodisaga ommaviy qo’zg’olon deb qaragan.
Deyvid Abramson, Vashingtonni mintaqa bilan hamkorlikni kuchaytirishga, biroq murakkab mentalitet va siyosatni hisobga olgan holda ish tutishga undayotgan olim Markaziy Osiyo jamiyatlarida dinga munosabatni yaqindan o’rgangan.
<!-- IMAGE -->
Ulamolar, dindorlar va Misr hamda Saudiya Arabistoni kabi joylarda ilm olib, vatanga qaytgan mullalar bilan muloqot qilib, ularning fikrlari bilan tanishgan.
Deyvid Abramsonning xulosasi shuki, O’zbekiston kabi yirik bir jamiyatga islom va e’tiqod qaytgan, lekin diniy ta’lim va tarbiya sifati past.
Yoshlar dinga qiziqadi, ammo ularga ziyo ulashadigan adabiyotlar, ishonchli manbalar kam, deydi u.
<!-- IMAGE -->
“Intellektual taraqqiyot bu sohada ancha sekin kechmoqda”, - deydi Deyvid Abramson butun mintaqani hisobga olgan holda.
Chet elda, masalan Qohiradagi Al-Ahzar Universiteti yoki Madina oliygohlarida o’qib kelgan mutaxassislar uchun ishlash yoki fikr almashish imkoniyatlari cheklangan.
Sabablar esa bu olim fikricha quyidagicha: boshqaruvda o'tirganlar dinga hali ham Sovet davridagidek “zaharli bir kuch sifatida qaraydi”; hukumatlar islomning rivojlanishini o’ziga nisbatan xavf deb biladi va dunyoning boshqa qismlarida bo’lgani kabi bu regionda ham odamlar terrorizmni yirik xavf deb biladi.
Fuqarolar dinga nisbatan fikrlarini ochiq bayon qilishni ma’qul ko’rmaydi. Hukumat e’tiqod ustidan to’liq nazorat o’rnatgan ekan, bu boradagi erkinlik haqida gapirish qiyin, deydi amerikalik olimlar.
Mana shu omillarning barchasini nazarda tutgan holda, hozir Afg'oniston-Pokiston orasidagi tog'li mintaqaning borsa-kelmas nuqtalarida sargardon bo’lib yurgan, yurtdoshlaridan uzoqlashib ketgan jangarilarning vatanga qaytib ildiz otishi gumon ostida.