Tojikistonning So’g’d viloyati aholining 25 foizga yaqini o’zbeklar. Ular bir milliondan oshadi.
Bu elat vakillari o'zlarini Tojikiston jamiyatining bir qismi deb biladi va o’z tili va madaniyatini saqlab qolishga urinmoqda.
Yaqinda nohiyalardan birida yosh san’atkorning o’zbekcha kuylagani nizoga sabab bo’lgan. Kaltaklangan san’atkorning aytishicha, uning o’zbekcha qo’shiq aytgani ba’zi yoshlarga yoqmagan.
“Tojikcha ashulani endi-endi o’rganyapmiz. Yangi chiqqan sostavmiz. Konsert qo’yayapmiz, pastdan bir bolacha chiqib keldi so’kinib, nima deysan desam, faqat tojikcha aytasan deb millatchilik qilib shunday qildi. Ho’, shoshilma, bu erda ikki millat bor desam so’kinib haqorat qildi. Mikrofonni qo’yaman desam urib ketdi. Urgandan keyin to'polon boshlanib ketdi.”
Mahalliy hokimiyat bu borada lom-mim demaydi.
Mintaqada yoshlarning radikal islomga ruju qo’yayotgani ham xatarli holat ko’riladi. Chunki, ular mavjud hukumatga muxolifatdalar.
Tojikiston Islomiy Uyg’onish partiyasi So’g’d viloyat raisi Naimjon Sa’miyev bu yoshlarni agar ular terrorga bormagan bo’lsa, ta’qib etmasdan avf etish kerak deb hisoblaaydi.
“Mening birinchi taklifim shuki, hukumatga qarshi borayotgan bolalarni, Islom Karimov ham, Imomali Rahmon ham, Qirg’izistonda ham ularni hammasiga avf chiqarishi kerak. Nima uvun? Ularda ham biror og’riqli joyi bor. Ana shu og’rig joyini isloh qilish kerak.”
Sa’miyevning fikricha, qonuniy hukumatga qarshi chiqishning foydasi yo’q. Islom biror joyda terror qilishlikni buyurmasligini aytar ekan, partiya faoli qandaydir guruhlarga qo’shilgan begunohlarni kechirib, ular bilan muloqotda nima istashlarini bilish zarurligini ta’kidlaydi.
“O’shalarni ham biron norozichiligi bor. Bu asr urush asri emas. Faqat muloqot qilish kerak”,- deydi u.
Ba’zilar keyingi vaqtlarda Tojikistonda o’zbek maktablari qisqarib borayotganini aytishsa-da, ziyoli Abdukarim Shodiev Bobojon G’afurov nohiyasi misolida bunday holat yoq deb aytadi.
Nohiyaning 40 foiz aholisini o’zbeklar tashkil etib, maktablarning 35 foizida o’zbek tilida mashg’ulot olib boriladi.
G'afurov ikki xalq azaldan do’st ekanini misol keltirib, “O’zbekistondagi “Farhod" GESi qurilishida tojiklar, Qayroqqumdagi “Xalqlar do’stligi” GESi qurilishida o’zbeklar ishtirok etganini aytadi.
"1985 yilda Qayroqqumdagi qattiq zilzilada birinch bo’lib bizning yurtimizga yordamga yetib kelganlar o’zbekistonlik do’stlarimiz edi. Xalqlar do’stligini mustahkamlash hozirgi kunda har bir jumhuriyat rahbarlarining birinch darajali ishi bo'lishi kerak. Asosiy maqsadimiz bitta: shu ikki xalqning do’stligi abadiy bo’lsin."
O'zbekistonda yashaydigan tojiklar ham ularga nisbatan munosabat salbiy ekanidan noliydi. Har ikki jamiyatda millatchilik kuchayib borayotgani, odamlar bir-birini elatiga qarab ajrata boshlagani ko'zga tashlanadi.