Tojikistondagi so’nggi qonli voqealar ayrim tahlilchilar nazarida jamiyatning radikal islomga yuz tutayotgani bilan bog’liq.
Hukumat ham shu aqidaga yaqindek ko’rinadi. Ba’zi yoshlar fikricha Tojikistonda hozir dindorlik bag'oyat kuchaygan. Agar shu ketishda bo’lsa, janjal ham bo’lishi mumkin, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan ayrim talabalar.
“Sudga borganimizda yaqinda to’rt bolani sudxonaning o’zida, sartaroshni olib kelib soqollarini olib tashlashdi”, - deydi yoshlardan biri.
Bunaqa voqealardan so’ng “bir joyda yig’ilib olib, hokimiyatga borib miting qilishi ham mumkin, xalqni ko’tarishi ham mumkin”, deydi ular.
“Agar chollar borsa, hokimiyatdagilar qo’rqishi mumkin. Chollar borib, bolalariga maslahat bersa... Biz bordik, bizni tushunmadi desa, bolalar jahli kelib ko’pchilik bo’lib urush boshlashi mumkin”, - deb taxmin qiladi fuqarolardan biri.
Professor Karim Abdulov Isfara va Dushanbe hamda boshqa joylarda bo’layotgan hodisalar mavsumiy deb baholaydi.
“Lekin men ishonamanki, biz bunday yo’l tutayotgan shaxslar harakati oldini ola bilamiz”, - deydi u.
Terror harakatlari sun’iy ravishda tashkil etilib, hukumat shu bahona o’z siyosatini olg’a surmoqchi degan taxminlar ham bor. Mahalliy jurnalistlardan birining kuzatishicha, voqealar ortida puxta o’ylangan reja turibdi.
“Shuning uchun ham islomga qattiq mayl bildiruvchilar respublikada bosim ostida”, -deydi u.
Yoshlar nazarida chet elda diniy saboq olgan tengdoshlari islom yoki shariatni emas, davlatga qarshi targ’ibotni o'rganmoqda.
“Masjidda har xil yosh bolalarni o’zlariga jalb etib, boshqa narsalarni o’rgatib, davlatga qarshi qo’ymoqda bu bolalarni”.
Tojikistonning So’g’d viloyatiga O’zbekistondan qochib kelgan dindorlar masjidlarda dars beradi, shu yerda yashaydi, deguvchilar bor.
“Ikki-uch yil bo’ldi ko’chib kelganimizga deyishadi. Bilmasak endi, ushlashmasa kerakda ularni. Yurishibdi shu yerda anchadan beri”, - deydi suhbatdoshlardan biri.
Tojikistonda dinga moyil kishilar bosim ostida ekani ko’zga tashlanadi.
“Eshitdimki, bir rayonning Tag’oyak qishlog’idan olib borib azob berayotganini eshitdim. Xotinini ham olib borib qamab qo’yganini eshitdim”,- deydi fuqarolardan biri.
Prezident Emomali Rahmon chet elda yashirincha diniy saboq olayotgan minglab tojikistonlik yoshlar borasida so’z yuritarkan, “aksariyati qaytganlaridan so’ng ekstremistu terrorist bo’ladi, millatning badbaxtligini keltirib chiqaradi” degan.
Shunday chiqishlardan so’ng chetda noqonuniy diniy saboq olayotgan mingga yaqin yoshlar vatanga qaytarilgan.
Tojikiston rasmiy xabarlarida so’nggi vaqtlarda respublikada ro’y berayotgan qonli voqealarda O’zbekiston Islom Harakati qo’li borligi haqida so’z yuritiladi. Mahalliy ziyolilar bu hali isbotlanmagan deydi.