Breaking News

Tojikistonda bir necha mustaqil nashr va saytlar yopilgan


"Ba’zi jurnalistlar yoritayotgan narsaga bir tomonlama qarayapti. Urush o’chog’ini yoqadigan fikrlar aytishadi. Albatta, buni noto’g’ri deb hisoblayman”.
"Ba’zi jurnalistlar yoritayotgan narsaga bir tomonlama qarayapti. Urush o’chog’ini yoqadigan fikrlar aytishadi. Albatta, buni noto’g’ri deb hisoblayman”.

Yaqinda Tojikistonda 10 ga yaqin mustaqil ommaviy axborot vositasi faoliyati to’xtatildi.

Ular orasida o’zgacha chiqishlari va tahliliy materiallari bilan o’quvchilar diqqatini jalb qilgan nashr va saytlar bor. Hukumat buni texnik sabablar bilan izohlamoqda, ammo kuzatuvchilar nazarida matbuot erkinligi cheklanmoqda.

Xususan hukumat idoralarini tanqid qilib kelgan “Faraj”,“ Paykon”, “Nigoh” nomli mustaqil gazetalar va avesta.tj, tjknews.com, tajnews.tj, centrasia.ru hamda fergana.ru singari saytlarga cheklov qo’yilgan.

Gazetalarning chiqmayotganiga tipografiyadagi muammolar, saytlarning ochilmayotganiga esa texnik sabablar ko’rsatilmoqda. Jurnalistlar, xalqaro tashkilot va elchixonalar bu borada norozi ekanini ochiq aytmoqda, biroq ahvol o’sha-o’sha.

“Paykon” gazetasi muxbiri, jurnalist Tursunali Aliyev “gazetalar o’z paytida xalqni qonli hodisalardan ogoh etdi, hushyorlikka da’vat edi” deydi.

“Bu davlatga qarshilik emas. Lekin jurnalistlarning fikrini to’g’ri tushunib yetmagan ba’zi mansabdor shaxslar ularni go’yoki terroristlar darajasigacha bo’yab ko’rsatishga harakat qildi”, - deydi muxbir.

Kamarob dovonida harbiylar va muxolifat o’rtasida qonli to’qnashuvlar borasida tahliliy maqolalar chop etilgach, mudofaa vazirligi davlat televideniyesida buni qattiq tanqid qilgan. Shundan so’ng gazeta va saytlarga cheklov joriy etilgan.

Тоjikiston matbuoti a’lochisi, jurnalist Ilhom Yusupov hukumat tutgan yo’lni ma’qul hisoblaydi. Uningcha, hukumat internet saytlarning ba’zilarini to’xtatib qo’yishi to’g’ri.

“Chunki ba’zi jurnalistlar yoritayotgan narsaga bir tomonlama qarayapti. Urush o’chog’ini yoqadigan fikrlar aytishadi. Albatta, buni noto’g’ri deb hisoblayman”, - deydi u.

Тоjikiston Milliy Universiteti, jurnalistika fakulteti talabalaridan biri bunday fikrga qo’shilmaydi. “Chunki ko’p narsalarni biz o’qib bilamiz, tahlil qilishni o’rganamiz”, - deydi u.

“Biz bir qolipda yozavermasligimiz, o’z fikrimizni ayta olishimiz kerak-ku”! - deydi student.

Tojikistondagi NANSMIT nodavlat tashkiloti raisi Nuriddin Qarshiboyev respublikadagi sharoitni “ba’zi mansabdorlar terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bahonasida so’z erkinligini bo’g’ib qo’ymoqda” deb baholaydi.

Taniqli tahlilchi Ibrohim Usmonov “Тоjikistonda biror gazeta rasman taqiqlangan emas, faqat turli sabablar, ehtimol, ehtiyotkorlik tufayli nashrga monelik qilishmoqda”, - deydi.

Jurnalist Aliyev respublika jurnalistlari “prezident nomiga xat yozib to’g’ri qildi”, - deydi. “Shunda kim kim ekani, gazetaning haqligi ayon bo’ladi”, - deydi u.

Jamoatchi muxbir Аbdumajid G’ulomov mustaqil matbuotni hukumatdan umidi qolmagan xalq minbari hisoblaydi.

“Faraj” va “Paykon” singari gazetalar shu sabab chiqmayotir, deydi u. Uning aytishicha, odamlar prokuratura, sudlarga yozaverib, ishlari hal bo’lmagach, mustaqil gazetalarga murojaat qilishga majbur bo’ladi.

Professor Karim Abdulov hukumat pozitsiyasini yoqlaydi. Uning fikricha, matbuot masalani xolis tahlil qilishni o’rganishi lozim.

“Ikkinchidan, mamlakatning ichki va tashqi siyosati, qanaqa ko’rinishdagi gazetada bo’lmasin, davlat qonun-qoidalari doirasidagina yoritilishini joriy etish zarur”.

“Biz mamlakat manfaati uchun, taraqqiyot uchun, xalq rivoji tarafdorimiz va shu maqsadda qalam tebratamiz”, - deydi xususiy “Sug’d” gazetasi Bosh muhariri Maqsud Jo’ra.

XS
SM
MD
LG