Breaking News

O’tgan yili dunyo bo’ylab 44 muxbir o’ldirilgan, 145 nafari qamoqda


O’tgan yili dunyo bo’ylab 44 muxbir o’ldirilgan, 145 nafari qamoqda
O’tgan yili dunyo bo’ylab 44 muxbir o’ldirilgan, 145 nafari qamoqda

Jurnalistlarni Himoya Qilish Qo’mitasi (The Committee to Protect Journalists) ma’lumotiga ko’ra, 2010 yilda jahon bo’ylab 145 muxbir panjara ortida bo’lgan, shundan 6 nafari O’zbekistonda.

Muhammad Bekjon va Yusuf Ro’zimurodov 1999 yildan beri qamoqda; G’ayrat Meliboyev 2002 yildan beri; Jamshid Karimov - 2006, Solijon Abdurahmonov -2008 va Dilmurod Said – 2009.

Nyu-Yorkda asoslangan xalqaro tashkilot 2010 yilni sarhisob qilib bayonot chiqargan.

Jurnalistlarni Himoya qilish qo’mitasi o’tgan yili dunyo bo’ylab 44 muxbir o’ldirilganini qayd etadi. Ular orasida korrupsiya, jinoyat va inson huquqlari kabi nozik mavzularni yoritishga harakat qilgan muharrir va fotojurnalistlar ham bor.

Bu soha egalarini eng ko’p qamoqqa tashlagan mamlakatlar – Eron va Xitoy, har birida 34 tadan muxbir panjara ortida.

So’nggi paytda internet orqali ma’lumot tarqatishga harakat qilayotgan fuqarolar, ya’ni bloggerlar faoliyatini ham tobora qattiqroq nazorat qilishga urinish kuzatiladi.

“Pokiston - ham mahalliy, ham xorijiy jurnalistlar uchun eng xavfli hudud”, - deydi Bob Dits, Jurnalistlarni Himoya Qilish Qo’mitasi vakili. “Aksar muxbirlar otishma va portlashlarda halok bo’lgan, bir-ikkisi nishonga olingan”.

2004-2005 yillarda eng xavfli hudud deb e’tirof etilgan Iroqda esa o’tgan yili 5 muxbir halok bo’lgan. 2003 yildan beri eng past ko’rsatkich.

Jurnalistlarni Himoya Qilish Qo’mitasi tahlilnomasida nafaqat hukumatlarni, balki BMT, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Amerika Davlatlari Tashkiloti va Afrika Ittifoqi singari global tuzilmalarni ham tanqid ostiga oladi.

“Misol uchun, BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori, xitoylik faol Lyu Syaoboni qutlab, bir so’z aytgani yo’q”, - deydi Joel Saymon, qo’mita rahbari.

“Birlashgan Millatlar Tashkilotidan jahonda so’z va matbuot erkinligini targ’ib va himoya qilishda peshqadam bo’lishni kutamiz”.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilgan Qozog’istonda 2010 yil mobaynida ikki tanqidiy gazeta yopildi, internetni qattiqroq nazorat qilishga qaratilgan qonunlar qabul qilindi va bir jurnalist qamoqqa tashlandi.

Rasmiy Ostona va’da qilgan islohotlar amalda isbotini topmadi, deyiladi tahlilnomada.

Qo’mitaning bildirishicha, O’zbekistonda jurnalistlarning ovozini o’chirish uchun yangi bir taktika qo’llanmoqda: davlat tomonidan tayinlangan ekspertlar ular yozgan maqola va materiallarni tahlil qilib, xulosani prokuraturaga uzatadi.

Ushbu xulosa asosida muxbirga “xalqni yoki davlat organlarini haqorat qilish, aholi orasida vahima qo’zg’atish va xalqaro jamoatchilik orasida O’zbekiston obro’yini to’kish” singani ayblovlar qo’yiladi.

O’tgan yili “Amerika Ovozi” muxbiri Abdumalik Boboyev, “Vesti” internet gazetasi muxbiri Vladimir Berezovskiy hamda fotojurnalist Umida Ahmedova ustidan tergov qo’zg’atilib, aybdor topilgan va jarima solingan edi.

XS
SM
MD
LG