Breaking News

Dilmurod Sayid ustidan sud hukmi o’sha-o’sha qoldi: 12 yarim yil qamoq


Dilmurod Sayid 2009 yilda firibgarlik va tovlamachilikda ayblanib qamalgan edi
Dilmurod Sayid 2009 yilda firibgarlik va tovlamachilikda ayblanib qamalgan edi

O`zbekiston Oliy sudi 2009 yilda firibgarlikda ayblanib, 12 yarim yilga qamalgan jurnalist Dilmurod Sayid hukmini o’zgarishsiz qoldirdi. 10 yil qamoq jazosiga mahkum etilgan yana bir qalamkash Solijon Abdurahmonov taqdiri esa
Qoraqalpog`iston Oliy sudida qayta ko’rilmasligi mumkin.

Mamlakatda jurnalistlarga nisbatan tazyiqlar davom etayotgani sir emas. So`z va matbuot erkinligi va mavjud vaziyatni muhokama qilish imkoniyati cheklangan.

Dilmurod Sayid uchun O`zbekiston Oliy sudi hukmi jinoiy ish yuzasidan adolat qaror topishiga so`nggi umid edi. Sud jurnalistni firibgralik va tovlamachilikda aybdor topgan Samarqand viloyati Tayloq tuman sudi chiqargan qarorni o`zgarishsiz qoldirgan. Faollar fikricha, Dilmurod Sayid O`zbekistonda aynan kasbiy faoliyati uchun jazoga tortilganlardan biri.

Jurnalistning yaqinlari uning salomatligi o`ta og`ir, deydi. O`tgan yili rafiqasi va qizi Sayid bilan uchrashuvga borayotib, avtomobil halokatida nobud bo`lgan edi. Jurnalist qamoqqa olinishidan oldin ham salomatligi zaif bo’lgan. Sil kasali bilan og`rigan Dilmurod Sayidning ahvoli boshdan kechirgan ko’rguliklardan keyin yanada yomonlashdi, deydi uning do’stlari.

Giyohvand moddalar savdosida ayblanib, 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan jurnalist Solijon Abdurahmonovning ishi Qoraqalpog`iston Oliy sudida qayta ko`rilishi ham, uning yaqinlari nazarida, gumon.

“Ish bo`yicha holat avvalgidek, qayta ko`rib chiqilishi juda qiyin. Faqat noto’g’ri axborot ketib qolgan: o`g`liga kimdir telefon qilib so`rasa, o`g`li bu narsalarni tushuntira olmasdan intervyu bergan. Shuning oqibatida ish qayta ko`rishga jo`natildi degan axborot tarqalib ketgan. Bu masala o’rganib chiqilayapti. Noma`lum - bu ish qayta ko`riladimi, yo`qmi. Agar “ha” bo’lsa, oldingi sud qarorlarini bekor qilish haqida hukm chiqishi kerak. Asos yo`q deb hisoblaydigan bo`lsa, ariza bergan tomonga faqat javob xati jo`natiladi, xolos”, - deydi jurnalistga advokatlik qilgan ukasi Bahrom Abdurahmonov.

O`zbekistonda Rossiya elchixonasi homiyligida ochilgan “vesti.uz” internet nashri ustidan sud jarayoni boshlangan. Internet nashr Bosh muharriri Vladimir Berezovskiy tuhmat qilish va millatlararo nizo qo`zg`atuvchi xabarlar tarqatganlikda ayblanmoqda.

Berozovskiyning aytishicha, “vesti.uz” dagi xabarlar, asosan, Rossiya axborot vositalaridan ko`chirib bosilgan. O`zbekiston tomoni tuhmat deya baholayotgan maqolalarda Rossiya amaldorlarining rus matbuotida qilgan fikrlari keltirilgani ta`kidlanadi.

Tahlilchilar deydiki, O`zbekistonda ommaviy axborot vositalari to`liq nazorat ostida qolayotgan bir paytda mustaqil jurnalistlarga ta’qiblar to`xtamayapti. So’nggi yillarda ushlangan jurnalistlarning aksariyati aynan mustaqil ishlagan.

“Biror voqea haqida hukumatga ma`qul ma`lumotdan ko`ra sal o`zgacharoq axborot beruvchi jurnalistlarga qarshi kayfiyati juda kuchli. Buni butun dunyo biladi. O`zbekistonda bir xunuk kayfiyat ustuvorki, yani mavjud muammo haqida yozgan jurnalistni bartaraf etib, muammoni e`tiborsiz qoldirishga o`rganib qolishgan. Shuning uchun ham amaldorlar uchun eng ma`qul uslub -- muammo haqida yozayotgan jurnalistning ovozini o`chirib qo`yish”, - deydi ismini oshkor etilmaslikni so`ragan mustaqil jurnalistlardan biri.

Bu kabi mutaxassislarning aytishicha, jonlanib borayotgan O`zbekiston-G`arb aloqalarida so`z erkinligiga oid vaziyat kun tartibidan tushib bormoqda. So`nggi paytda rasmiy Toshkentning Yevropa Ittifoqi, AQSh bilan muloqotida ham so`z erkinligi bilan bog’liq ahvolni yaxshilashga doir aniq muhokamalar kuzatilmagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG