Kinotasvirchi va fotograf Umida Ahmedova ustidan qo'zg'atilgan jinoiy ish O'zbekistonda nafaqat so'z erkinligi, balki ijod erkinligi ham keskin cheklov ostida ekanini ko'rsatdi.
O’zbekistonda san’atkorlarning o’z ijod namunalari uchun tazyiqqa olinishi yoki qamoqqa tashlanishi yangilik emas. Andijon fojeasi qurbonlari haqida qo’shiq kuylagan shoir va hofiz Dadaxon Hasanga uch yillik shartli qamoq jazosi berilgan edi.
Tanqidiy she’rlari bilan tanilgan isyonkor shoir Yusuf Juma “Jasliq”da qamoq jazosini o’tamoqda. Qolaversa, siyosatdan ancha uzoqda bo’lgan Umida Ahmedova ham o’z millatiga tuhmat qilishda aybdor topildi.
Voqelikni borligicha tasvirlash jinoyatmi?
Umida Ahmedova millat hayotini tasvirlarda muhrlagani uchungina jazoga tortilganini ta’kidlaydi.
“Men o’zimni sevimli xalqim, otamni mozori, onamni rasmlariga qanaqasiga g’arazli tuhmat qilishim mumkin. Vatanimsiz yasholmayman. O’zbeklarni hayoti, shu yurtni farzandi bo’lganim uchun ularning ko’z yoshi meni ko’z yoshim, yaxshi hayoti mening yaxshi hayotim. Sudga murojaatimda hukm adolatli bo’lsa, bu sizlarni o’zbek xalqi ijodiga qo’shgan katta hissanglar boladi dedim”, -deydi Umida Ahmedova.
Sud Umida Ahmedovani o’zbek xalqiga tuhmat, milliy urf-udumlarni haqoratlashda aybdor topib, uni amnistiya tufayli jazodan ozod etgan.
Tazyiqqa uchragan san'atkorlar faoliyatiga nazar solgan kishi ular ijodida millat hayoti ichdan, borligicha, ortiqcha bo'yoqlarsiz tasvirlanganiga guvoh bo'ladi.
“Qora xalqning yo’qdir noni, bolasining shakari yo’q,
Afsus, bundan yurt sultoni Karimovni xabari yo’q.
To’ralari nafsga navkar, haq degan bir navkari yo’q,
Shohga qiyin, shoh bexabar Karimovni xabari yo’q”.
Bu satrlar ayni paytda qamoq jazosini o’tayotgan shoir Yusuf Jumaga tegishli.
Yusuf Juma hokimyat vakilini haqoratlashda ayblanib, 5 yil qamoq jazosiga hukm qilingan. Jazo muddatini “Jasliq” qamoqxonasida o’tamoqda.
Adabiyotshunoslarga ko’ra Yusuf Juma she’riyati isyonkorligi bilan ajralib turgan, biroq shoirni ijod uchun jazolash mumkin emas.
“Yusuf Jumani she’riyati bilan o’tgan asrning 80-yillaridan boshlab tanishman. Uning she’riyati kurashchanlik ruhi bilan yo’g’rilgan, hatto u Sovet davrida ham kurashchan bir shoir sifatida ko’ringan edi”, - deydi adabiyotshunos Botir Norboyev.
Hofiz Dadaxon Hasan Andijon fojeasi qurbonlari haqida aytgan qo’shig’i uchun uch yillik shartli qamoq jazosiga hukm qilingan. U qo’shiqchilik san’atini ishq-muhabbatni kuylashdan tashqari siyosiy-ijtimoiy voqelik bilan boyitgan kamsonli ijodkorlardan biri.
Dadaxon Hasan ijrosidagi qo’shiqlarning aksariyati ijtimoiy-siyosiy vaziyat, millat hayotida og’riqli iz qoldirgan voqealar haqida, jumladan Andijon fojeasi qurbonlari xotirasiga bag’ishlangan qo’shig’i ham.
“Shu yurtning chinakam farzandi o’laroq jindak maqtanib qo’yay: Qo’shiqni e’lon qildim. Otmanglar, u ham o’zimizni xalq, otish jinoyat bo’ladi, o’zi otganlar jinoyatchi, men emas - shunday deb qo’shiq aytdim, burchimni bajardim. Yusuf Juma ham Andijon fojealari haqida she’rlar yozdi, shuning uchun qamalib ketdi. Menga esa shartli ravishda uch yil muddat berishdi. Bu bizning vazifamiz. Shu yurtni sevganimizdan shu ishni qildik, burchimizni bajardik. Bizni tergov qilishdi, sud qilishdi, demak bu yurtni, vatanni sevish ham mumkin emas ekan. Biz endi muxolifat edik, lekin Umida Ahmedova muxolifat emas-ku. U xalqimizni real hayotini suratga oldi, kino qildi. Bu kimlargadir yoqmadi va mahkama ishini boshlashdi”, - deydi Dadaxon Hasan.
Millat hayotiga ochiq ko'z bilan qarayotgan ijodkor mavjud muammolarni chetlab o'tishi qiyin.
“Bugungi hukumatga xizmat qilayotganlar uchun ham ijod erkinligi yo’q-da. Masalan kim bugungi muammolarni, xalqimiz boshdan kechirayotgan qiyinchiliklarni yozib matbuotda chiqarayapti? Yoki shoir-yozuvchilarimiz bu haqda nima yozayapti? Ijod erkinligining yo’qligi shu-da. Mashhur yozuvchilari nimalardir yozib sandiqqa tashlab qo’yayotgandir, lekin bu menga qorong’u”, - deydi Dadaxon Hasan.
Bugungi o’zbek ijodiy jamoatchiligi millat hayotiga ochiq ko’z bilan qarayapti deyish qiyin. Biroq ijodkordan ijtimoiy muammolar aks etgan asarlar talab etish ham noo’rin. Ijod - erkin jarayon. Shu ma’noda mamlakatda ijodiy erkinlik cheklangan deyish e’tirozlarga ham sabab bo’ladi.
“Bizda, O’zbekistonda ijodkorlar cheklangani haqida ko’p gapirishadi, lekin men bunga ko’p ishonmayman. Chunki mening ham 3-4 kitobim chiqdi. Menga ba’zilar nima bu narsalarni qo’rqmasdan yozayapsiz deyishgan. Men erkin ijodkor bo’lishni xohlayman deganman. Lekin birortasi menga, sen bunday qilyapsan, bu noto’g’ri demagan. Hukumat tomonidan ham, bu noto’g’ri, tuhmat qilyapsiz degan narsa bo’lmagan”, - deydi shoir Muhammad G’affor.
Umida Ahmedova ustidan jinoiy ish O’zbekistonda ijodkor bo’lish, ijodiy erkinlik chegarasini yana muhokamaga chiqardi. O’zbekiston televideniyesida Ahmedovaning hujjatli filmlari muhokama qilindi. Ishtirokchilar muallifni milliy qadriyatlarni haqorat qilishda ayblashdi.
Sharhlovchilar fikricha bunday ko’rsatuvlar Ahmedovaning jinoiy ishi kabi buyurtma asosida tashkil etilgan. Mazkur hujjatli film va fotoalbomdan ham hozirgacha o’zbek jamoatchiligining aksar qismi xabarsiz edi.
Aksar ijodkorlar Umida Ahmedovani fotoalbomi yoki hujjatli filmlari bilan emas, so’nggi paytda u haqda matbuotda kuzatilgan muhokamalar bois taniy boshlashgan.
“Ahmedovani asarlari bilan, u juda kuchli san’atkor bo’ladimi, to’g’risini aytsam tanish emasman. Bu asarlarni ko’rmasdan turib unga nisbatan munosabatni ayta olmayman”, - deydi Muhammad G’affor.
Millat tarixida adabiyot, ijodkor va siyosiy hayot o’rtasida bog’liqlik hamisha kuchli bo’lgan. Hazrat Navoiy nafaqat buyuk shoir, balki kuchli davlat arbobi sifatida ham yaxshi tanish. Shohlik va shoirlik an’anasi o’zbek tarixining ajralmas bir qismidir.
Bu an’ana davom etib kelmoqda. O’tgan asr boshlaridagi milliy yug’onish, jadidlik harakati, asr oxiri 80-90 yillarida kuzatilgan mustaqillik harakati ortida ham asosan millatning shoir-yozuvchilari turishdi.
Tahlillarga ko’ra aynan shu ijodiy to’lqin milliy ruhni uyg’otgan, 90-yillarda ijodkorlarni siyosiy kurash yo’liga otlantirgan.
Siyosiy kurash o’zbek ijodiy jamoatchiligi uchun qurbonlarsiz kechmagan. Hukumat asosan ijodkorlardan tashkil topgan demokratik muxolifatni quvg’inga soldi, keskin tazyiqlar boshladi.
Hukumat xizmatiga o’tgan ijodkorlar haq so'z aytishdan mahrum bo'lishdi. Ijodiy ruh parchalandi. Iste'dodlar so'na boshladi. Jamiyatda maddohlik kuchaydi.
“Qaynagan talant bo’lsa, bugungi kunga ko’zini yumib jim o’tirishni o’zini vijdoniga teskari deb bilsa, jim turmaydi. She’rini ham yozadi, e’lon qilishga ham harakat qiladi”, - deydi Dadaxon Hasan.
“Ijodiy to’lqin pastlab ketdi degan narsani unchalik ham tan olmaymiz, lekin bir narsani tan olish kerak – 80-yillar o’zbek she’riyatining eng cho’qqiga ko’tarilgan davri, adabiyotning muhim yutuqlaridan bo’ldi”, - deydi Muhammad G’affor.
Shoir Yusuf Juma ham 80-yillarda shakllangan avlod vakillaridan. Avval muxolifatda bo’lgan, buning uchun qamalib chiqqan. Ozodlikka chiqqach ham she’riyatdagi ruh o’zgarmagan.
“Yusuf Juma millatni ravnaqi uchun millatga erk, demokratiya kerak deydigan shoir. Uning ulug’ligi o’zbek adabiyotida boshqa bunday shoirlarning yo’qligida hamdir. Hozirgacha o’z yo’lidan qaytmagan shoir sifatida u bizga juda qadrli”, - deydi adabiyotshunos Baxtiyor Isabek.
Shoirlardan biriga ko’ra san’atning dushmani yolg’on so’zlash. Rost so’z uchun ta’qib mavjud jamiyatda ijodkor bo’lish esa juda qiyin.