Breaking News

O’zbekiston Islomiy Harakati Tojikistondagi xuruj uning ishi ekanini aytmoqda


O’zbekiston Islomiy Harakati Tojikistonda o’tgan yakshanba ro’y bergan va 25 zobitni hayotdan olib ketgan xurujni amalga oshirganini aytmoqda. Bu hali boshlanishi deyiladi harakatning Ozodlik Radiosining Tojik xizmatiga yuborgan video-murojaatida.

Hujum Tojikiston hukumatining islomga qarshi xatti-harakatiga javobdir, deydi O’zbekiston Islomiy Harakati vakili Abdufattoh Ahmadiy. Xususan, masjidlarni yopish, musulmonlarni hibsga olish, ayollarga hijobda yurishni taqiqlash haqida gap ketmoqda.

“Bu siyosat tugatilsin, aks holda xurujlar davom etadi”, - deyiladi unda.

Tojikiston yil boshida 100 dan ziyod islomiy jangarini qamagan, prezident Imomali Rahmon esa hijob, burqalar tobora yoyilib borayotganini tanqid qilgan edi.

Tojikiston xafvsizlik xizmati kecha Rasht tumanida besh jangarini yo’q qilgan. Ular sobiq muxolifat rahbari Mirzaxo’ja Ahmadovning izdoshlari, deyiladi Ichki ishlar vazirligi bayonotida.

Rasmiylarning aytishicha, Ahmadov boshliq guruh yakshanba kungi xuruj uchun javobgar. Mirzaxo’ja Ahmadov 1992-1997 yilgi fuqarolik urushi paytida hukumatga qarshi kurashgan.

Tojikiston Mudofaa vazirligi hujumni terror akti deya ta’riflab, unda faqat mahalliy emas, balki Afg’oniston, Pokiston, chechenistonlik jangarilar ham qatnashgan, demoqda.

Tojikiston generali Tohir Normatov jangarilarga qarshi ayovsiz chora ko’ramiz, hech kimga shafqat yo’q, deydi.

Mahalliy rasmiylarning aytishicha, al-Qoida va uning bo’linmalari, xususan, O’zbekiston Islomiy Harakati va Tolibon Tojikistonni holdan toydirishga intilmoqda.

1990 yillarda fuqarolik urushi davomida Tojikistonda o’n minglab odam halok bo’lgan. 1997 yilda muxolifat va hukumat sulh tuzib, davlatni birga boshqarishga kelishib, urushga yakun yasagan edi.

Tahlilchilar fikricha, kambag’allik va diniy guruhlarga bosim radikal islomning avj olishiga turtki bermoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG