Breaking News

Tojikistonda farzand tarbiyasiga doir qonun qabul qilinishi mumkin


Tojikistonda farzand tarbiyasiga doir qonun qabul qilinishi mumkin
Tojikistonda farzand tarbiyasiga doir qonun qabul qilinishi mumkin

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon o’tgan yili “Ota-onalarning farzandlar ta’lim-tarbiyasidagi mas’uliyati to’g’risida” yangi qonun loyihasini xalq muhokamasiga qo’ygan edi.

Davlat ommaviy axborot vositalarida keng targ’ib qilinayotgan bu hujjatda farzand tarbiyasida ota-onaning rolini yanada oshirish ta’kidlanadi.

Mustaqil ekspertlarga ko’ra, Tojikiston hukumati bu bilan yoshlarni qattiqroq nazorat qilish va diniy aqidaparastlikdan saqlashga intilmoqda.

Bundan bir yil muqaddam Rog’un GESi qurilishi munosabati bilan axborot vositalari faqatgina shu mavzuni har kun qayta-qayta takrorlardi. Hozir GES go’yo unutilgandek.

Butun e’tibor “Ota-onalarning farzandlar ta’lim va tarbiyasidagi mas’uliyati to’g’risida”gi yangi qonun loyihasida.

Besh bob va 13 moddadan iborat bu hujjat Tojikiston jamoatchiligi orasida turlicha munozaralrga sabab bo’lmoqda.

Qonun loyihasi 18 yoshga to’lmaganlarning tun paytida (soat 22:00 dan tonggi 6:00 gacha) bar-diskotekalarda, kompyuter markazlari va jamoat joylarida bo’lishini man etadi.

Ularning diniy birlashmalar va azadorlik tadbirlaridan tashqari diniy marosimlarda ishtirok etishlariga yo’l qo’ymaydi. 15 yoshga to’lmaganlarning savdo-sotiq ishlariga jalb qilinishini taqiqlaydi.

O’qituvchi Lola Gadoyboyeva hozirgi davr, sharoit shunday qonun ishlab chiqilishiga turtki bo’ldi deb hisoblaydi. O’quvchilarning diskotekalarda bo’lishi, kechki vaqtda har xil tadbirlarda ishtiroki, sog’lig’i og’ir mehnatni ko’tarmaydigan bolalarni ishga jalb etmaslik qonun bilan chegaralanishi to’g’ri, deydi u.

“Hattoki ta’lim-tarbiya olishida agar iqtisodiy jihatdan ta’minlanmagan oila bo’lsa yoki nosog’lom ota-ona bo’lsa, sog’liqni saqlash muassasalari vazifador qilinmoqdaki, shularni davolab, ishlamasa ishga kirgizib, shundan chiqarilgan mablag’ bilan farzand ta’lim olsin, tarbiya olsin. Ko’p odamlarga, ayniqsa ziyolilarga bu juda ma’qul. Chunki farzandlar kamoli albatta ota-onalar javobgarligi bo’ynidadir deb hisoblaymiz”.

Tojikiston Islom uyg’onish partiyasi faollaridan biri Abduvosit Rayimqulov yangi qonun loyihasi bilan tanishib chiqarkan, demokratik mamlakatda bunday qonun-qoida chiqarish aqlga sig’maydigan narsa, deydi.

“Nega aynan Tojikistonda bu narsa bo’lishi kerak? 98 foiz aholisi musulmonlar yashovchi mamlakatda bu qonunning 7-moddasi 28 bandida islomga zid qonun qabul qilinmoqda. Ya’niki, 18 yoshga kirmagan farzandlar maschitlarga bormasligi. Bu nima degan gap? Yana bir joyi, milliy ismlarni qo’yish to’g’risida. Men farzandimga o’zim istagan ismni qo’ya olmaymanmi? Qanday qonunki bu, ozod, demokratik mamlakatni qoida-qonuniga hech to’g’ri kelmaydigan narsa bular”, - deydi Rayimqulov.

Islom partiyasi faoliga ko’ra, maktabda libos masalasida ham milliy aqida va udumlardan kelib chiqib kiyim tanlash maqsadga muvofiq bo’ladi.

Qishloqlik bir nomozxon, o’zbek ziyolisi bunday qonun tarafdori ekanini aytadi.
“Hattoki qush o’z avlodi uchun qayg’uradi, palaponlari uchirma bo’lgancha bu tabiiy narsa. Davlat qonun chiqaribdi, mayli xursandmiz”, - deydi suhbatdosh.

“Lekin o’zimizni davlat chiqargan konstitutsiya qonunlarini ba’zi bir moddalariga zid chiqib qoladigan joylari ham bor. Misol uchun din erkinligini oladigan bo’lsak, diniy erkinligimiz bu yerda chegaralanib qolyapti. Nima uchun bolalar balog’at yoshigacha maschitlarga bormasin? Islomda 9-12 yoshdan namoz farz qilinadi. Hukumat Allohga qarshi boryapti”.

Ayrim tahlilchilar esa bu qonun loyihasini yoshlarni islomdan qaytarishning bir uslubi sifatida talqin etadi. Nomozxon ziyoli bunday fikrga qo’shilishini bildiradi.

“Loyihadan shu mazmun kelib chiqadi. Qonun bo’yicha olinadigan bo’lsa, demak balog’at yoshigacha bolalar maschitga bormaydi. Demak, Allohni ilmidan, haqiqiy islomdan bexabar. Institutga kirdi, u yerda taqiq yana davom etadi. Qarabsizki, biz to qari chol bo’lganimizcha islomdan bexabar o’tishimiz kerak ekanda? Undan keyin qanday qilib bolalarimizni har xil guruhlardan, oqimlardan saqlay olamiz? Kim kafolat beradiki, dindan shuncha bexabar bo’lgan bolalar ertaga ekstremistik guruhlarga qo’shilmaydi deb? Hech kim kafolat berolmaydi”.

Bir tojik jurnalisti fikricha, arab davlatlaridagi to’s-to’polonlardan so’ng ehtimol hukumat bu qonun qabul qilinishini bir oz kechiktirishi mumkin.

“Chunki aholisi musulmon bo’lgan bir necha davlatlardagi inqilobiy o’zgarishlar rahbarlarimizga oz bo’lsada, ta’sir etganiga shubha qilmayman”, - deydi u.

Siyosatshunos Abdujabbor Yo’ldoshevga ko’ra, bugungi sharoitda shunday qonun zarur. Uning aytishicha, xalq avvaliga qarshi bo’lsada, sekin-asta shu narsaning kerakligini tushunib yetadi.

“Biz bu qonun qabulidan hech narsa yutqazmaymiz, u bizga foydali bo’ladi”.

XS
SM
MD
LG