Breaking News

Xalqaro tashkilotlarga a’zolikdan Tojikistonga nima naf?


Xalqaro tashkilotlarga a’zolikdan Tojikistonga nima naf?
Xalqaro tashkilotlarga a’zolikdan Tojikistonga nima naf?

Markaziy Osiyoning eng qashshoq va korrupsiyalashgan jamiyati sifatida tilga olinadigan Tojikiston o’nlab tashkilotlarga a’zo.

Keyingi yillarda bu davlat Jahon Savdo Tashkilotiga kirishga ham intilmoqda. Jamoatchilik, xususan ziyolilar bundan nima foyda degan savolni o’rtaga tashlaydi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi maydoni, umuman regiondagi tashkilotlardan Tojikiston ko’mak ololmayotir. Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti kabilardan naf yo’q, deydi ular.

Olim Ilhom Yusupov nazarida ularga a’zolik va targ’ibot uchun Tojikiston ortiqcha mablag’ sarflamoqda.

“Va’dalar faqat qog’ozda qolib ketayotganini ko’ryapmiz xolos”,- deydi u.

O’qituvchi Аbdurashid Burgutov Tojikistonga xalqaro tashkilotlar berayotgan qarzlardan tashvishlanish kerak deb hisoblaydi.

“Xalqaro tashkilotlar katta yordam berayotgandek bo’lib ko’rinadi-yu, lekin bular ham qarzda, uni qaytarish kerak. O’zbeklarda, umuman musulmon xalqida “ozgina bo’lsayam g’am yomon, bir tanga bo’lsayam qarz yomon” degan naql bor”, - deydi u.

Gruziya va Qirg’izistondagi voqealardan so’ng Kollektiv Xavfsizlik Tashkilotiga ishonmay qo’ydim deydi ayrimlar
Gruziya va Qirg’izistondagi voqealardan so’ng Kollektiv Xavfsizlik Tashkilotiga ishonmay qo’ydim deydi ayrimlar

O’zini Yusufjon deb tanishtirgan advokat Gruziya va Qirg’izistondagi voqealardan so’ng Kollektiv Xavfsizlik Tashkilotiga ishonmay qo’ydim deydi. Uningcha, mamlakat birligiga raxna soluvchi hodisalarga shartnoma a’zolari go’llik bilan qaragan.

Dotsent Ilhom Yusupov mintaqaviy tashkilotlar dunyo miqyosida emas, aqalli mahalliy muammolarni hal qilolmayotgani uchun ularga ishonmasligini ta’kidlaydi.

“Oddiy xalqqa umuman foydasi yo’q deb oy’layman. Masalan, bojxona ittifoqlari yoki boshqa tuzumlarni ko’radigan bo’lsak, biror davlat bilan chegarani ochib qo’yish, bir-biri bilan bordi-keldini mustahkamlash hollari yo’q”, - deydi domla.

Shoir Yoqubjon Ochilov Tojikiston a’zolik qanaqa tashkilot bo’lishiga bog’liq deydi.

“Hamma narsani do’stlik, hamjihatlik hal qiladi. Oila a’zolari ahil bo’lsa, boshqa tomondan hech bir tazyiq bo’lmaydi”.

Mustaqil “Faraj” gazetasida ishlovchi jurnalist fikricha, Tojikistonning shimolga yoki sharqqa emas, aynan G’arbga moyilligi jamiyat uchun foydali bo’ladi.

“Sharqiy Yevropa mamlakatlarining aksari G’arbni tanlab, yangi hayotga o’tdi. Biznikilar esa haligacha eskicha aqidadan yuz o’girolmayotir”, - deya mulohaza yuritadi jurnalist.

XS
SM
MD
LG