Breaking News

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti G'arbga qarshi ittifoqqa aylanmoqda


Xitoy, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari terrorga qarshi eng katta harbiy mashqlarni boshlamoqda. Unda bu mamlakatlardan 6 ming askar ishtirok etadi.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti deya tanilgan bu guruh, deydi tahlilchilar, G’arbga qarshi ittifoqqa aylanmoqda. Eron ham bu tashkilotga qo’shilish niyatida.

Tinchlik Missiyasi-2007 deb nomlangan mashqlarda Xitoydan 1600 harbiy, Rossiyadan – 2000, shunindek, Qirg’iziston, Qozog’iston, Tojikiston va O’zbekiston mudofaa kuchlari qatnashadi. Mashqlar Rossiyada va Xitoyning Shinjon viloyatida o’tadi.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti 2001 yilda tuzilganidan beri, aksil-terror mashqlari bu ko’lamda o’tkazilmagan.

Tahlilchilar nazarida, Shanxay ko’proq AQSh nufuzini pasaytirishga qaratilgan ittifoqqa aylanmoqda. Ikki yil oldin tashkilot AQSh va NATO qo’shinlaridan Markaziy Osiyoni tark etish muhlatini belgilashni talab qilgan edi. O’zbekiston hukumati ham AQSh qo’shinini Xonobod bazasidan chiqarib yuborgan.

Kuzatuvchilar fikricha, Rossiya Shanxayni NATOga o’xshash tashkilotga aylantirmoqchi. Kremlning o’zi AQShning Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini o’rnatishiga qarshi.

Rossiya Shanxay tashkilotiga Eronni ham qo’shishga undamoqda. Eron ayni paytda kuzatuvchi maqomiga ega. Agar qo’shilsa, Shanxay G’arbga qarshi tashkilot degan tasavvur yanada kuchayadi.

Ammo tashkilotning yana bir nufuzli a’zosi - Xitoyning boshqa rejalari borga o’xshaydi.

Siyosatshunos Mark Katz fikricha, Xitoy Shanxayga a’zo davlatlar orasida iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirmoqchi bo’lsa, Rossiya ko’proq harbiy omillarga urg’u beradi.

Rasmiy Moskva Eronni tashkilot a’zosiga aylantirib AQSh bilan aloqalarini yanada sovuqlashtirishdan cho’chimaydi, Xitoy esa AQSh bilan do’stona munosabatlarini saqlab qolmoqchi, deydi tahlilchi.

Mintaqa xavfsizligi masalasi ham Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo ba’zi davlatlar fikrini o’zgartirishi mumkin. Afg’onistonda Tolibon jonlangani xususan Tojikiston va O’zbekistonni tashvishlantiradi.

Yaponiyalik olim Ivashita Akixiro nazarida, shu bois, AQSh harbiylarining mintaqada qolishiga qarshilik kamaysa ajabmas.

"Afg’onistonda ahvol salbiylashar ekan, unga qo’shni davlatlarni ekstremizm xavfi tashvishga solyapti. Bu esa AQSh va g’arb davlatlari bilan aloqani tiklashga olib keladi," - deydi mutaxassis.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurash lozimligi borasida hamfikr.

Xitoy Shinjon viloyatidagi musulmon uyg’urlar orasida bo’lginchi kayfiyat avj olayotganini aytadi. Rossiya Chechenistondagi urushni davom ettiryapti. O’zbekiston hukumati esa 2005 yili Andijondagi qonli namoyishga ekstremist guruhlar boshchilik qildi, degan fikridan qaytgani yo’q.

Shanxay tashkiloti tarixidagi eng katta harbiy mashqlar, deydi tahlilchilar, uning barcha a’zolari manfaatini qondiradi.

XS
SM
MD
LG